Jahon | 14:55 / 11.02.2025
1327
3 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqi AQShdan yangi bojlar haqida yozma bildirishnoma olmadi

Yevropa Ittifoqi o‘z eksportiga bojlar kiritish uchun hech qanday sabab ko‘rmayapti, biroq Yevropa biznesi manfaatlarini himoya qilish uchun zarur bo‘lsa, javob qaytaradi, deya ma’lumot berdi Yevrokomissiya.

Foto: Getty Images

Yevropa Ittifoqi hali AQShdan Yevropa Ittifoqining po‘lat va alyuminiysiga qo‘shimcha bojxona to‘lovlarini joriy etish to‘g‘risida yozma xabarnoma olmagan va shuning uchun qo‘shimcha tafsilotlarni aniqlamay turib, hech qanday javob choralarini ko‘rmoqchi emas. Bu haqda 10 fevral, dushanba kuni Yevrokomissiya (YeK) ma’lum qildi. YeK ta’kidlaganidek, hozirda «Yevropa Ittifoqi o‘z eksportiga tariflarni joriy qilish uchun hech qanday sabab ko‘rmayapti». «Biz Yevropa bizneslari, ishchilari va iste’molchilari manfaatlarini asossiz choralardan himoya qilish uchun javob beramiz», — deyiladi hujjatda.

Shu bilan birga, Yevropa Komissiyasi «tariflarni joriy etish noqonuniy va iqtisodiy jihatdan teskari bo‘lishini, ayniqsa, Yevropa Ittifoqi va AQSh tomonidan transatlantik savdo va investitsiyalar orqali yaratilgan chuqur integratsiyalashgan ishlab chiqarish zanjirlari»ga zarar yetkazishini ta’kidladi.

«Tariflar mohiyatan soliq hisoblanadi. Qo‘shma Shtatlar tariflarni joriy qilish orqali o‘z fuqarolarini soliqqa tortadi, biznes xarajatlarini oshiradi va inflatsiyani kuchaytiradi. Bojlar ham iqtisodiy noaniqlikni kuchaytiradi va global bozorlarning samaradorligi va integratsiyasini buzadi», — deyiladi bayonotda.

Makron Trampni YeI bilan savdo urushiga kirishmaslik haqida ogohlantirdi

Fransiya prezidenti Emmanuel Makronga ko‘ra, AQShning Yevropa Ittifoqi tovarlariga bojlar joriy etishi inflatsiyaning oshishiga olib kelishi bilan Amerika iqtisodiyotiga zarar yetkazishi mumkin. Makron 10 fevral kuni CNN telekanaliga bergan intervyusida Vashingtonni Yevropa Ittifoqi bilan savdo urushini boshlash o‘rniga Xitoy, Yaqin Sharqdagi inqiroz va Ukrainadagi urushga qarshi turishga e’tibor qaratishga chaqirdi.

«Yevropa sizning ittifoqdoshingiz va agar siz Yevropa sarmoya, mudofaa va xavfsizlik masalalarida ko‘proq ishtirok etishini istasangiz, taraqqiyotga umid qilsangiz, bu AQSh manfaatlariga mos keladi, deb hisoblayman, bojlar bilan tahdid qilib, Yevropa iqtisodiyotiga zarar yetkazmasligingiz kerak», deb ta’kidladi Fransiya prezidenti.

Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Yevropa Ittifoqiga bojxona to‘lovlari bilan tahdid qilib, Yevropa bilan savdo taqchilligini kamaytirish zarurligini aytib o‘tgandi. Yevropa Ittifoqi tegishli javobga tayyor ekanini ma’lum qildi. Bir kun avval Tramp barcha davlatlar uchun istisnosiz AQShga po‘lat va alyuminiy importiga 25 foizlik boj joriy etilishini e’lon qildi. Uning birinchi prezidentlik davridagi xuddi shunday harakat AQSh va Bryussel o‘rtasida keskin savdo mojarosiga olib keldi. O‘shanda Yevropa Ittifoqi bir qator Amerika tovarlari, jumladan, Harley-Davidson mototsikllari va Levi Strauss kiyim-kechak brendiga o‘zining maxsus bojlarini o‘rnatdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid