O‘zbekiston | 22:45 / 18.02.2025
587
2 daqiqa o‘qiladi

Kanada va Ispaniyaning O‘zbekistondagi yangi elchilari tayinlandi

Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Kanada va Ispaniyaning yangi tayinlangan elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi.

Kristofer Duggan Kanadaning O‘zbekistondagi yangi elchisi etib tayinlandi. Bu haqda tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, bugun, 18 fevral kuni TIV rahbari Kanadaning O‘zbekistondagi yangi tayinlangan elchisi Kristofer Duggandan ishonch yorliqlarini qabul qilgan.

«Hozirda O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari faol tashqi siyosat olib bormoqda. Mintaqamizning global roli ham kengayib bormoqda. Biz O‘zbekiston—Kanada aloqalarida hali ro‘yobga chiqmagan katta salohiyat ko‘rmoqdamiz. Janob elchiga faoliyati davomida mamlakatlarimiz o‘rtasida mavjud ko‘priklarni mustahkamlash va yangilarini barpo etishda muvaffaqiyatlar tilaymiz», — deb yozadi Baxtiyor Saidov o‘zining Telegramʼdagi kanaliga.

Eslatib o‘tamiz, mamlakatning O‘zbekistondagi avvalgi elchisi Alan Hemson edi. U 2023 yil oktyabr oyida missiyasini yakunlagan Elison Lekler o‘rnini egallagandi.

Shuningdek, tashqi ishlar vaziri Ispaniyaning O‘zbekistondagi yangi tayinlangan elchisi Rikardo Martines Vaskesdan ham ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi.

«Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar dinamikasi yuqoriga qarab ketayotganligi yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari birgalikda hayotga tatbiq etishi lozim bo‘lgan ulkan imkoniyatlarni alohida e’tirof etdik», — deydi Saidov.

 

Mavzuga oid