Jahon | 22:48 / 25.01.2025
9845
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina hech qachon NATO a’zosi bo‘lmaydi - Fitso

Slovakiya bosh vaziri taslim bo‘lishni istamagani va qurolli qarshilik yo‘lini tanlagani uchun Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiyni tanqid qildi.

Foto: TASR/Jaroslav Novák

Ukraina hech qachon NATO a’zosi bo‘lmaydi va Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishda ham muammolarga duch keladi. Bu haqda Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso mahalliy radioda aytib o‘tdi.

Fitso taslim bo‘lishni istamagani va qurolli qarshilik yo‘lini tanlagani uchun Volodimir Zelenskiyni tanqid qildi.

«Urush 2022 yil aprelida, tinchlik kelishuvi muhokama qilinayotgan paytda tugashi mumkin edi. Biroq G‘arb Ukrainaga shartnomani imzolashiga to‘sqinlik qildi», dedi Slovakiya bosh vaziri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina hozir urush tufayli halokatli istiqbollarga duch kelmoqda.

«Ukraina hududining uchdan bir qismi Rossiya nazorati ostida bo‘ladi, Ukraina hech qachon NATO a’zosi bo‘lmaydi. Va oxirgi paytlarda ko‘plab siyosatchilarning bayonotlarini tinglaganimda, Ukraina Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishda juda katta muammolarga duch kelishini anglayapman», dedi u.

Shu bilan birga, Fitso Yevropa Ittifoqini kengaytirish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashini va ma’lum shartlarni bajargan har bir davlat, jumladan, Ukraina ham Yevropa Ittifoqining bir qismi bo‘lish huquqiga ega ekanini ta’kidladi.

2022 yil bahorida muzokaralar olib borilgan «tinchlik shartnomasi» haqiqatda Ukrainaning taslim bo‘lishini nazarda tutgan edi. Xususan, Rossiya keyinchalik Ukraina Qurolli kuchlarini sezilarli darajada qisqartirishni talab qildi. Moskva, shuningdek, Ukraina uchun neytral maqom talab qilib, G‘arbning Ukrainaga ko‘rsatayotgan yordamiga veto qo‘yish huquqini qo‘lga kiritmoqchi edi. Shuningdek, Qrim va Donbass butunlay Rossiyaga berilishi kerak edi.

Mavzuga oid