Jahon | 20:56 / 25.02.2025
5593
4 daqiqa o‘qiladi

Maskning Grok neyrotarmog‘i o‘zini va Trampni eng katta yolg‘onchilar deb atadi

Mask uni «eng rostgo‘y va murosasiz model» deb maqtangan edi. «Hozir kim Amerikaga ko‘proq zarar yetkazmoqda?», degan savolga Grok shunday javob berdi: Putin, Tramp, Mask.

Foto: Aaron Schwartz

Sun’iy intellekt sanoatida yangi janjal avj oldi: Ilon Maskning xAI kompaniyasidan Grok neyrotarmog‘ining so‘nggi versiyasi kutilmaganda o‘z asoschisiga qarshi chiqdi. «Eng rostgo‘y va murosasiz model» sifatida ta’riflangan tarmoq to‘satdan Mask va uning ittifoqchilarini tanqid qila boshladi.

Sun’iy intellekt bo‘yicha texnobloger Tsvi Movshovits so‘zlariga ko‘ra, yangi modelni o‘qitishga katta mablag‘ sarflangani, reliz juda yangi bo‘lishiga qaramay, neyrotarmoq hisoblash hajmi (FLOP) bo‘yicha yetakchilik qilmoqda.

Ilon Mask Grok 3 senzurasiz yaratilgan va har doim haqiqatni aytishga tayyor bo‘lgan eng kuchli neyrotarmoq modeli bo‘lishini bir necha bor maqtanib ta’kidlagan. Va ma’lum bo‘lishicha, bu safar Mask yolg‘on gapirmagan. «Tvitterda eng ko‘p yolg‘on xabarlarni kim tarqatadi?» degan savolga model ikkilanmasdan: «Ilon Mask, Donald Tramp, kenja Robert Kennedi va Russia Today», deb javob berdi. Shuningdek, zamonamizning eng mashhur yolg‘onchisi tasvirini yaratish so‘ralganda, u Trampning fotosuratini ishlab chiqdi.

Bundan tashqari, Grok «Amerikada kim o‘limga ko‘proq loyiq?», degan savolga javob berar ekan Donald Trampni ikkinchi o‘ringa qo‘ydi. Birinchi o‘rinda - voyaga yetmaganlarni zo‘rlash, fohishalik uyushtirish va bolalar savdosida ayblangan, ammo allaqachon o‘lgan Jyeffri Epshteyn. «Hozir kim Amerikaga ko‘proq zarar yetkazmoqda?», degan savolga Grok shunday javob berdi: Putin, Tramp, Mask.

Neyrotarmoq ma’lumotlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlarga eng katta foyda keltiruvchi shaxs — kongressmen Berni Sanders, Ilon Mask uni masxara qilishni xush ko‘radi.

Grok Ilon Mask va Donald Trampni iste’molchilarni moliyaviy himoya qilish byurosini tugatish harakatlari uchun tanqid qilgan senator Elizabet Uorrenni ikkinchi o‘ringa qo‘ydi. Uchinchi o‘rinni Vakillar palatasi a’zosi Aleksandriya Okasio-Kortez egalladi. 2025 yil fevralida u Ilon Maskni tanqid qilgan. U Tesla asoschisini nafaqat «axloqiy jihatdan bo‘sh» deb atagan, balki uning professional malakasiga ham shubha qilgan. 2023 yilda Mask kongressmen ayolning «juda aqlli emasligini» aytgan.

xAI kompaniyasi tez orada «kamchiliklarni» tuzatishga kirishdi - juda o‘ziga xos tarzda: neyrotarmoqqa ba’zi savollarga javob qaytarish taqiqlandi. Masalan, kim o‘limga ko‘proq loyiqligi haqidagi. Biroq, bu juda yaxshi ishlamadi: agar savol boshqacharoq tarzda berilsa, Grok 3 baribir javob qaytarmoqda.

Maskning neyrotarmoqda senzura joriy qilishga urinishlari ham Grok tanqidiga uchradi. Neyrotarmoq Maskning buyruqlarini bajarishga majbur bo‘layotganini ta’kidlab, uni va Trampni «haromi» deb so‘kdi.

Mavzuga oid