FastAI nomi bilan targ‘iboti boshlangan yangi platforma ming dollarga robot sotib olib, 60 kun davomida kunlik 37 dollardan daromad ko‘rishni taklif etmoqda. Go‘yoki, robot unga investitsiya kiritgan inson uchun “ishlaydi”. Biroq na robotni, na u qilayotgan ishni amalda ko‘rish imkonsiz: bu moliyaviy piramidaning “pul tiking va foyda ko‘ring” formulasiga asoslangan navbatdagi firib. Afsuski, bu yolg‘onga ham pul kiritayotgan yurtdoshlarimiz talaygina.

Eski uslubga yangi “to‘n”

O‘zbekistonda ketma-ket paydo bo‘lgan hamda ko‘plab insonlarni chuv tushirgan moliyaviy piramidalar asosan video ko‘rish va ularga layk bosish orqali pul topish yolg‘oniga qurilgandi. Bugunga kelib odamlarni bunday yolg‘onlarga ishontirish tobora qiyinlashib bormoqda. Shu sababli, moliyaviy piramidalar yangi yolg‘onlar o‘ylab topishga kirishdi. Shulardan biri FastAI nomi ostida targ‘ib qilinayotgan platforma hisoblanadi.

FastAI moliyaviy piramidasi robot sotib olish orqali daromad ko‘rishni va’da qilmoqda. So‘nggi 2-3 yilda o‘nlab moliyaviy piramidalarga minglab odam chuv tushganiga qaramay, FastAI’ga ishonuvchilar ham topilmoqda. Biroq investor uchun “ishlashi” aytilayotgan robotning o‘zi yo‘q: uni ko‘rish yoki daromad keltirayotgan qanday ish qilayotganini bilish imkonsiz.

Brend ortiga berkinish

So‘nggi 10-15 kunda O‘zbekistonda FastAI ijtimoiy tarmoqlar orqali faol targ‘ibot qilina boshlandi: Telegram’da guruhlar tashkil etilib, ko‘p odam jalb qilganga bonuslar taklif etilmoqda. 

Tarqatilgan targ‘ibot materiallarida keltirilishicha, “FastAI global miqyosida yetakchi AI texnologiyalari kompaniyasi” ekan. Kompaniya 2018 yilda tashkil etilgani, AQSh va Buyuk Britaniyada o‘z ofislariga egaligi, barcha zarur lizensiya hamda ruxsatnomalari borligi aytiladi.   

“FastAI global yetakchi fond birjalari, venchur kapital firmalari, AI tadqiqot institutlari va xalqaro inkubatorlar bilan hamkorlik qiladi. FastAI yuqori chastotali savdoni ta’minlash va barqaror foyda olish uchun AI texnologiyasini yetakchi global savdo institutlari bilan birlashtiradi”, deyiladi kompaniya haqidagi ma’lumotda.

Shuningdek, kompaniya O‘zbekistonda 7 oydan buyon faoliyat yuritib kelayotgani bildirilgan. 

Aslida, FastAI nomi ostida ishlaydigan onlayn ta’lim platformasi bor. Biroq sun’iy intellektni o‘rgatadigan ushbu platforma hech qanday robot sotish bilan shug‘ullanmaydi va investitsiya kiritish orqali daromad va’da qilmaydi. FastAI moliyaviy piramidasi esa haqiqiy FastAI’ning ortiga berkingan holda uning nomidan foydalanib, odamlarni chuv tushirishga harakat qilmoqda.