Tramp g‘azoliklarni boshqa davlatga ko‘chirmoqchi. Bu qanchalik real?
Donald Trampning G‘azo aholisini ko‘chirish taklifi ortidan, Hamas musulmon dunyosiga murojaat qildi. Tramp tilga olgan Misr va Iordaniya yakka holda rad javobini berdi, ammo mintaqa davlatlaridan yakdil koalitsion bayonotlar bo‘lmadi. Kun.uz mavzu borasidagi savollar bilan siyosiy tahlilchilar Kamoliddin Rabbimov va Fazliddin Madiyevga murojaat qildi.
— Donald Trampning G‘azo aholisini Iordaniya va Misrga ko‘chirish taklifini qanday izohlash mumkin?
Fazliddin Madiyev: Trampning bu taklifi borasida butun dunyo bo‘ylab turli bahs-munozaralar ketyapti, lekin bu yangilik emas. Uning birinchi vakolat muddatida ham bunday fikrlar yangragan, hatto Tramning o‘zidan ham eshitganmiz. Biroq o‘sha vaqtda bu ish amalga oshirilmagan, hozir esa bu taklif katta ehtimol bilan, izchil reja asosida amalga oshiriladi. Chunki G‘azo hududida ko‘p odam qolgani yo‘q. Bu yerdagi 1,5-2 million kishini ko‘chirish Amerika yoki Isroil hukumatiga juda katta muammo tug‘dirmaydi, chunki ularda bunga kuchli xohish-istak bor. Ular vaziyatni shu nuqtaga olib kelish uchun harakat qilishdi.
AQShning ichkarisidan chiqayotgan ma’lumotlarga qaraganda, Tramp Amerikaning xaritada ko‘zga tashlanmas imperiyasi hududlarini tashkil qilish ustida ishlayapti va bu taklif ham aynan shunga qaratilgan. Aholini ko‘chirish jarayoni AQSh va Isroil hukumatlariga qiyin bo‘lmasligi mumkin, lekin mahalliy aholi uchun bu juda og‘riqli jarayon, shu sababli bu taklifni amalga oshirish chog‘ida yana qon to‘kilishi holatlari kuzatilishi mumkin.
Isroilning o‘ta o‘ng qarashdagi siyosatchilari Trampning bu taklifidan nihoyatda mamnun bo‘lib, unga tashakkur ham aytishdi.
— Hamasning musulmon dunyosiga murojaatidan keyin, arab va musulmon davlatlari yagona pozitsiyani ko‘rsatdimi?
Kamoliddin Rabbimov: Arab davlatlari hozircha birlashgan holda jiddiy bayonotlar bergani yo‘q, lekin musulmon dunyosining bu boradagi pozitsiyasi aniq: hech bir musulmon davlati bu taklifga rozi bo‘lmaydi.
Avvaldan ma’lumki, Tramp – haddan tashqari isroilparast, xristian sionisti. O‘zi xristian diniga e’tiqod qilishiga qaramay, yahudiylarni xristian dunyosi uchun juda muhim sanaydi. Qolaversa, u oilaviy darajada ham yahudiylarga bog‘langan. Oxirgi saylov jarayonlarida ham aynan yahudiy milliarderlarning ko‘pi Trampni qo‘llab-quvvatladi.
Tramp har doim islomofobiya qarashlariga ega siyosatchi bo‘lgan, faqatgina ayrim arab davlatlari bilan foyda ko‘rish imkoniyatini saqlab qolish maqsadidagina yaxshi munosabatda bo‘ladi. Uning siyosiy “fishka”si – qattiq qo‘rqitish va shu orqali o‘z rejalarini amalga oshirishga asoslangan.
Donald Tramp va Isroil o‘rtasida avvaliga inauguratsiyani kutish, so‘ng siyosiy texnologiyalar asosida G‘azoni bosqichma-bosqich qo‘lga kiritish borasida norasmiy kelishuv bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Tramp lavozimga kirishganidan bir kun o‘tar-o‘tmay, G‘azo juda ham yaxshi joy, dengizga yaqin, ob-havosi tozaligi haqida gapirganidan shubhalana boshlagandim. Mana, oradan ko‘p o‘tmadi...
G‘azoni etnik tozalash va aholisini qo‘shni davlatlarga ko‘chirib yuborish – xalqaro huquq nuqtayi nazaridan, bitta davlatni to‘liq demontaj qilish, eng katta jinoyat. Donald Tramp ko‘zini chirt yummasdan mana shunday jinoiy bayonotlarni beryapti. Amerika davlatchiligi albatta buning tarixiy oqibatlari qoladi. Musulmon dunyosi allaqachon ko‘zini ochishi kerak edi. Musulmon mamlakatlari o‘z siyosiy tizimlari orqali xalq bilan davlatchilikni jipslashtirib, qudrat yaratishda judayam oqsayapti.
— Arab va musulmon davlatlari Trampning mazkur bayonotiga keskin reaksiya bildirishi kerak emasmi? Masalan, Saudiya Arabistoni AQShga katta miqdorda investitsiya kiritmoqchi, ya’ni richaglari bor-ku?
Kamoliddin Rabbimov: AQShdagi respublikachilar, xususan Donald Tramp bilan Saudiya Arabistoni juda iliq munosabatlarga ega. Saudiya Arabistoni Trampning tilini yaxshi biladi, Tramp ham Saudiyani yaxshi tushunaman deb o‘ylaydi. Biznes nuqtayi nazaridan, ular o‘rtasida yaqinlik shakllangan.
Jo Bayden hokimiyatga kelayotgan paytda u Saudiya bo‘yicha Jamol Qoshiqchi va boshqa sabablar bilan qattiq bayonotlar bergan edi. U prezidentlikka kelganidan keyin Saudiya–Amerika munosabatlari juda pasayib ketdi va munosabatlarni normallashtirish uchun ikki yil ketdi. Donald Tramp va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi munosabatlar esa juda ijobiy. Saudiya Falastin sabab Tramp bilan munosabatlarni yomonlashtirishni istamaydi. Falastin mojarosi boshlanganida dastlab Saudiya bu masalaga aralashmadi, Ibrohim kelishuvlariga qaytamiz degan pozitsiyada turdi, lekin musulmon davlatlarining bosimi natijasida keyinchalik Saudiya o‘zining bu boradagi e’tirozlarini yuqori darajaga olib chiqdi.
Yana bir omil – ayrim arab davlatlarining Hamasga bo‘lgan sovuq munosabati. Shuning uchun ham ular Hamasning murojaatiga labbay deb javob bergani yo‘q.
G‘azoliklarni ko‘chirishni mintaqadagi hech bir davlat qo‘llab-quvvatlamaydi. Ko‘ramiz, Netanyahu kelasi hafta Vashingtonga borishi kerak. Menimcha, yashirin kelishuvlar albatta bo‘ladi. Tramp katta kelishuvlarni bosqichma-bosqich, yashirib qilyapti. U AQShning o‘zi ham tarafdori ekanini aytib kelgan “ikki davlat” konsepsiyasidan to‘liq voz kechyapti.
— Tramp G‘azoning 1,5 million aholisini ko‘chirish haqida gapirdi. Lekin u yerdagi falastinliklar soni bundan ko‘proq. Aynan 1,5 million deyilishining biror sababi bormi?
Fazliddin Madiyev: Bizda G‘azo aholisi soni haqidagi xolis va haqqoniy ma’lumotlarni olish imkoni yo‘q. U yerdan olinayotgan ma’lumotlarning aksariyati aynan Isroil tomonidan tarqatiladi. Lekin sektor aholisi soni 2 milliondan ortiq ekani haqiqatga yaqin.
G‘azo biznes nuqtayi nazaridan ideal hudud sifatida baholanmoqda. Shunday ekan, aholini ko‘chirishda boy tadbirkorlarning yordamidan foydalanilishi ham mumkin. Bu hudud hozir yashash uchun yaroqsiz ahvolga kelgan, shu sababli aholini ixtiyoriy-ko‘ngilli ravishda ko‘chirish katta muammo keltirib chiqarmaydi, degan versiyalar ham yangramoqda.
Bundan tashqari, Amerika va Isroil bu mintaqada Turkiyaning manfaatlarini cheklash ustida ham jiddiy harakatlar olib bormoqda. Chunki Turkiya ham bu hududga o‘z ta’sirini kuchaytirish borasida harakatlarni boshlagan edi.
— Bu masala nega aynan Misr va Iordaniyaga taklif etildi?
Kamoliddin Rabbimov: Arab-Isroil urushlarida Falastin aholisi asosiy ikkita davlatga chiqib ketgan: Iordaniya va Misr. Shu tarixiy omil tufayli ham AQSh shu ikki davlatga “g‘azoliklarni sizlar olinglar” deb taklif qilyapti. Arab davlatlari hech qachon bu narsaga rozi bo‘lmaydi.
Tramp buni amalga oshirish uchun urush qilishga bormaydi, lekin nazarimda, asosiy provokatsiya baribir Isroil tomonidan bo‘ladi. Hali urush tugagani yo‘q, faqat taktik jihatdan pauza holatiga qo‘yildi. Isroilning maqsadi G‘azodan aholini to‘liq siqib chiqarish u yerni o‘zlashtirish edi. Misr eng qirg‘inbarot kunlarda ham Rafahdagi chegarani ochmagan edi, chunki aholi bir chiqqanidan keyin ularni Isroil qaytib kiritmaydi.
Menimcha, arab davlatlari, musulmon dunyosi yig‘ilib, Trampga qattiq yo‘q demaydi. U bilan munosabatlarni saqlab qolish uchun ohista yo‘q degan javob aytiladi.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Tavsiya etamiz
O‘zbekistonda mahsulotlar va xizmatlarni «Halol» belgisi bilan tamg‘alashga ruxsat beriladi
O‘zbekiston | 23:43 / 02.02.2025
Leviafanga qarshi oligarx: nega Ilon Mask «Yevropaga asil buyukligini qaytarish»ga ahd qildi?
Jahon | 20:34 / 02.02.2025
Trampdan yangi «shou», HAMASda yangi taktika, AQShni «sindirgan» Xitoy – hafta dayjesti
Jahon | 16:07 / 02.02.2025
“Uyda o‘tira olmayman” - Qumtepa bozorida savdo qilayotgan 81 yoshli otaxon
Jamiyat | 14:44 / 02.02.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Markaziy bankning oltin quymalari narxi rekord darajada oshdi
Iqtisodiyot | 16:20
-
2024 yilda O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 8,9 foizga tushdi
O‘zbekiston | 16:17
-
O‘zbekiston fuqarolari Rossiyaning Primorsk o‘lkasiga ishga jalb qilinadi
O‘zbekiston | 16:04
-
O‘zbekistonlik yigit Spark’da Yevropaga safar qildi
O‘zbekiston | 15:48
Mavzuga oid
14:17
Yevropa Ittifoqi Donald Trampni bojxona to‘lovlari bo‘yicha tanqid qildi
13:47
Tramp Kanada, Meksika va Xitoy tovarlariga yuqori bojlar joriy qilib, yangi savdo urushini boshladi
08:10
Tramp va Mask USAID'ni tanqid qildi
22:05 / 02.02.2025