Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh Davlat kotibi urush tugamaguncha Rossiyadan sanksiyalar olib tashlanmasligini aytdi
Marko Rubio Rossiya va AQSh vakillarining Saudiya Arabistonidagi muzokaralaridan so‘ng, darhol bo‘lib o‘tgan telefon suhbati chog‘ida «yevropalik hamkasblari guruhi»ni bunga ishontirgan.
AQSh Davlat kotibi Marko Rubio yevropalik ittifoqchilarga prezident Donald Tramp ma’muriyati hech bo‘lmaganda Rossiya-Ukraina urushini to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilgunga qadar Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni saqlab qolishini ma’lum qildi. Bu haqda manbalarga tayanib Bloomberg yozdi.
Rubio Rossiya va AQSh vakillarining Saudiya Arabistonidagi muzokaralaridan so‘ng darhol bo‘lib o‘tgan telefon suhbati chog‘ida «yevropalik hamkasblari guruhi»ni bunga ishontirgan.
AQSh Davlat departamenti Ar-Riyozdagi uchrashuvdan so‘ng, Rubio Fransiya, Germaniya, Italiya, Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirlari hamda Yevropa diplomatiyasi rahbari Kaya Kallasga qo‘ng‘iroq qilganini rasman ma’lum etdi.
«Davlat kotibi tashqi ishlar vazirlariga ushbu uchrashuv haqida ma’lumot berdi. Ular Ukrainadagi mojaroga uzoq muddatga barham berishga erishish uchun harakat qilib, yaqin aloqalarni davom ettirishga kelishib oldilar», deyiladi departament xabarida.
18 fevral kuni Ar-Riyozda Rossiya va AQSh delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida Rubio Rossiya-Ukraina urushi yakunlansa, G‘arb davlatlari Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilishga majbur bo‘lishini aytdi. «Har qanday mojaroga barham berish uchun barcha tomonlar yon berishi kerak», dedi AQSh Davlat kotibi Vashington tomonidan Moskvaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar kelajagi haqidagi savolga javob berar ekan.
AQSh Davlat kotibining sanksiyalarni saqlab qolish haqidagi va’dasi Vashington Moskva bilan kelishuvga erishishidan qo‘rqqan yevropalik ittifoqchilarga «biroz taskin berishi mumkin», deb yozdi Bloomberg.
G‘arb davlatlari, jumladan, AQSh va Yevropa Ittifoqi Rossiya qo‘shinlarining 2022 yil fevralida Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan so‘ng, Rossiyaga qarshi keng ko‘lamli sanksiyalar kiritgan.
Mavzuga oid
18:31
AQSh sayyohlik va biznes vizalari uchun tezkor suhbat bo‘yicha pullik xizmatni yo‘lga qo‘yadi
15:12
Amerika biznesi O‘zbekiston loyihalariga qiziqishni kuchaytirmoqda - Saida Mirziyoyeva
13:13
Ho‘rmuz yaqinida AQSh armiyasining «Apache» vertolyoti qulab tushdi
10:25