O‘zbekiston | 20:23 / 24.01.2025
6222
2 daqiqa o‘qiladi

Yangi quriladigan barcha kvartiralar markazlashgan issiqlik ta’minotiga ulanadi - Qurilish vazirligi

Vazirlikning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, joriy yildan boshlab yangi ko‘p qavatli uylarning barchasi yo hududda mavjud qozonxonaga ulanadi, yoki alohida yangi qozonxonalar quriladi. Yangi Toshkentda qurilayotgan ko‘p qavatli uy-joylarda esa isitish va sovitish uchun markazlashgan trigeneratsiya tizimidan foydalaniladi.

Foto: Kun.uz

23 yanvar kungi prezident selektorida bu yil 135 mingta xonadonli ko‘p qavatli uylarni markazlashgan holda isitiladigan, ovqat pishirish esa elektr plitasi orqali bo‘ladigan qilib qurish zarurligi ta’kidlandi.

Qurilish va uy-joy kommunal vazirligining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, 2025 yilda respublikada aynan 135 mingta xonadonli yangi turar joylar quriladi va ularning barchasi markazlashgan issiqlik ta’minotiga ulanadi.

Vazirlikning ma’lum qilishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida joriy yilda 120 mingta xonadonli, Yangi Toshkent hududida 15 ming xonadondan iborat ko‘p qavatli uylar qurilishi hisob-kitob qilingan.

“Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish bo‘yicha 2021 yil 9 dekabrda imzolangan prezident farmoniga asosan, “Yangi O‘zbekiston” massivlarida ko‘p qavatli uy-joylar, muhandislik-transport kommunikatsiyasi, ijtimoiy soha, ishlab chiqarish, savdo va xizmat ko‘rsatish obektlari kompleks tarzda qurilishi belgilangan. Shuni inobatga olib, “Yangi O‘zbekiston” massivlarida barpo etilayotgan 29 mingta xonadondan iborat ko‘p qavatli uylar markazlashgan issiqlik ta’minoti bilan ta’minlanadi, deyiladi vazirlik izohida.

Shuningdek, Yangi Toshkentda barpo etilayotgan 15 mingta xonadondan iborat ko‘p qavatli uylarni isitish va sovitish markazlashgan trigeneratsiya tizimi orqali amalga oshiriladi.

Vazirlikning qayd etishicha, respublikaning uy-joylarga talab yuqori bo‘lgan hududlarida 91 mingta xonadondan iborat ko‘p qavatli uylar qurilishi rejalashtirilmoqda. Mavjud markazlashgan qozonxonalar orqali issiqlik energiyasini yetkazib berish imkoniyati bo‘lgan hududlardagi yangidan qurilayotgan ko‘p qavatli uylarni markaziy qozonxonalarga ulash bo‘yicha tegishli texnik shartlar olinib, markazlashgan issiqlik ta’minoti bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.

Mavjud markaziy va mahalliy qozonxonalarga ulash imkoniyati bo‘lmagan yangidan qurilayotgan ko‘p qavatli uylar uchun alohida qozonxonalar quriladi.

Mavzuga oid