Jahon | 22:55 / 17.02.2025
2759
3 daqiqa o‘qiladi

WP: Yevropa davlatlari tinchlik bitimi doirasida Ukrainaga 30 ming harbiy yubora oladi

Xususan, Fransiya 10 mingga yaqin askarini Ukrainaga jo‘natishga tayyorligini bildirgan. Germaniya esa AQSh ishtirokisiz o‘z qo‘shinlarining Ukrainaga jo‘natilishiga qarshi chiqmoqda.

Foto: AP

Yevropa davlatlari Rossiya—Ukraina urushini tugatish to‘g‘risidagi tinchlik bitimi doirasida Ukrainaga 25-30 ming harbiy yuborish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda The Washington Post o‘z manbalariga tayanib xabar berdi. YeI hukumati ushbu qo‘shinlarni «tutib turish» kuchlari deb atmoqda.

Qayd etilishicha, bu kabi raqamlar YeI davlatlarining Vashington tomonidan Ukrainani qo‘llab-quvvatlash imkoniyati qanchalik ekani to‘g‘risida bergan savollariga javobida keltirilgan.

Taxminlarga ko‘ra, yevropalik harbiylar to‘qnashuv chizig‘iga joylashtirilmaydi, biroq Rossiya qo‘shinlari «urushni qayta boshlashga» urinsa, ular o‘z «kuchini namoyon etishga» tayyor turadi. Bundan tashqari, ushbu kuchlar «zudlik bilan harbiy salohiyatni oshirish va oldinga harakatlanish kerak bo‘lib qolsa», Ukrainadan tashqaridagi harbiylar tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanadi.

Xususan, Fransiya 10 mingga yaqin harbiy ajratishi mumkinligini ma’lum qilgan. O‘z navbatida AFP’ni yozishicha, Germaniya agar AQSh ishtirok etmasa, tinchlikparvar missiya uchun Ukrainaga qo‘shinlari yuborilishiga qarshi chiqmoqda. «Biz Yevropa va Amerika xavfsizlik siyosati bir-biridan uzoqlashadigan, masalan, yevropalik askarlar AQShning to‘liq ishtirokisiz yuboriladigan ssenariyda ishtirok etmaymiz», — deydi agentlikning Germaniya hukumatidagi suhbatdoshi.

The Telegraph tomonidan 16 fevral kuni e’lon qilingan maqolada Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer mamlakat Ukrianaga o‘z qo‘shinlarini yuborishga tayyor ekanini aytgani keltirilgan.

Avvalroq Bloomberg uchun intervyuda Volodimir Zelenskiy 200 ming raqami ko‘proq majoziy ekani va kontingentning haqiqiy soni Rossiya talab qiladigan ukrain armiyasi miqdoriga bog‘liq bo‘lishi kerakligini aytgandi. «Agar biz uni [ukrain armiyasini] 200 mingga, 300 yoki 500 mingga qisqartirsak, qisqartirganimiz o‘rniga boshqa qo‘shinlar kerakligini anglatadi», — degan Ukraina prezidenti.

Mavzuga oid

E`lonlar