Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Janiyn qochqinlar lageriga hujum, Shvetsiyadagi otishma va Kurskni tark etgan shimollik koreyslar - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
Falastindagi vaziyat
BMT ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi hafta ichida 545 mingdan ortiq kishi G‘azoning janubiy hududlaridan shimoliga qaytgan. 36 ming kishi aksincha shimoldan janubga yo‘l olgan.
BMT xodimlari G‘azoda 30 mingdan ortiq bolaga shaxsiy identifikatsiya bilaguzuklari taqilganini bildirgan. Bu bolalar urush harakatlari davomida oilasidan ajralib qolmasligi uchun zarur chora sifatida baholanmoqda.
Shuningdek, BMT Isroil armiyasining G‘arbiy sohildagi Janiyn shahriga uyushtirayotgan hujumlaridan xavotir bildirib, 20 ta binolar vayron qilinib, 50 ga yaqin oila boshpanasiz qolganini qayd etdi.
BMTning Falastin qochqinlariga yordam agentligi — UNRWA ma’lumotiga ko‘ra, Isroil armiyasi Janiyn qochqinlar lagerini nishonga olgach, 30 ming fuqaro u yerni tark etgan.
BMT vakillari lagerning bir qismi to‘liq vayron bo‘lganini tasdiqlamoqda. Isroil harbiylari G‘arbiy sohilda hujumlarni kuchaytirgach, ko‘plab fuqarolar o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lmoqda.
AQSh Falastinga yordamni to‘xtatdi
Donald Tramp AQShning BMT inson huquqlari Kengashidagi ishtirokini to‘xtatish va Falastinlik qochqinlarga yordam agentligi — UNRWA'ni moliyalashtirishni butkul bekor qilish haqida qaror qabul qildi.
Bu qaror Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning Vashingtonga tashrifi bilan bir vaqtda qabul qilindi. Isroil UNRWA'ni HAMAS bilan aloqadorlikda ayblab kelmoqda, hattoki terrorchi tashkilot o‘laroq tan olgan, biroq bu borada hech qanday dalil taqdim etmagan.
BMT ayblovlarni rad etib, Isroil hukumati bir yildan beri hech qanday isbot ko‘rsatmaganini ta’kidlamoqda.
AQSh avval ham 2018 yilda Tramp ma’muriyati davrida inson huquqlari kengashidan chiqqan edi. Bayden ma’muriyati 2021 yilda AQShning a’zoligini tiklab, UNRWA'ga yiliga 300–400 mln yordam ajrata boshlagan. Biroq 2024 yil yanvarida Bayden ham tashkilotga to‘lovlarni vaqtincha to‘xtatgan edi.
Shimollik koreyslar Kurskni tark etdi
Janubiy Koreya Milliy razvedka xizmati (NIS) ma’lumotiga ko‘ra, Ukrainaga qarshi Rossiya tomonida jang qilayotgan Shimoliy Koreya armiyasi askarlari Kursk oblastidan olib chiqib ketilgan.
Bu qarorga shaxsiy tarkib ichidagi katta yo‘qotishlar tufayli kelingan. NIS ma’lumotiga ko‘ra, Ukrainada kamida 300 shimoliy koreyalik harbiy halok bo‘lgan, 2,7 ming kishi yaralangan.
Pyongyang 12 ming askarni Rossiya armiyasini qo‘llab-quvvatlash uchun yuborgan, ular oktyabrda yetib kelib, dekabrda ilk bor janglarda qatnashgan. Biroq Shimoliy Koreya askarlari zamonaviy urushga tayyor emasligi, hatto dronlarni oddiy o‘qotar qurollar bilan urib tushirishga uringani ta’kidlangan.
Rossiya va KXDR hozircha bu ma’lumotni rasman tasdiqlagani yo‘q. 11 yanvarda Ukraina armiyasi shimoliy koreyalik ikki harbiyni asirga olganini e’lon qilgan edi.
Ukrainaga AQSh harbiy yordami tiklandi
Vashington Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berishni vaqtincha to‘xtatgan, ammo keyin qayta boshlagan, deb xabar qiladi Reuters. Tramp ma’muriyatida Kiyevga yordam berish bo‘yicha ixtiloflar mavjud. Manbalarga ko‘ra, avval yordamni butkul to‘xtatish haqida qaror qabul qilingan, biroq keyin bu qaror qayta ko‘rib chiqilgan.
Tramp prezidentlikka kelganidan beri Ukraina uchun yangi harbiy yordam paketlari e’lon qilinmagan, ammo Bayden davrida tasdiqlangan qurol-yarog‘ yetkazib berishlar davom etadi.
Reuters ma’lumotiga ko‘ra, Bayden ma’muriyati 2024 yilda Ukrainaga 60 mlrd dollar yordam va’da qilgan, ammo mablag‘ ajratish sur’ati ikki barobar sekinlashgan. 2024 yil aprel-sentabr oylarida AQSh har oy Ukrainaga bor-yo‘g‘i yarim mlrd mablag‘ ajratgan, bu avvalgi ikki yilga nisbatan ikki baravar kam.
Tramp: nodir metallar evaziga Ukrainaga yordam
AQSh prezidenti Donald Tramp Ukrainaga harbiy yordamni davom ettirish uchun ushbu mamlakatning nodir metallar zaxiralariga kirish imkonini olishni taklif qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Ukrainaga Yevropaga qaraganda ko‘proq yordam bermoqda va endi buni resurslar bilan kafolatlash zarur.
Shuningdek, Tramp Rossiya va Ukraina o‘rtasida muzokaralar davom etayotganini va urushni tugatish bo‘yicha «katta ilgarilash» borligini ta’kidladi.
Avvalroq Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSh va Rossiya Ukrainasiz kelishuvlar qilishi mumkinligi borasida o‘z xavotirini bildirgan edi. Zelenskiy ham AQSh bilan muzokaralar davom etayotganini tasdiqladi va Tramp ma’muriyati bilan shaxsiy uchrashuv o‘tkazishga umid qilmoqda.
Trampdan Eronga qarshi «maksimal bosim»
AQSh prezidenti Donald Tramp Eronga qarshi «maksimal bosim» kampaniyasini qayta boshlash haqida farmon imzoladi. Bu qaror Tehronning yadro quroli yaratishining oldini olish va Eron nefti eksportini to‘liq to‘xtatish maqsadini ko‘zlaydi.
Xalqaro hamjamiyat Eronning uran boyitish darajasi kuchayganidan xavotirda. 2024 yilga kelib Eron nefti eskporti misli ko‘rilmagan darajalarga yetdi, chunki mamlakat sanksiyalarga chap berish yo‘lini o‘ylab topdi. Eron neftining asosiy xaridori esa Xitoy bo‘lib turibdi.
Vashington Eron neftini boshqa davlatlarga sotishni taqiqlash vakolatiga ega ekanini ta’kidlab, bu borada yanada yangi sanksiyalarni joriy etishni rejalashtirmoqda. Biroq Tramp Eron rahbariyati bilan muzokara o‘tkazishga tayyorligini ham bildirgan.
Bu siyosat ham Trampning avvalgi prezidentligidagi bosim siyosatiga qaytishdir. 2018 yilda AQSh yadro kelishuvidan chiqib, Eronga qattiq sanksiyalar joriy qilgan edi.
Tramp ta’lim vazirligini tugatmoqchi
Donald Tramp ma’muriyati AQSh Ta’lim vazirligini tugatish va bir qancha federal agentliklarni qayta tashkil etish rejasini ishlab chiqmoqda. The Wall Street Journal nashri xabariga ko‘ra, bu Tramp va Ilon Mask tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarning bir qismi.
Shuningdek, yangi ma’muriyat AQShning Xalqaro taraqqiyot agentligi — USAID'ni budjet mablag‘larini isrof qilishda ayblab, uning samaradorligini qayta ko‘rib chiqishga qaror qilgan.
Bu o‘zgarishlar saylovoldi kampaniyasida va’da qilingan, AQShdagi davlat idoralarini qayta qurish va budjet sarflarini qisqartirish maqsadida o‘tkazilmoqda.
Xitoydan AQShning boj choralariga javob
Xitoy AQSh tovarlariga qarshi javob tarifi joriy qilishini ma’lum qildi. 15 foizlik bojlar Amerikadan import qilinadigan ko‘mir va suyultirilgan tabiiy gaz uchun amal qiladi. 10 foizlik boj esa AQSh neft, qishloq xo‘jalik texnikasi va yirik dvigatelli avtomobillarga qo‘llanadi.
Pekin Tramp siyosati Jahon savdo tashkiloti qoidalarini buzishini ta’kidlab, JSTga rasmiy shikoyat berishini e’lon qildi. Biroq JSTning nizolarni hal qilish tizimi 2019 yildan beri ishlamayapti, bunga sabab AQSh sudyalar tayinlanishini bloklagan.
Amerika Savdo palatasi esa bojlar narxlarni oshirib, yetkazib berish zanjirlarini buzishi haqida ogohlantirdi. Trampning birinchi muddatida ham Xitoy tovarlariga keng qamrovli bojlar qo‘llangan edi.
Shu bilan birga, AQSh Kanada va Meksika tovarlariga joriy etiladigan 25 foizlik boj bilan bog‘liq masalalarni bir oyga kechiktirish bo‘yicha kelishuvga erishganini e’lon qildi.
Shvetsiyadagi otishmada qurbonlar bor
Shvetsiyaning poytaxti Stokholmdan 200 km g‘arbda joylashgan Erebru shahrida otishmada 10 ga yaqin kishi halok bo‘ldi.
Hodisa mahalliy vaqt bilan 13:00 da kattalar uchun ta’lim berish bilan shug‘ullanuvchi Komvuks ta’lim markazida sodir bo‘lgan.
Qurol qo‘llagan insonning shaxsi aniqlanmagan, u avval politsiyaga ma’lum bo‘lmagan va hech qanday uyushgan jinoiy guruhlarga a’zosi emas. Terrorchilik sababiga ham hozircha oydinlik kiritilmagan.
Shvetsiya bosh vaziri Ulf Kristersson bu voqeani «Shvetsiya uchun og‘ir kun» deb atab, jabrlanganlarning oilasiga hamdardlik bildirdi.
Voqea joyiga politsiya, tez yordam va qutqaruv xizmati jalb qilingan. Mahalliy aholiga ushbu hududdan uzoqroqda bo‘lish tavsiya qilinmoqda.
Mavzuga oid
14:40 / 12.06.2026
Trampning «ajoyib kelishuvi» va Meksikada boshlangan futbol bayrami – kun dayjesti
16:14 / 11.06.2026
Yaqin Sharqda urush harakatlari tiklanyapti, Pokiston yana qo‘shnisini bombaladi – kun dayjesti
14:23 / 10.06.2026
Ho‘rmuzda urib tushirilgan «Apache» va Dog‘istonda katta portlash – kun dayjesti
15:29 / 09.06.2026