Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
G‘azo urushining yetimlari, Suriyaning yangi prezidentiga aylangan ash-Shar’a va Rossiyaga dronlar galasi hujumi - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
G‘azodagi urush oqibatlari
Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yil oktyabridan buyon G‘azoda davom etayotgan harbiy harakatlar 38 ming 400 bolani ota-onasiz qoldirdi.
Vazirlik vakili Zohir al-Vohidiyga ko‘ra, 32 ming 151 bola otasini, 4 ming 417 bola onasini yo‘qotgan. 1918 bola esa ham otasi, ham onasidan ayrilgan. Shuningdek, 13 ming 901 ayol beva qolgan.
Isroilning hujumlari natijasida falastinlik 2092 oila butunlay yo‘q qilingan, ularning fuqarolik ro‘yxatidan ham nomlari o‘chgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 47 ming 300 falastinlik, asosan ayollar va bolalar halok bo‘lgan. Shu bilan birga, 10 mingdan ortiq kishi vayronalar ostida qolgan bo‘lib, ularni qidirish ishlari davom etmoqda.
«Hizbulloh»: Isroil 1350 marta shartlarni buzdi
«Hizbulloh» yetakchisi Naim Qosim o‘z chiqishida Isroilning janubiy Livandan qo‘shinlarini olib chiqish muddatini uzaytirish taklifini rad etdi.
«Shartnoma muddati yakshanba kuni tugadi va uni uzaytirish uchun hech qanday asos yo‘q», — dedi u. Qosim Isroilni 1350 marta otishni to‘xtatish shartlarini buzganlikda aybladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, «Hizbulloh» Livan hukumati iltimosiga binoan, Isroilning hujumlariga javob qaytarmay turibdi. Shuningdek, u Isroil harakatlari oqibati uchun mas’uliyat BMT, AQSh, Fransiya zimmasida ekanini ta’kidladi.
Livan sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, yakshanba va dushanba kunlari Isroil hujumlari natijasida 24 kishi halok bo‘lgan, 141 kishi yaralangan.
Tramp Suriyadan qo‘shinlarni olib chiqadimi?
AQSh prezidenti Donald Tramp Suriyadagi harbiy hozirligini keskin kamaytirishni rejalashtirmoqda. Isroilning Kan telekanali manbalariga ko‘ra, Vashington bu haqda Tel-Avivni xabardor qilgan.
Hozirda Suriyada taxminan 2000 nafar amerikalik askar joylashtirilgan. AQSh qo‘shinlarining chiqib ketishi Isroil xavfsizligiga tahdid solishi mumkinligi ta’kidlanmoqda.
Shuningdek, Isroil mudofaa vaziri Israel Kats Ash-Shayx tog‘ida Isroil qo‘shinlari Suriyada «muddatsiz» qolishini ma’lum qildi.
Dekabr oyida Isroil armiyasi Suriya harbiy obektlariga yirik havo hujumlari uyushtirdi va bu xalqaro tanqidlarga sabab bo‘lgan edi. Tel-Aviv shuningdek, 1974 yilgi bitimni bekor qilib, Jo‘lan tepaliklaridagi qurollardan xoli hududga qo‘shinlarini joylashtirdi.
Bu orada Suriya ma’muriyati rahbari Ahmad ash-Shar’a mamlakatning o‘tish davridagi prezidenti sifatida e’lon qilindi.
Yangi hukumat, shuningdek, oldingi konstitutsiya bekor qilinishi va parlament tarqatib yuborilishini e’lon qildi. Barcha xavfsizlik xizmatlari va qurolli tuzilmalar tarqatiladi — ularning o‘rniga fuqarolar xavfsizligini ta’minlaydigan yangi tuzilma paydo bo‘ladi.
AQSh Senati Haaga sudini qo‘lladi
AQSh Senati 28 yanvar kuni respublikachilar tomonidan taklif qilingan Xalqaro jinoiy sudga qarshi sanksiyalarni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlamadi.
Loyiha Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Gallant ustidan chiqarilgan hibsga olish orderiga javob sifatida ishlab chiqilgan edi.
Respublikachilar tashabbusi 54 ovoz jamg‘ardi, ammo qonun qabul qilinishi uchun 60 ovoz kerak edi. Demokratlarning aksariyati loyihaga qarshi chiqdi.
Qonun Isroil yoki AQSh fuqarolariga qarshi tergov o‘tkazgan har qanday xorijiy shaxsga qarshi sanksiyalar joriy etishni nazarda tutardi.
Biroq demokratlar hujjatni juda keng qamrovli deb hisoblab, u xalqaro munosabatlarga jiddiy ta’sir qilishi mumkinligini aytdi.
Lekin Donald Tramp Kongress tasdig‘isiz ham Haaga sudiga qarshi sanksiyalarni prezident farmoni orqali kiritish imkoniyatiga ega.
Putin: «Muzokaralarga ochiqmiz, lekin Zelenskiy nolegitim»
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan muzokara o‘tkazishga tayyorligini bildirdi, lekin uning legitimligini tan olmasligini aytdi.
«Muzokaralar har qanday odam bilan o‘tkazilishi mumkin, lekin anavi odam [ya’ni, Zelenskiy] nolegitim. Agar u muzokaralarda ishtirok etmoqchi bo‘lsa, biz unga mos keladigan vakillarni tanlaymiz», — dedi Putin.
Putinga ko‘ra, Ukraina muzokaralardan oldin 2022 yil oktyabrida qabul qilingan o‘zi bilan muzokaralarni taqiqlovchi qarorni bekor qilishi kerak. «Buni faqat Ukraina parlamenti raisi amalga oshirishi mumkin», dedi Putin.
Shuningdek, u odatiy tarzda G‘arb mamlakatlarini Ukrainani urushni davom ettirishga «majburlayotganlikda» aybladi. Putinga ko‘ra 2022 yil bahorida Rossiya Kiyevdan o‘z qo‘shinlarini olib chiqqach, Yevropa yetakchilari tinchlik kelishuvi imzolanishini kafolatlagan, ammo bu va’da bajarilmagan.
Zelenskiy muzokaralarga taqiq qarori faqat boshqa rasmiylarga tegishli ekanini, ammo uning o‘zi bunday qaror qabul qilish huquqiga ega ekanligini aytgan.
Rossiyada dronlar galasi hujumi
Rossiya hududiga 2025 yil boshidan beri ikkinchi eng yirik dron hujumi amalga oshirildi. Rossiya rasmiylari 104 ta zarbdor dron tutib olingani haqida xabar berdi.
Nijniy Novgorod oblastida dron hujumidan so‘ng Kstovo shahridagi sanoat hududida yirik yong‘in kelib chiqqan. Hujumda jumladan, «Lukoyl-Nijyegorodnefteorgsintez» neft zavodi nishonga olingan. Bu korxona 2024 yil bahorida ham hujumga duchor bo‘lgan va ta’mirlash ishlari ikki oy davom etgan.
Smolensk oblastida hujum nishonlaridan biri gubernator Vasiliy Anoxinga ko‘ra, atom elektr stansiyasi bo‘lgan. Chunki stansiya yaqinida dron urib tushirilgan.
Rossiya mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 104 drondan 47 tasi Kurskda, 27 tasi Bryanskda, 11 tasi Smolenskda, qolganlari esa 6 ta boshqa hududda yo‘q qilingan.
AQSh Ukrainaga harbiy yordamni to‘xtatdi
AQSh prezidenti Donald Tramp Ukrainaga harbiy va iqtisodiy yordamni to‘xtatish haqida qaror chiqardi. The Washington Post nashriga ko‘ra, Trampning qarori Kiyevga ajratilayotgan mablag‘larni muzlatib qo‘ydi, shu jumladan, USAID dasturi orqali moliyalashtirilayotgan loyihalar ham to‘xtatildi.
Amerika tomonidan moliyalashtirilgan veteranlarni qo‘llab-quvvatlash markazlari, maktab va tibbiy yordam dasturlari faoliyati tugatildi. USAID 2022 yildan beri Ukrainaga 30 mlrd dollar ajratgan edi.
Biroq Ukraina davlat xizmatchilarining maoshlari uchun ajratilgan mablag‘lar hozircha saqlab qolindi. Ayrim manbalarga ko‘ra, yordam muzlatilgani bilan ular butunlay bekor qilinishi haqida hozircha aniq ma’lumot yo‘q.
Ukrainalik veteranlarga yordam markazlari ham yopila boshladi. Mablag‘lar tugatilgani sababli 30 nafar xodim ishdan bo‘shatildi va psixologik hamda huquqiy yordam taqchillashib bormoqda.
Ukraina rasmiylari bu holatni ochiq muhokama qilishdan cho‘chishmoqda, chunki bu Vashington bilan munosabatlarga salbiy ta’sir qilishi mumkin. AQSh rasmiylari yordam faqat 90 kunga to‘xtatilganini aytmoqda, biroq u qayta tiklanishi hozircha dargumon.
Oq uy jurnalistlarni javobgarlikka tortadi
AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati ommaviy axborot vositalarini yolg‘on xabarlar uchun javobgarlikka tortish niyatida. Oq uyning yangi matbuot kotibi Karolin Levitt o‘zining birinchi brifingida shu haqda e’lon qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Trampga qarshi yolg‘on tarqatgan an’anaviy media kompaniyalar endi ma’muriyatning qattiq munosabatiga duch keladi. Har bir dezinformatsiya holatiga qarshi choralar ko‘rilishi ta’kidlandi.
Shuningdek, Tramp ma’muriyati Oq uyga kirish tizimini o‘zgartiradi. Yangi qoidalarga ko‘ra, blogerlar, podkasterlar va mustaqil jurnalistlar ham rasmiy akkreditatsiya olish imkoniga ega bo‘ladi.
Levitt Trampni «Amerika tarixidagi eng shaffof va ochiq prezident» deb atadi.
GFR: Kanslerlikka nomzod tanqid ostida
Germaniyada kanslerlikka asosiy nomzod bo‘lgan Xristian-demokratik ittifoqi yetakchisi Fridrix Mers o‘ta o‘ngchi «Germaniya uchun muqobil» partiyasi bilan hamkorlik qilishda ayblanmoqda.
Mers 28 yanvar kuni mamlakatga noqonuniy migrantlarning kirishini cheklashni ko‘zda tutuvchi takliflarni e’lon qildi. Bu takliflarga hokimiyatdagi Sotsial-demokratik partiya va «Yashillar» qarshilik qilmoqda. Qonunni o‘tkazish uchun GuM ovozlari kerak bo‘lishi mumkin, bu esa siyosiy doiralarda shov-shuvlarga sabab bo‘ldi.
Kansler Olaf Shols va tanqidchilarga ko‘ra, Mers GuMni «qonuniylashtirib», o‘ta o‘ngchilarga yo‘l ochib bermoqda. U o‘z qarorini mamlakat xavfsizligi va fuqarolar tashvishlari bilan izohlamoqda.
Mavzuga oid
14:40 / 12.06.2026
Trampning «ajoyib kelishuvi» va Meksikada boshlangan futbol bayrami – kun dayjesti
16:14 / 11.06.2026
Yaqin Sharqda urush harakatlari tiklanyapti, Pokiston yana qo‘shnisini bombaladi – kun dayjesti
14:23 / 10.06.2026
Ho‘rmuzda urib tushirilgan «Apache» va Dog‘istonda katta portlash – kun dayjesti
15:29 / 09.06.2026