Sport | 12:32 / 02.02.2025
18300
24 daqiqa o‘qiladi

«Real» autsayderga yutqazdi, «Liverpul» chempionlikka qarab ketmoqda. Kun o‘yinlari

Madridliklar safida yana bir jiddiy yo‘qotish, Angliyada anomal hisob. Shanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.

Angliya: 0:5 ortidan 7:0

«Nottinghem Forest» – «Brayton» 7:0
Gollar:
1:0 – 12, avtogol Dank, 2:0 – 25 Gibbs-Uayt, 3:0 – 32 Vud, 4:0 – 64 Vud, 5:0 – 69, penalti Vud, 6:0 – 89 Uilyams, 7:0 – 90+1 Silva.
«Nottinghem Forest» – Zels, Murillo (Boli, 72), Milenkovich, Morato, Gibbs-Uayt (Silva, 72), Uilyams, Danilo (Dominges, 65), Anderson (Sangare, 82), Ayna, Vud (Avoniyi, 82), Elanga.
«Brayton» – Verbryuggen, Lempti, Dank, van Hekke, Veltman, Hinshelvud (O`Rayli, 46), Mitoma (Adengra, 46), Joao Pedro (Gomes, 46), Ryutter, Minte, Uelbek (Fergyuson, 73).
Ogohlantirishlar: Murillo (7), Uelbek (11), Hinshelvud (20), Hyurseler (58), Verbryuggen (90).

O‘tgan turda «Nottinghem» bilan bu mavsum uchun anomal voqea ro‘y bergandi. Ha, «Bornmut» ham kuchli mavsum o‘tkazmoqda, faqat 0:5 — keragidan ortiqcha edi. Ammo Nunu Eshpiritu Santu bir hafta ichida «o‘rmonchilar»ni o‘ziga keltirdi va «Brayton» bilan o‘yinni ular o‘z uslubida hisobni ochish bilan boshladi. Aniqrog‘i, bunda Dankning APLdagi yettinchi avtogoli qo‘l keldi. Ko‘p o‘tmay birinchi golda ham asosiy ishni bajargan kichik bo‘yli Gibbs-Uayt (171 santimetr) burchakdan oshirilgan to‘pni boshi bilan darvozaga yo‘llab, mezbonlarning hisobdagi ustunligini oshirdi.

«Brayton» esa nimanidir o‘zgartirishga urindi, ammo hech qanaqasiga Zelsni dog‘da qoldira olmadi. «Nottinghem» esa qarshi hujumlardan foydalanib ketdi va Elanga shu kuni uch golga assistentlik qildi, uning ikki pasini Vud golga aylantirdi. Mezbonlar to‘purari penaltini ham aniq ijro etib, gol bo‘yicha het-trik qildi. Va bu tarixiy voqeaga aylandi, chunki «Siti Graund» yuqori divizionda 1987 yildan buyon o‘z futbolchilari het-trigiga guvoh bo‘lmagandi. Endi avstraliyalik hujumchi gollari sonini 17 taga yetkazdi va Saloh (21) hamda Holand (18) bilan raqobatlashmoqda.

Qolaversa, hozirga qadar APL tarixida faqat bir marta oldingi o‘yinda 5+ gol  o‘tkazgan jamoa keyingi o‘yinda shunday farq bilan g‘alaba qozonishi kuzatilgandi. 1997 yil noyabrida «Sheffild Uensdey» «MYu»ga yutqazgan (1:6), keyin esa «Bolton»ni mag‘lub etgandi (5:0).

«Forest» endi to‘plangan ochkolar soni bo‘yicha «Arsenal»ga yetib oldi. Keyingi turlarda jamoani qiyin sinovlar kutmoqda: safarda «Fulhem» va «Nyukasl», uyda «Arsenal» va «Siti»ga qarshi o‘yinlar.

«Bornmut» – «Liverpul» 0:2
Gollar:
0:1 – 30, penalti Saloh, 0:2 – 75 Saloh.
«Bornmut» – Arrisabalaga, Kerkez, Heysen, Zabarniy, Kuk, Adams, Kristi (Jyebbison, 80), Semenyo, Klyuyvert, Bruks (Taverne, 66), Uattara.
«Liverpul» – Alisson, Roberson, van Deyk, Konate, Aleksander-Arnold (Bredli, 70), Mak Allister (Jons, 61), Gravenberh, Gakpo (Nunes, 70), Soboslai, Saloh (Endo, 88), Dias.

Arne Slot hafta o‘rtasida YeChLda natijasi ahamiyatsiz o‘yinda ikkinchi tarkibni tushirdi (asosiy tarkib futbolchilaridan faqat Gakpo va Roberson bor edi) va bu mavsumda favoritlarga qarshi o‘yinlarda sensatsiya ko‘tara olgan jamoa maydonidagi o‘yinga kuch tejadi. Niderlandiyalik hujumchi o‘sha o‘yinda ham sobiq jamoasi PSV darvozasiga penaltidan gol urgandi, uch kun o‘tib esa Soboslai uchun xavfli vaziyat yaratib berdi, keyin esa penalti ishladi. Nuqtaga yaqinlashgan Saloh esa APLdagi faoliyati davomida beshinchi marta bir mavsumda urilgan gollari sonini yigirmataga yetkazdi. Qolaversa, bu u barcha turnirlar doirasidagi o‘yinlar hisobga olinganida Yevropa klublari safida urgan 300-gol bo‘ldi.

Ko‘p o‘tmay «Bornmut» ham raqib darvozasini ishg‘ol etdi, ammo gol Semenyodagi ofsayd tufayli bekor qilindi. Mezbonlarning shu kungi eng faol harakatlangan futbolchisi ikkinchi bo‘lim boshida yaxshi pozitsiyadan turib zarba yo‘lladi, Alison jamoasini qutqardi.

Ikkinchi bo‘limning yarmi «Bornmut» ustunligida o‘tdi va «Liverpul» jarima maydoni ichidan turib uch bor zarba berildi. Qolaversa, mezbonlar penalti tepishi ham mumkin edi, ammo hakamlar to‘p Trentning qo‘liga emas, ko‘kragiga tekkan deb topishdi. 70-daqiqada esa mehmonlar uchun birdaniga ikki yoqimsiz holat yuzaga keldi. Trent jarohat tufayli almashtirildi va raqib o‘ta xavfli vaziyatga ega bo‘ldi. Avvaliga Tavernening zarbasi ustundan qaytdi, unga birinchi bo‘lib yetib kelgan Klyuyvert esa bo‘sh darvozani ishg‘ol etolmadi.

Shundan keyin «Liverpul» bunday «Bornmut» bilan tavakkalchilik qilish yaxshi emas degan qarorga keldi va Saloh o‘z uslubida ikkinchi golni urdi - to‘pni o‘z qanotida qabul qilib, olis burchakni aniq nishonga oldi, darvozabon joyidan qimirlashga ham ulgurmadi. Bu misrlik hujumchi uchun chempionatdagi 21-gol bo‘ldi.

Endilikda mersisaydliklar ikkinchi o‘rindagi «Arsenal» bilan farqni to‘qqiz ochkoga yetkazdi, londonliklar tur o‘yinini bugun «Manchester Siti»ga qarshi o‘tkazadi. Qolaversa, «Liverpul»da «Everton»ga qarshi kechadigan safar o‘yini ham bor.

«Nyukasl» – «Fulhem» 1:2
Gollar:
1:0 – 37 Merfi, 1:1 – 61 Ximenes, 1:2 – 82 Rodrigo Muniz.
«Nyukasl» – Dubravka, Holl (Kelli, 87), Bern, Sher, Livramento (Trippiyer, 64), Joelinton (Uillok, 64), Tonali, Bruno Gimaraes (Mayli, 87), Gordon, Merfi (Osula, 87), Isak.
«Fulhem» – Leno, Robinson, Bassi, Andersen, Kastan, Berge, Lukich, Ivobi (Sessenyon, 79), Smit-Rou (Pereyra, 72), Traore (Diop, 88), Ximenes (Rodrigo Muniz, 73).

Keyingi mavsumda Angliya chempionatiga Chempionlar ligasida qo‘shimcha kvota taqdim etilishi ehtimoli yuqori. Bu esa beshinchi o‘rin ahamiyatini oshiradi, hozirda bu o‘rinni «Nyukasl» egallab turibdi. Ammo «qarg‘alar» rekord darajadagi sakkiz g‘alabadan iborat seriyadan keyin pasayishga uchradi. Jamoa o‘tgan turda Sauthemptonda autsayderga qarshi bahsda kutilganidek g‘alabaga erishdi, ammo qatorasiga ikki uy o‘yinida yutqazdi.

«Bornmut»ga qarshi o‘yinda Eddi Hau shogirdlari umidsiz ko‘ringandi, «Fulhem» bilan o‘yinning ikkinchi bo‘limida esa hisobdagi ustunlik boy berildi. Holbuki, mezbonlar o‘yin taqdirini birinchi bo‘limdayoq hal qilib qo‘yishi mumkin edi, Merfining golidan tashqari Leno bir qancha murakkab zarbalarni qaytarishiga to‘g‘ri keldi, Tonalining olis masofadan yo‘llagan zarbasi esa to‘singa tegdi. Ammo ikkinchi bo‘limda aynan ushbu italiyalikning xatosidan keyin Raul Ximenes muvozanatni tikladi. Keyin esa meksikalik hujumchi estafetani Rodrigo Munizga topshirdi, uning o‘rniga maydonga tushgan braziliyalik jarima zarbasi ijro etilganida a’lo darajada harakat qildi. Endi tur o‘yinini dushanba kuni «Vest Hem»ga qarshi o‘tkazadigan «Chelsi»da «Nyukasl»dan beshinchi o‘rinni tortib olish imkoniyati bo‘ladi.

Ispaniya: Simeonening ajoyib yubileyi

«Atletiko» – «Malyorka» 2:0
Gollar:
1:0 – 26 Lino, 2:0 – 90+3 Grizmann.
«Atletiko» – Oblak, Reynildu, Langle, Le Norman, Liorente (Molina, 81), Lino (Rikelme, 81), Koke (Korrea, 73), Barrios, Simeone (Gallaher, 61), Alvares (Grizmann, 61), Serlot.
«Malyorka» – Greyf, Moxika, Morey (Asano, 67), Kopete, Railo, Valent, Darder (Prats, 81), Samu Koshta (Shikinyu, 90+1), Dani Rodriges (Salas, 81), Muriki, Larin (Navarro, 67).

Madrid derbisiga bir hafta qolganida «Atletiko» strategik muhim g‘alabaga erishdi, Juliano Simeone esa otasini xursand qilishda davom etdi. Ushbu vinger to‘p olib qo‘yilganidan keyingi qarshi hujumlarda ayniqsa a’lo darajada harakat qilmoqda. Bu safar kichik Simeone to‘pni jarima maydoniga qadar olib borib, uni Samuel Linoga yetkazib berdi va hisob ochildi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa ikkinchi bo‘limda zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Grizmann ham o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi. Diyego Simeone yubileyiga ajoyib sovg‘a oldi. Argentinalik mutaxassis — la liga tarixida 500 o‘yin o‘tkazgan sakkizinchi murabbiyga aylandi. Cholo — baribir ular orasida alohida o‘ringa ega, chunki undan boshqa hech kim bunday ko‘rsatkichni bir klub boshqaruvida qayd etmagan.

«Espanyol» – «Real» 1:0
Gol:
1:0 – 85 Romero.
«Espanyol» – Garsiya, Romero, Kabrera, Kumbula, Al-Hiloliy, Gonsales (Roka, 66), Losano, Puado (Kalero, 83), Kral, Karreras (Texero, 67), Fernandes (Velis, 73).
«Real» – Kurtua, Fran Garsiya, Ryudiger (Asensio, 15), Tchuameni, Vaskes (Braim Dias, 87), Valverde, Sebalyos (Modrich, 80), Bellinghem, Vinisius Junior, Rodrigo, Mbappe.
Ogohlantirish: Romero (61).

Karlo Anchelotti esa muammolar yuzaga keldi, 15-daqiqadayoq Ryudiger gazonga quladi va o‘yinni davom ettira olmaydigan bo‘ldi. Mavsumning muhim davrida «Real» mudofaa chizig‘ida birorta ishonchli himoyachisiz qolmoqda. «Manchester Siti»ga qarshi YeChL o‘tish o‘yinlarida murabbiy ixtiyorida faqat bir yildan ortiq vaqt o‘ynamagan Alaba, aslida tayanch yarimhimoyachisi Tshuameni, mavsum davomida ikkinchi jamoadan jalb etilgan Raul Asensio hamda doimo zaxira futbolchisi bo‘lib kelgan Valexo tanlovlari qoladi.

Diskvalifikatsiya tufayli so‘nggi o‘yinlarni o‘tkazib yuborgan Vinisius Juniorning goli esa bekor qilindi. Bunga butunlay boshqa hududda bo‘lgan Mbappe o‘z raqibini turtgani sabab bo‘ldi. Dastlabki 45 daqiqalikda boshqa vaziyatlar bo‘lmadi va «Real» tanaffusga bu mavsum safar o‘yinlari uchun eng yomon ko‘rsatkichi bilan yo‘l oldi (3 zarba, 1 tasi darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan). Qaymoqranglilar muxlislarini yupantiradigan yagona yaxshi yangilik — dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Ryudigerning jarohati jiddiy emas, ammo aniq javob yakshanba kungi tekshiruvlardan keyin beriladi.

O‘yinning ikkinchi bo‘limi ancha hujumkorroq boshlandi. Avvaliga «Espanyol»da hisobni ochish uchun yaxshi vaziyat bo‘ldi. Keyin Mbappe qaytgan to‘pga o‘tkir burchakdan zarba berishi ustun nishonga olinishi bilan yakunlandi.

«Real» bosimni kuchaytirdi, «Espanyol» futbolchilari toliqqaniga qaramay chidab berdi. Talab qilinganida esa raqib tavakkalchilik bilan ham to‘xtatildi. Masalan, Mbappe qarshi hujumga o‘tib ketganida, Romero uning ortidan tashlanib yiqtidi. Hakam esa bu vaziyat uchun faqat sariq kartochka ko‘rsatish bilan kifoyalandi. Bu vaziyatda «Real»ning yana bir muhim futbolchisi safdan chiqishi mumkin edi – qattiq og‘riq tufayli Kilianga shifokorlar yordami talab etildi, ammo u baribir maydonga qaytdi.

«Real» butun kuchini maydonga tashlab, g‘alaba uchun harakat qildi. Rodrigo o‘ng qanotda Romeroni aldab o‘tib zarba berdi, to‘p yana ustunga bordi. Mbappe chap qanotdan hujumga o‘tib, kuchli zarba berdi, mezbonlar darvozaboni Garsiya qahramonlik ko‘rsatdi. «Espanyol» murabbiyi Gonsales nolli durangni saqlab qolish maqsadida beshinchi himoyachini tushirishga qaror qildi.

Va shunda «Espanyol» gol urdi. «Real» doimo o‘zi uchun qulay bo‘lib kelgan raqibni (o‘zaro uchrashuvlardan 108 tasida g‘alaba qozongan) baribir taslim etishga ortiqcha ishonib yubordi va ogohlikni yo‘qotdi. Kataloniyaliklar esa qarshi hujumda imkoniyat topib, sondagi ustunlikdan foydalanishdi. O‘ng qanot himoyachisi Al-Hiloliy to‘pni darvozabon hududining narigi tomoniga yetkazib berdi, bu to‘pga yetib kelgan Romero bir teginishda darvozani ishg‘ol qildi. Mbappega qo‘polligi uchun antiqahramonga aylanishi mumkin bo‘lgan futbolchi qahramon bo‘lib ketdi.

Qo‘shimcha daqiqalarda esa muxlislar shou guvohiga aylanishdi. «Real»ning 90+7-daqiqadagi so‘nggi burchak zarbasi vaqtida Kurtua ham jarima maydoniga yetib keldi. Shunga qaramay, «Espanyol» bardosh berdi va o‘z xarakteri bilan g‘alabani saqlab qoldi. 21 zarba va shundan yettitasi darvoza sohasiga to‘g‘ri borishi jamoaga birorta gol taqdim etmadi. Qaymoqrangilar bungacha chempionatda faqat Madridda «Barsa»ga qarshi o‘yinda gol urolmagandi. «Espanyol» bilan o‘yinlarda esa 2018 yildan buyon «Real» maydonni golsiz tark etmagandi.

So‘nggi o‘rinlarda borayotgan autsayder peshqadamni shok holatiga tushirdi va chempionatdagi intrigani kuchaytirdi. «Santyago Bernabeu»dagi uchrashuvga bir hafta qolganida «Real» va «Atletiko»ni birgina ochko ajratib turibdi. «Barsa» esa 2 fevral kuni «Alaves»ni mag‘lub etolsa, Anchelotti jamoasi bilan oradagi farqni to‘rt ochkoga qisqartiradi.

Italiya: «Atalanta» inqirozda

«Atalanta» – «Torino» 1:1
Gollar:
1:0 – 35 Jimshiti, 1:1 – 40 Maripan.
Aniq ijro etilmagan penalti: 74 Retegi
«Atalanta» – Ruy Patrisiu, Kolashinats (Toloi, 30), Xin, Jimshiti, Breshianini (Samarjich, 57), Rujyeri (Kuadrado, 57), Ederson, de Ron, Bellanova, Retegi (Skamakka, 85), de Ketelare (Pashalich, 57).
«Torino» – Milinkovich-Savich, Sosa, Lazaro (Mazina, 85), Koko, Maripan, Pedersen (Valyukevich, 46), Karamo (Ndji, 63), Tamez (Gineytis, 76), Richchi, Vlashich, Adams (Sanabriya, 63).
Ogohlantirishlar: Koko (45+1), Tamez (72), Milinkovich-Savich (76).

Barcha kuch va hissiyotlarini Chempionlar ligasida «Barselona»ga qarshi o‘yinda qoldirgan bergamoliklar turnir jadvalining o‘rta qismidagi «Torino»ni yenga olmadi. Endi «Napoli» va «Inter» yakshanba kungi o‘yinlardan keyin yanada ilgarilab ketishi mumkin. Paolo Vanoli boshqaruvidagi jamoaga qarshi o‘yin esa avvalboshdan «Atalanta» uchun yomon boshlandi. Avvaliga Bellanovaning goli bekor qilindi. Keyin esa 30-daqiqada Kolashinats jarohat olib, maydonni tark etdi. Burchakdan oshirib berilgan to‘pni darvozaga yo‘llagan Jimsitining goliga esa besh daqiqa o‘tib xuddi shu kabi standart vaziyatdan uning amplua bo‘yicha kasbdoshi Maripan javob qaytardi.

Ikkinchi bo‘limdagi hal qiluvchi vaziyat — Retegi ishlagan penalti bo‘ldi, uni himoyachilar jarima maydoni ichida futbolkasidan tortib gazonga qulatishgandi. Ammo forvard nuqtadan yaxshi zarba bera olmadi, Vanya Milinkovich-Savich burchakka kuchsiz borgan to‘pga yetib bordi. Keyin esa serbiyalik darvozabon hissiyotlarini tiyib tura olmadi va mezbon jamoa fanatlarining haqoratomuz munosabatiga reaksiyasi uchun ogohlantirildi. Shundan keyin tribunalardan irg‘itilgan turli predmetlar tufayli o‘yinda to‘xtalish yuzaga keldi, ammo vaziyat tezda bartaraf etildi. So‘nggi olti turda faqat bir g‘alabaga erishgan Jan Piyero Gasperini jamoasi uchinchi o‘rinda qolmoqda va o‘zidan ikkita kam o‘yin o‘tkazgan «Inter»dan uch ochkolik farq bilan ortda qolmoqda.

Germaniya: Keynning yangi rekordi

«Bavariya» – «Holshtayn Kil» 4:3
Gollar:
1:0 – 19 Musiala, 2:0 – 45+2 Keyn, 3:0 – 46 Keyn, 4:0 – 54 Gnabri, 4:1 – 62 Porat, 4:2 – 90+1 Skribski, 4:3 – 90+3 Skribski.
«Bavariya» – Noyyer, Gerreyru (Aznu, 85), Kim Min Je, Upamekano, Laymer, Pavlovich (Palinya, 58), Kimmih, Koman (Sane, 58), Musiala, Olise (Gnabri, 46), Keyn (Myuller, 58).
«Holshtayn Kil» – Vayner, Tolkin (Ivejich, 82), Rozenbom (Arp, 71), Komenda, Zets, Bekker, Yavorchek (Skribski, 61), Gigovich (Knudsen, 61), Xoltbi, Porat, Xarres (Kelati, 83).

«Bavariya» kutilganidek bundesliga debyutanti bilan o‘yinda uch ochkoni qo‘lga kiritdi. Bu barchasi oldindan taxmin qilish mumkin bo‘lgan va faqat hisob qanday ko‘rinishda bo‘lishi noma’lum bo‘lgan holatdir. 90-daqiqadan keyingi ikki goli bilan ham «Holshtayn» natijaga ta’sir ko‘rsata olmadi, bu vaqtgacha «Bavariya» uch gol farqini yuzaga keltirib, natijani ta’minlab bo‘lgandi. Ayniqsa Keynning dubli e’tiborga molik, u birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda ham ikkinchi bo‘lim boshlanishi bilan Koman va Rafael Gerreyruning uzatmalaridan keyin boshda gollar urdi. Harri bundesligadagi yubiley — elliginchi o‘yinida maydonni golsiz tark etolmasdi ham. Bungacha turnir tarixida hech kim shuncha o‘yinda 54 gol urmagandi.

«Haydenhaym» – «Borussiya» D 1:2
Gollar:
0:1 – 33 Girassi, 0:2 – 63 Bayyer, 1:2 – 64 Xonzak.
«Haydenhaym» – Myuller, Ferenbax, Gimber (Shimmer, 80), Maynka, Traore, Sheppner, Kerber (Bek, 55), Kretsig (Vanner, 73), Piringer (Honzak, 56), Siyenza (Konte, 56), Zivzivadze.
«Borussiya» D – Kobel, Anton, Jan, Ryuerson, Bensebayni, Zabitser, Gittens (Reyna, 87), Gross (O‘zjan, 71), Brandt (Bayyer, 58), Dyuranvil (Adeyyemi, 46), Girassi.

Avvaliga U-19 jamoasidan chaqirilgan Mayk Tullberg dortmundliklarning asosiy tarkibida faqat bitta o‘yinda ishlashi ko‘zda tutilgandi. Ammo Nuri Shahinning o‘rniga murabbiy qidirish va muzokaralar cho‘zildi, Niko Kovach esa olti oylik shartnomaga rozi bo‘lmayapti, shunday ekan, «Borussiya» rahbariyati 39 yoshli daniyalikni mavsum oxiriga qadar ushbu lavozimda qoldirishi mumkin. Nima bo‘lganda ham, Tullberg boshqaruvida Girassining o‘yini ochilib ketdi. O‘tgan mavsum to‘purarlaridan biri bo‘lgan hujumchi murabbiy iste’fosidan keyingi uch o‘yinda ham raqib darvozabonlarini ranjitdi. «Verder»ga gol, YeChLda «Shaxtyor» bilan o‘yinda dubl, endi esa — burchak zarbasidan keyin aniq zarba. Girassi yil boshidan buyon olti gol bilan bundesliganing eng sermahsul futbolchisi bo‘lib turibdi. Safar o‘yinlaridagi kamyob g‘alabani esa «asalarilar»ga namunali qarshi hujumni aniq zarba bilan yakunlagan Bayyer ta’minladi.

Fransiya: Dembeleda yana het-trik

«Brest» – «PSJ» 2:5
Gollar:
0:1 – 29 Dembele, 1:1 – 50 Del Kastiyo, 1:2 – 57 Dembele, 1:3 – 62 Dembele, 2:3 – 71 Ajork, 2:4 – 89 Gonsalu Ramush, 2:5 – 90+7 Gonsalu Ramush.
«Brest» – Bizot, Zogbe, Ndiayye, Shardonne, Lala, Le-Melu (Fernandesh, 77), Kamara (Manetti, 77), Sima (Balde, 70), Fevr (Sala, 88), Del Kastiyo (Dumbiya, 70), Ajork.
«PSJ» – Donnarumma, Mendesh, Pacho, Markinos, Xakimi, Fabian Ruis, Vitinya, Li Kan In (Meyulyu, 81), Kvaratsxeliya (Due, 58), Dembele (Gonsalu Ramush, 67), Barkolya (Lyuka Ernandes, 67).

Keyingi seshanba kuni ham «PSJ» Chempionlar ligasi o‘tish o‘yinlari doirasida «Brest»ga qarshi ilk o‘yinni o‘tkazadi va Luis Enrike milliy birinchilikdagi repetitsiyadan to‘la qoniqish hosil qilishi mumkin. Ammo yakuniy 5:2 hisobi aldamchi, minimal ustunlik boy berilganidan bosh murabbiy  qattiq jahli chiqdi (1:1), qolaversa, parijliklar ustunlikni o‘ziga qaytarganidan keyin ham xotirjamlikka berildi va yana bir gol o‘tkazib yubordi, murabbiy hujum uchligidagi Kvaraxseliya, Barkolya va Dembeleni maydondan oldi. Bu triodagi uchinchisi hozirda yuqori formada va hafta ichida ikkinchi bor het-trikka erishdi.

Liga 1 o‘yinlarida Usmon 2016 yil martidan buyon bir o‘yinda uch gol urmagandi, o‘shanda u «Renn» futbolchisi sifatida — professional darajadagi ilk mavsumida — «Nant» mudofaasini parokanda qilib tashlagandi. Hozirda Dembele 11 gol bilan — Yevropada 2025 yil boshlanganidan keyingi davrda eng yaxshi to‘purar bo‘lib turibdi. Ammo parijliklar mudofaasida kamchiliklar saqlanib qolmoqda va bunda Fransiya chempionatining oxirgi 14 o‘yinida faqat ikki bor darvozasi daxlsizligini saqlay olgan Donnarummani ayblash qiyin. Aksincha, Jiji hisob 3:2 holatida muqarrar goldan qutqardi, keyin esa parijliklar zaxira o‘rindig‘idan tushgan futbolchilar mezbonlardagi standart vaziyatlardan keyin qarshi hujumga chiqib ketib, Gonsalu Ramushning dublini ta’minlashdi.

Kun statistikasi

  • «Vilyarreal» bir yil davomida 2-marta besh nafar turli futbolchilar gol urgan o‘yinda g‘alaba qozondi. 2024 yil yanvarida «sariq submarinalar» «Barselona» bilan o‘yinda ham shunday natijaga erishgandi (5:3), bu safar esa ular «Valyadolid»ni tor-mor etishdi (5:1).
  • «Everton» 14-marta o‘yinlarning ilk daqiqasida gol urdi, bu esa APL rekordi sanaladi. «Irislar»ning «Lester» darvozasiga Dukure muallifligidagi goli o‘yin boshlangani haqidagi hushtak chalinganidan 10,18 soniya o‘tib urildi — bu turnir tarixida uy jamoalari uchun eng tezkor gol bo‘ldi.
  • «PSJ» qatarlik xo‘jayinlar qo‘liga o‘tganidan keyingi davrda ilk marta mavsumning dastlabki 20 turida 19 gol o‘tkazib yubordi.
Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid