Jahon | 10:51 / 11.02.2025
11421
15 daqiqa o‘qiladi

150 ming kishini chuv tushirgan bank – Rossiyadagi shov-shuvli moliyaviy piramida tarixi

1994 yilda Rossiyadagi xususiy banklardan birining egasi Moskvadagi uyida o‘lik holda topiladi. Ekspertiza u o‘z joniga qasd qilgan deb topadi. Ayrimlar esa u o‘ldirib ketilgan deyishadi. Marhum “Chara-bank” nomi bilan xususiy bank ochib, moliyaviy piramida bilan shug‘ullangan va ko‘pchilikning pullarini o‘zlashtirib yuborgandi.

1990-yillar boshlarida Rossiyada turli moliyaviy piramidalar yomg‘irdan keyin chiqadigan qo‘ziqorinlarday ko‘payib ketadi.

Biri bank ko‘rinishida, boshqasi moliya muassasasi niqobi ko‘rinishida ishlagan bunday tashkilotlar televideniye va bosma nashrlar orqali reklamaga zo‘r berar va odamlarga agar pullarini omonatga qo‘yishsa salmoqli foizlarda pullar to‘lashini aytardi.

Sotsialistik tuzum parchalangach birdaniga kapitalistik tuzumga yo‘liqqan, moliyaviy piramida nima ekanligini bilmagan millionlab sodda odamlar o‘zlari qiynalib yig‘gan pullarni foyda ilinjida firibgarlar qo‘liga olib borib topshirardi.

Oxir-oqibat 1990-yillar o‘rtalariga kelib kimning kim ekani oshkor bo‘la boshladi va ana shunda odamlar chuv tushishganini tushunib yetishdi. Afsuski, bu paytga kelib foyda u yoqda tursin, omonatga qo‘yilgan pullarni qaytarib olishning ham mutlaqo iloji yo‘q edi.

O‘sha paytda “Chara-bank” nomi bilan tanilgan bank ham ko‘plab odamlarni chuv tushirgan moliyaviy piramidalarning biri edi. O‘shanda bu tashkilot ham 150 ming odamni aldab pullarini yig‘ib olgach o‘zlashtirib yuborgandi.

Shoirdan chiqqan tadbirkor

“Chara-bank”ni 1991 yilda Vladimir Rachuk va uning xotini Marina Franseva tashkil etishgan. Bu shaxsning ism-sharifi ko‘pchilikka tanish emas. U haqda hatto Vikipediyaning ruscha bo‘limida ham ma’lumot yo‘q. Chunki Vladimir uzoq yashamagan va 1994 yilda 46 yoshida shubhali tarzda vafot etgan.

Vladimir Rachuk 1949 yilda Moskvada san’atshunoslar oilasida tug‘iladi. Uning otasi badiiy va hujjatli filmlar ishlab chiqarish boshqarmasi boshlig‘i vazifasida ishlagan. Shu sababli oila juda ko‘plab adiblar, aktyorlar bilan tanish edi.

Vladimir yoshligida shoir bo‘lishni orzu qiladi va she’rlar yozib turadi. Maktabni bitirgach u Madaniyat institutida tahsil oladi. 1980-yillar boshlarida Vladimir Marina Franseva bilan tanishadi va u bilan turmush quradi. 1984 yilda ularning o‘g‘li tug‘iladi.

1980-yillar oxirlarida mamlakatda o‘tkazilayotgan “Qayta qurish” islohotlari sharofati bilan Vladimir sayyohlarga xizmat ko‘rsatuvchi firma ochadi.

Vladimir Radchuk va Marina Franseva

1991 yilda SSSR parchalanib ketganidan so‘ng “Chara” nomi bilan xususiy sug‘urta agentligi tashkil etadi. O‘shanda u agentlikni ommalashtirish uchun tanish aktyorlar va xonandalardan foydalanadi. Alla Pugachyova, Nikita Mixalkov kabi taniqli yulduzlar uning ilk mijozlari bo‘lishadi.

Chara-bank”ning tashkil etilishi

Qo‘liga biroz pul tushgandan so‘ng Vladimir Radchuk 1992 yil boshlarida “Chara-bank” nomi bilan xususiy bank ochish harakatlarini boshlaydi. 1992 yil 31 dekabr kuni u ustav kapitali 100 mln rubl bo‘lgan bank ochilganini e’lon qiladi.

Vladimir va Marinada bank ishi bo‘yicha umuman tajriba yo‘q, ular “Pul pul keltiradi, ishni boshlasak u yog‘i silliq ketaveradi” degan umumiy tushuncha bilan ish boshlashadi.

Avvaliga bank faqat valuta almashtirish bilan shug‘ullanadi. So‘ng omonat oldi-berdisini boshlaydi. 1993 yil yozda Markaziy bank hali tegishli litsenziyani olmagan “Chara-bank”ni yopishini aytib tahdid qiladi.

Shundan so‘ng Vladimir yana san’atkorlardan yordam so‘raydi. Ko‘p o‘tmay “Izvestiya” gazetasida mamlakatning bir guruh eng taniqli shaxslarining murojaati e’lon qilinadi.

E’londa ular “Chara-bank” Rossiya uchun muhim muassasa ekanligini, bank kam ta’minlangan aholi vakillarining omonatlarini saqlab, ularga adolat bilan foyda to‘layotgani va boshqa gaplar bor edi.

Oxir-oqibat 1993 yil sentabrda Markaziy bank “Chara-bank”ga kerakli litsenziyani berishga majbur bo‘ladi. Tegishli hujjat qo‘lga kiritilgandan so‘ng bank o‘z faoliyatini kengaytiradi va moliyaviy piramida yo‘lidan ketadi.

"Chara-bank" tomonidan berilgan e’lon

O‘shanda bank omonatchilariga dollarda yillik 72 foiz, rublda esa oyiga 15 foizlik foyda berishini aytib reklama bera boshlaydi. Natijada bank bo‘limlari omonatga pul qo‘yish istagida bo‘lgan odamlarga to‘lib ketadi.

Bank hisobiga juda katta pullar kelib tushgandan so‘ng er-xotinlar pullarni “bebiliska” ishlata boshlaydi. Ayniqsa Marina Franseva katta miqdordagi pullarni qimmat kiyimlar, avtomobil, taqinchoqlarga sarflab yuboradi. Vladimir ham undan qolishmaydi.

Rossiyadagi nashrning birida yozilishicha, bir marta Marina Fransiya janubidagi boylar dam oladigan maskandan eriga qo‘ng‘iroq qilib, “Menga 300 ming dollar chiqarib yubor, ko‘chaga kiyib chiqishga yangi kiyimim qolmadi” deydi.

Boshqa safar bank bo‘limi boshlig‘i kirib qo‘l ostidagi xodimga mukofot puli berish haqida gapirganda “10 ming yetadimi?” deb so‘raydi. Rublni nazarda tutgan xodim yelka qisadi. Shunda ayol bo‘lim boshlig‘i oldiga 20 ming dollar tashlaydi.

Vladimir esa o‘zi va xotiniga sarflanayotgan pullardan tashqari turli ko‘rgazmalar, ijodiy kechalar va filmlar suratga olishga homiylik qiladi. Shu tariqa odamlar omonatga qo‘ygan pullarning katta qismi er-xotin tomonidan shohona hayot uchun sarflanaveradi.

Vladimir Radchuk va Marina Franseva Foto: Kommersant

Vladimir va “Chara-bank” uchun muammolar 1994 yilda boshlanadi. Rossiya soliq politsiyasi uning firmalaridan birini 5,8 mlrd rubl jarimaga tortadi. Vladimir avvaliga soliqchilarning bu qaroriga qarshi chiqadi. Biroq hech narsani o‘zgartirib bo‘lmaydi va u bankning pulidan olib jarimani yopadi.

Bundan tashqari, Vladimir “Chara-bank”da odamlarning omonatlaridan yig‘ilgan pullardan 5,5 mln dollarni yangi avtomobil zavodi qurish loyihasiga tikadi. 1994 yilda bu loyiha to‘xtatiladi va unga pul tikkan firmalar, odamlar pullariga kuyishadi. Shu jumladan, “Chara-bank” ham.

Bu loyiha Boris Berezovskiyga tegishli bo‘lib, o‘shanda u yangi avtomobil zavodi qurib, pullarni oshiqchasi bilan qaytarishni va’da qilib, 3 mln odamni chuv tushirgandi.

Shu tariqa bankdagi pullarni ishlatib yuborayotgan bank odamlarning avvalroq qo‘yilgan omonatlarini qaytarish uchun yangi mijozlarni jalb etish uchun yolg‘on va’dalar bera boshlaydi.

Avvaliga bu ish beradi va “Chara-bank” yangi mijozlardan ancha mablag‘ qabul qiladi. Biroq 1994 yil oktyabrda sodir bo‘lgan ish barchasini barbod qiladi.

1994 yil 11 oktyabr kuni Moskvadagi banklararo valuta birjasida dollar narxi birdaniga 40 foizga oshib ketadi. Shunda ko‘plab mijozlar dollarda qo‘yilgan omonatlarni qaytarib olish uchun “Chara-bank” bo‘limlariga kelishadi. Bank omonatlarni to‘lay olmay qoladi.

14 oktyabr kuni dollar kursi pasayib, eski narxga qaytadi. Biroq pulini qaytarib olishni xohlovchilar safi ko‘payib boraveradi. 18 oktyabrga borib “Chara-bank” omonatlarni qaytarib berishni to‘xtatganini va jarayon to‘rt oyga muzlatilganini e’lon qiladi.

Vladimir Radchuk bu davrda xorijdan kredit olmoqchi bo‘ladi. Biroq Yevropadagi banklar kredit berishni rad etishadi. Shu tariqa Chara-bank” og‘ir vaziyatga tushib qoladi.

Xorij banklari kredit berishni rad etgani Vladimirga yomon ta’sir qiladi. 1994 yil noyabr oyida uni o‘z uyida jonsiz holda topishadi. Ekspertiza u o‘z joniga qasd qilgan deb topadi.

Vladimirning vafotidan so‘ng uning jinoiy to‘dalarga boj to‘lab kelgani oshkor bo‘ladi. 1994 yilda Vladimir va Marina Ispaniyada dam olayotganda “Silvestr” laqabli jinoyatchining guruhi tomonidan o‘g‘irlab ketiladi.

“Silvestr” Rossiyadagi “Yaponchik” laqabi bilan tanilgan jinoyatchining sherigi edi. O‘shanda jinoyatchilar er-xotinni katta pul evaziga ozod qilishadi. Bundan tashqari, “Yaponchik” Vladimirga yirik miqdorda o‘lpon to‘lash majburiyatini qo‘yadi.

"Yaponchik" nomi bilan tanilgan Vyacheslav Ivankov AQShda qo‘lga olinadi va bir necha yil qamoqda o‘tiradi.

Er-xotin Moskvaga qaytgandan so‘ng Vladimir KGBga murojaat qiladi. Marina esa otasidan yordam so‘raydi. Rossiya nashrlarining yozishicha, o‘shanda Rossiyaning eng taniqli kardioxirurgi bo‘lgan Marinaning otasi KGB “kattalari” bilan yirik miqdordagi pul evaziga kelishuvga erishadi.

Shundan so‘ng “Silvestr” o‘z mashinasida ketayotganda portlatiladi. “Yaponchik”ni esa 1995 yilda Amerikada hibsga olishadi. Shuningdek, “Chara-bank”ning 3,5 mln dollar pullarini o‘zlashtirgan “Summit International” rahbarlari Vladimir Voloshin va Aleksandr Volkov AQShga qochib ketadi.

Marinaning qochib ketishi va bankning bankrot bo‘lishi

O‘shanda aftidan Vladimir Radchuk infarkt bo‘lmagan, katta ehtimol bilan uni o‘ldirishgandi. Chunki Marina uni ikkinchi marta ekspertiza qilishlariga yo‘l qo‘ymaydi va erining jasadini kuydirish yo‘li bilan yo‘q qiladi.

Vladimirning o‘limidan 40 kun o‘tgach Marina Moskvadagi jinoiy guruhlardan birining rahbariga turmushga chiqadi. So‘ng “Chara-bank”dagi pullarning bir qismini xorijga o‘tkazib, yangi eri bilan Yevropaga qochib ketadi. Shundan so‘ng ayolga federal qidiruv e’lon qilinadi.

Marina qochib ketgandan so‘ng bankka Vladimir Fadayevni rahbar qilib tayinlashadi. O‘sha paytda bankning 120 mingdan oshiq odamdan 131 mlrd rubl qarzi bor edi.

Omonatga pul qo‘yganlar sudlarga murojaat qila boshlashadi va qisqa muddatda bir necha o‘n ming dona ariza beriladi. Moskvadagi qariyb barcha tuman sudlarida “Chara-bank”ga qarshi ochilgan da’vo ishi ko‘rilardi.

Oxir-oqibat, Taganskiy sudi har bir omonatchiga 1 rubl uchun 48 tiyindan pul qaytarish haqida qaror chiqaradi. Bank shu joyda ayyorona o‘yin qiladi va bir qancha mashhur shaxslarning pullarini to‘lab beradi. Ular bank pullarni qaytarayotgani haqida chiqishlar qilishadi. Biroq bank qolganlarga bir tiyin ham to‘lab bermaydi.

1995 yilda politsiyaning iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashuvchi bo‘limi bank ofislarida tintuv o‘tkazadi. So‘ng barcha hujjjatlar ko‘rib chiqiladi. Ana shunda “Chera-bank”ning odamlardan qarzi Markaziy bank hisobotida ko‘rsatilgandan 10 baravar ko‘proqligi ma’lum bo‘ladi. Umumiy hisobda bankda omonatchilarning 1,5 trln rubl yoki qariyb 250 mln dollar puli bo‘lgan.

Hujjatlar o‘rganilganda bank moliyaviy piramida bilan shug‘ullangani aniqlanadi. Jumladan, Marina egaligidagi firmaga Vladimir, u egalik qilgan firmaga Marinaning imzosi bilan pullar chiqarilgani oshkor bo‘ladi.

Garchi bank rahbarlari firibgarlik qilib kelgani aniqlangan bo‘lsa-da uning litsenziyasini 1997 yilga kelib bekor qilishadi. O‘sha yili politsiya Marina Fransevani yashirinib yurgan joyidan topadi va aldab Moskvaga chaqirib oladi. So‘ng u hibsga olinadi.

Biroq ko‘p o‘tmay Marinaga nisbatan ochilgan jinoyat ishi bo‘yicha surishtiruv olib borayotgan mayor Mixail Larin sirli ravishda halok bo‘ladi. Uni ota-onasiga tegishli kvartirada, o‘ziga o‘q uzgan holda topishadi.

O‘shanda mayorning o‘limini Marinaning keyingi eri, jinoiy to‘da boshlig‘i bo‘lgan shaxsdan gumon qilishadi. Biroq qotillar “toza” ishlagani uchun aniq dalillar topilmaydi.

Mayor halok bo‘lgandan so‘ng ham tergov davom ettiriladi. Sudning qarori bilan Marinaning barcha aniqlangan mulklari kimoshdi savdosida sotilib, jabrlanuvchilarga bo‘lib beriladi. Omonatchilarning har biriga arzimagan bir yarim tiyindan pul to‘g‘ri keladi.

Marina va “Chera-bank”ka qarshi ochilgan jinoyat ishi 1 875 tom bo‘ladi. Ayol uni o‘qib chiqishi uchun qamoqdan uy qamog‘iga o‘tkaziladi.

Surishtiruv ishlari olti yil davom etadi. 2004 yilda jinoiy ish bo‘yicha muddat o‘z nihoyasiga yetadi va Rossiya tergov qo‘mitasi ishni yopib, Marina Fransevani ozod qiladi.

Biroq ko‘p o‘tmay uni endi boshqa ish – o‘g‘rilik ishi bo‘yicha hibsga olishadi. 2001 yilda u antikvar buyumlar sotiladigan joydan qimmat suratni pulini bermay olib ketgandi.

Bu safar unga 6 yil qamoq jazosi berishadi va uni 4 yillik sinov muddati bilan almashtirishadi. Ko‘p o‘tmay ayol Ispaniyaga qochib ketadi. Aytishlaricha, Marina Ispaniyada ham tadbirkorlik qilayotgan ekan.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid

E`lonlar