Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ispaniyada yana bir mojaroli o‘yin: «Barsa» birinchi o‘ringa qaytdi
«Rayo Valekano» ustidan g‘alaba qozonish uchun penaltidan urilgan bir gol yetarli bo‘ldi. Raqibning goli esa inobatga olinmadi.
La Liga. 24-tur
«Barselona» — «Rayo Valekano» 1:0
Gol: Levandovski (28, penalti).
«Barselona» – Shesni, Balde, Martines, Kubarsi (Erik Garsiya, 81), Fort (Kunde, 66), Pedri, de Yong (Kasado, 88), Rafinya, Gavi (Olmo, 66), Yamal, Levandovski (Ferran Torres, 81).
«Rayo Valekano» – Batalya, Chavarriya, Mumin, Lejyen, Ratsiu, Siss (Oskar Valentin, 74), Dias (Gumbau, 61), Garsiya (Gvardiola, 87), Palason (Trexo, 74), De Frutos, Nteka (Embarba, 61).
Ogohlantirishlar: Siss (27), Ratsiu (41), Gavi (45+2), Embarba (87), Torres (90+5).
«Barselona» va «Rayo Valekano» Ispaniya chempionati 24-turini yopib berdi. Uning yakunlariga ko‘ra «Real» turnir jadvalidagi birinchi o‘rindan tushib ketdii.
Katalonlar klubi uikendda ajoyib sovg‘alarga ega bo‘lgandi. «Real» «Osasuna» bilan o‘yinda (1:1), «Atletiko» — «Selta»ga qarshi bahsda (1:1) ochko yo‘qotdi. Shu tariqa, «Barsa» o‘z o‘yinida g‘alaba qozonish orqali birinchi o‘ringa qaytishi mumkin bo‘ladigan vaziyat yuzaga keldi. Raqib esa oltinchi o‘rinda joylashgan va chempionatda 2024 yil 1 dekabrdan buyon yutqazmayotgandi. Qolaversa, birinchi davrada «Real»dan ochko olishga erishgandi (3:3).
O‘yinning dastlabki 20 daqiqasida vaziyatlar bo‘lmadi. «Barselona» uzoq vaqt davomida to‘pga egalik qildi, ammo raqib darvozasi atrofida keskinlik yaratish muammo bo‘ldi. Birinchi bo‘limning ikkinchi yarmi esa ancha qiziqarli kechdi. Rafinya to‘rt daqiqa ichida ikki bor golli vaziyatga ega bo‘ldi. Braziliyalik vinger avvaliga olis burchakni aniq nishonga ololmadi, keyin esa uning zarbasini mehmonlar posboni Augusto Batalya to‘sishga erishdi.
«Barsa» o‘yindan gol urolmagan bo‘lsa-da, bu ishni penaltidan uddaladi. Arbitr Mariya Melero Lopes Pate Siss va Inigo Martinesning yakkakurashida hech qanday fol ko‘rmagandi, ammo vaziyatga videoyordamchilar aralashdi. Siss chindan ham raqibni qo‘l bilan ushlab qolgandi, ammo to‘p baribir «Barselona» futbolchisiga yetib bormasdi, chunki «Rayo Valekano» darvozaboni to‘pga chiqishga ulgurgan va uni jarima maydonidan uzoqlashtirgandi.

Monitor qarshisiga borgan hakam qarorini o‘zgartirdi va penalti belgiladi, Robert Levandovski esa Batalyani alday oldi — to‘p avval ustunga, keyin darvoza to‘riga bordi. Himoyachilar to‘p tepilishidan oldin raqib vakillari jarima maydoniga kirib ketganini ko‘rsatib, bildirgan e’tirozlariga quloq solinmadi.
Ko‘p o‘tmay Lamin Yamal yaqin burchakka yo‘llagan zarbasi bilan darvozabonni sinovdan o‘tkazdi — Batalya yaxshi harakat qildi. «Rayo» bo‘lim oxirida oldinga bordi va bir necha vaziyatlar yaratdi. Voysex Shchensni Randi Ntekyaning zarbasini qiyinchilik bilan bartaraf etdi, keyin esa Alvaro Garsiya qaytgan to‘pni darvozaga kiritib yuborishiga yo‘l qo‘ymadi.
Bo‘limning so‘nggi daqiqasida esa Siss yana diqqat markazida bo‘ldi – bu safar golli pas berdi. U to‘pni jarima maydoni ichiga kirib borgan Xorxe De Frutosga oshirdi va bir harakat bilan o‘ziga bo‘ysundirib, keyingi harakatida darvozani ishg‘ol etdi.
De Frutosda ofsayd yo‘q edi. Orqada qolib ketgan Randi Nteka esa, bir qarashda vaziyatga ta’sir ko‘rsatmagandek ko‘ringandi.

Ammo videotakror aksini ko‘rsatdi: u De Frutosdan to‘pni olib qo‘yish uchun yugurgan Martinesning yo‘lini to‘sgandi.

Sobiq hakam Eduardo Iturralde Gonsales vaziyatni shunday baholaydi: «Barchasi yaqqol ko‘rinib turibdi. [Epizodga] davomli aralashuv tufayli. VAR referini [monitorga] chaqirmagan, chunki assistent haq edi. Agar hammasi boshqacha bo‘lganida va laynsmen bayrog‘ini ko‘tarmaganida, VAR aralashishi kerak bo‘lardi».
Boshqa bir sobiq arbitr Alfonso Peres Burrul esa bunga qo‘shilmaydi: «Bu epizodga aralashuv va u qoidalar chegarasida. Menimcha, Nteka Inigo Martinesni bloklamagan. «Barselona» himoyachisi «Rayo» futbolchisiga xalal berolmadi».
Shundan keyin o‘yinda boshqa gol ham, penalti ham bo‘lmadi. Tanaffusdan keyin Dani Olmo ishtirokidagi holat yodda qoldi. Ispaniyalik futbolchi kutilmaganda o‘girilib, bir harakat bilan ikki himoyachini ortda qoldirdi, shundan keyin darvozabon bilan kontaktdan keyin gazonga quladi. Batalya unga tegingandi, ammo hakam «nuqta»ni ko‘rsatmadi.

Rafinyada ham yaxshi imkoniyat bo‘ldi, ammo braziliyalik tezkor hujumni qulay pozitsiyada turib to‘pni to‘sin yuqorisidan yo‘llash bilan yakunladi.
Keyin esa «Barsa»ning omadi keldi. «Rayo» 90+1-daqiqada xavfli vaziyat yaratdi, ammo de Frutos o‘ziga hech kim xalal bermagan holatda boshda yo‘llagan zarbasi darvoza sohasiga to‘g‘ri bormadi. Kataloniyaliklar o‘ta og‘ir kechgan bahsda g‘alabali hisobni ushlab qolishdi va turnir jadvalida birinchi o‘ringa qaytdi.
«Barselona» barcha turnirlar doirasida qatorasiga 12-o‘yinda yutqazmayapti – katalonlarni 2025 yilda hali hech kim mag‘lub etolmadi. La Ligada bu – qatorasiga to‘rtinchi g‘alaba bo‘ldi.
Bu to‘rt o‘yinning barchasida Levandovski bittadan gol urdi. Endi polshalik hujumchining chempionatdagi gollari soni 20 taga yetdi – va Kilian Mbappni uch gol, Rafinya va Ante Budimirni yetti gol farqi bilan ortda qoldirib, to‘purarlar poygasida yaqqol peshqadam bo‘lib turibdi.

Mavzuga oid
12:01 / 25.05.2026
«Arsenal» kubok ko‘tardi, «Siti» va «Liverpul» afsonalari bilan xayrlashdi
11:01 / 19.05.2026
«Arsenal» g‘alabali seriyani davom ettirdi va chempionlikka yaqinlashdi
20:37 / 16.05.2026
Levandovski «Barselona»ni tark etishini e’lon qildi
02:34 / 11.05.2026