O‘zbekiston | 19:55 / 19.02.2025
3644
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdan Istanbulga uchadigan ikki kunlik reyslar bekor qilindi

20-21 fevral kunlari amalga oshiriladigan Toshkent-Istanbul-Toshkent reyslari noqulay ob-havo sharoiti tufayli bekor qilindi.

Foto: Mufti Rakadia

Uzbekistan Airways noqulay ob-havo sharoiti tufayli Toshkentdan Istanbulga uchadigan reyslarini bekor qildi. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, noqulay ob-havo sharoiti tufayli va Istanbul xalqaro aeroporti ma’muriyati qaroriga ko‘ra, faqat 2025 yilning 20-21 va 21-22 fevral kunlari Uzbekistan Airways Toshkent—Istanbul—Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha HY281/282 aviaqatnovlarini bekor qilishga majbur bo‘lmoqda.

Bekor qilingan aviaqatnovlar yo‘lovchilari tashuvi yuqorida keltirilgan sanalarning kunduzi vaqtida amalga oshiriladigan HY71/272 va HY273/274 aviaqatnovlari orqali rejalashtirilgan.

«Murakkab ob-havo sharoiti va yog‘ingarchilik (qor yog‘ishi) kutilayotganini hisobga olgan holda, yo‘lovchilardan parvozga ro‘yxatdan o‘tish uchun oldinroq kelishlarini so‘raymiz», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, qaror Meteorologiya aviatsiyasini muvofiqlashtirish qo‘mitasining 18 fevraldagi Istanbul xalqaro aeroportidagi inqirozli vaziyat bo‘yicha majburiy va tavsiyaviy talablari asosida qabul qilingan.

Mavzuga oid