Farg‘onada hovlilar orasida 5 qavatli “dom” qurildi. Aholining shikoyatlari natijasiz qolmoqda
Tadbirkor Farg‘ona shahri Bahor mahallasidagi aholi yashash xonadonlari o‘rtasida 2 qavatli uy qurish uchun qo‘shnilardan rozilik xati olgan. Amalda esa 5 qavatli bino qurishga kirishilgan. Tegishli idoralar noqonuniy qurilish bo‘layotganini ko‘ra bilib turib holatga ko‘z yummoqda. Hududda yashovchi aholi esa bundan norozi.

Qo‘shnilarning arz-u dodidan keyin tegishli idoralar tomonidan holat o‘rganib chiqilib, qurilish loyihasida qonunbuzilish mavjud deb topilgan va xulosa bekor qilingan. Hatto holat yuzasidan jinoiy ish ham ochilgan. Biroq o‘tgan yilning sentabr oyida viloyat arxitektura va shaharsozlik kengashi qurilishga qayta ijobiy xulosa bergan.
Bunga esa Bahor mahallasida o‘tkazilgan yig‘ilish bayonnomasi asos qilib olingan. Vaholanki, yig‘ilish yon qo‘shnilarning ishtirokisiz yashirin tarzda o‘tkazilgan. Tartibga ko‘ra, qurilish ishlari jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilishi, qo‘shnilardan rozilik olinishi, oraliq masofaga rioya qilinishi belgilangan. Kun.uz muxbiri holatni o‘rgandi.
“Tadbirkor hammani aldadi”
“Bir tadbirkor paydo bo‘ldi-yu, mahallaning katta-kichiklarini aldab turib, 2 etaj “dom” quraman deb, hozir 5 etaj qurvoldi. Atrofdagi uylarga na quyosh tushadi, na havo aylanadi. Biz qo‘shnilar bu qurilishga norozimiz.

Qo‘shnilar rozi bo‘lsa, undan keyin qurish kerak edi-ku. Aholi ikki etajli qilib qur, tomi bilan bemalol ishlataver, deyapti. Atrofdagi uylar qorong‘ilikda, yo havo yo‘q, yo shabada yo‘q, kun tushmaydi.
Yer qimirlasa, zilzila bo‘lsa, Xudo o‘zi saqlasin, bu dom mahalladagi uylarni bosib qolishi aniq”, deydi Jabbor Jumayev.
“Qurilish yolg‘on bilan boshlandi”
“Bino avvalboshidan yolg‘on bilan boshlandi. Tadbirkor 2 qavatli uy quraman deganiga ishonib qo‘l qo‘yib bergandik. Amalda esa 5 etajli dom qurildi.
Ikki yildirki, qo‘shnilar shu muammo bilan kurashib yotibmiz. Tegishli idoralarga arizalar yozayapmiz. Respublika, viloyat, shaharning tegishli idoralariga qilgan murojaatimizga tayinli javob ololmadik.

Eng qizig‘i, murojaatimizdan keyin turli tashkilot vakillari kelib yashab turgan hududimiz snosga tushgan deb bizni qo‘rqitishyapti. Davlat xizmatlari markaziga borib, bu haqda ma’lumot ham oldim.
Hududimiz snosga tushmagani ma’lum bo‘ldi. Qurib olgan binosidan atrofdagi uylar ko‘rinib qolyapti-ku. Nahot bunga ko‘z yumishyapti. Texnika, yong‘in xavfsizligi me’yorlariga to‘g‘ri kelmaydi-ku qilayotgan ishi. Holatni ko‘rib ham hamma jim”, dedi Jo‘rabek Yoqubov.

Binoga yon qo‘shni bo‘lgan Zaynabxon Qorabosheva bino o‘ta xavfli qurilgani, nevara-yu qizlari bilan qo‘rquvda yashayotganliklari, tadbirkorga hech kimning “tishi o‘tmayotgani” haqida kuyunib gapirdi.
“Ular odam o‘lishini kutyapti”
“Shaharsozlik tartibi bo‘yicha qurilishga eng avvalo qo‘shnilar rozi bo‘lishi kerak. Hech bir qo‘shni rozi bo‘lmasa ham qurilish negadir to‘xtamayapti. Boshimizga tushmasin, yer qimirlasa, atrofdagi uylar ko‘milib qoladi-yu.

Bu yerdan ko‘chib ketishimiz kerakmi, arzon narxda uyimizni sotib, bu yerdan bosh olib ketaylikmi? Ertaga odam kelib yashasa nima bo‘ladi? Yuqoridan qarasa, biz uyda qanday yashaymiz, hammasi ko‘rinib turadi-ku, buni hech kim hisobga olmayapti. Zilzila yoki xavf bo‘lsa, nima qilamiz? Bizga yordam beradigan odam bormi o‘zi?!”, deydi G‘ayrat Yusupov.
“Derazadan qarashga hozir hech kimning vaqti yo‘q”
Kun.uz holat yuzasidan quruvchi tashkilot mas’uli Salohiddin Ismoilovdan izoh oldi.
“Qurilish boshlanmasidan avval barcha qo‘shnilar rozilik bildirgan edi. Roziliklarini olganimdan keyingina ishni boshlaganman. Bu hudud snosga tushgan. Baribir hamma xonadonlar buziladi qachondir. Yon atrofida ham 5 qavatli dom bor, u yerga hech kim qarshilik bildirmadi-ku.
Qonuniy qilib, “dokument”lar tayyorladim, investor olib keldim, hujjatlarim barchasi joyida. Ertaga sotilib, kimdir ko‘chib keladigan bo‘lsa, atrofdagi qo‘shnilarning uyi ko‘rinib qolmaydimi, degan savolingizga javob beradigan bo‘lsam, hozir hech kimning vaqti yo‘q-ku derazadan atrofga qarab odamlarni kuzatgani. Atrof ko‘rinmaydigan qilib maxsus “jalyuzi” o‘rnatdim”, deydi tadbirkor Salohiddin Ismoilov.
Masala sud tartibida ko‘rilishi kerak
“Qo‘shnilarning rozilik xatida ko‘p qavatli uy deb ko‘rsatilgan, o‘zlari yozib, imzolab bergan. Shundan keyin, arxitektura bo‘limi ruxsatnomani beryapti. O‘sha yerda ko‘p qavatli ofis binolari uchun ruxsatnoma berilgan.

Shundan kelib chiqib loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqiladi. Ana shu loyiha-smeta hujjatlari ham kengashdan o‘tyapti. Kengash tasdiqlayapti, besh qavatli ofis binosini kengashdan tasdiqlab beryapti. Shu asosida qurilishga ruxsat berganmiz.
Biz bilmagan holda erta qurilishni boshlab qo‘ygan bo‘lsa, undan bizning xabarimiz bo‘lmagan bo‘lishi mumkin. Mahalla qo‘mitasining yig‘ilish bayoni bilan qurilishni boshlash to‘g‘ri emas. Unga biz ruxsat berishimiz kerak edi. Aholining qurilishga e’tirozi bo‘lsa, sudga murojaat qilishlarini maslahat beraman”, deydi Farg‘ona viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Adhamjon Akbarov.
“Qo‘ziqorin dom”ga tutash hududda yashovchi aholining rosmana boshi qotgan. Ular noqonuniy va hech bir tartibga to‘g‘ri kelmaydigan qurilishni to‘xtatish uchun hukumatdan umid kutishmoqda.
Sarvar Ziyoyev,
Kun.uz
Montaj ustasi: Sardor Mamirov
Tavsiya etamiz
Ish staji yetarli bo‘lmasa ham pensiya tayinlanadimi?
O‘zbekiston | 10:03 / 31.05.2025
Eng ko‘p tug‘ilish qayd etilgan hudud ma’lum qilindi
O‘zbekiston | 11:34 / 30.05.2025
Alonso «Real»da. Endi kim o‘zgaradi – klub yoki murabbiy?
Sport | 11:37 / 29.05.2025
Chet ellik jangchilar, xususan o‘zbeklar Suriyadan quviladimi?
Jahon | 21:35 / 28.05.2025
So‘nggi yangiliklar
-
«Pautina» operatsiyasi aniq tarix darsliklariga kiritiladi - Zelenskiy
Jahon | 00:20
-
Germaniyada maktab o‘quvchilariga «erta pensiya» tayinlash taklifi ilgari surildi
Jahon | 23:06 / 01.06.2025
-
Bangladesh sudi sobiq bosh vazir Shayx Hasinani hibsga olish orderini berdi
Jahon | 22:27 / 01.06.2025
-
Tergovdagi qiynoqlar, arzonlashgan dollar va AQShdagi o‘zbek lobbisi - hafta dayjesti
O‘zbekiston | 22:10 / 01.06.2025
Mavzuga oid

07:40 / 31.05.2025
Farg‘onada sifati kafolatlanmagan 8 mlrd so‘mlik dorilarning savdoga chiqarilishi oldi olindi

18:37 / 29.05.2025
Farg‘onada tanishini qasddan bosib o‘ldirgan haydovchiga hukm o‘qildi

08:14 / 21.05.2025
O‘zbekistondagi ko‘p qavatli uylar soni ma’lum qilindi

17:02 / 15.05.2025