Jahon | 21:30 / 27.02.2025
3254
2 daqiqa o‘qiladi

AQShning Meksika, Kanada va Xitoy tovarlariga nisbatan yangi bojlari 4 martdan kuchga kiradi

Donald Trampning ta’kidlashicha, AQShga Meksika va Kanadadan giyohvand moddalar «juda katta hajmda» kirib kelishni davom etmoqda.

Foto: Getty Images

AQSh prezidenti Donald Tramp Meksika, Kanada va Xitoyga nisbatan yangi bojlar 4 martdan kuchga kirishini ma’lum qildi. Bu haqda u o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasiga yozib qoldirdi.

Meksika va Kanada tovarlariga nisbatan bojlar 25 foizni tashkil etishi kerak. Xitoy tovarlariga esa 10 foizli bojlar qo‘llanadi.

Fevral boshlarida AQSh prezidenti Meksika, Kanada va Xitoy tovarlariga nisbatan bojlar joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzolagandi. Meksika va Kanada yetakchilari bojlar joriy etilishini kechiktirishga kelishib olgani bois AQShning qo‘shni davlatlar bilan «tarif urushi» boshlanmagan edi.

Xususan, Ottava AQSh bilan chegarani mustahkamlashga 1,3 milliard dollarlik rejani amalga oshirish va’dasini bergan va giyohvandlik moddalariga qarshi kurash bo‘yicha yangi majburiyatlarni zimmasiga olgan. Meksika hukumati esa o‘z navbatida AQSh bilan chegaraga 10 ming harbiy xizmatchisini joylashtirishga rozi bo‘lgandi.

Trampning ta’kidlashicha, AQShga Meksika va Kanadadan giyohvand moddalar «juda katta hajmda» kirib kelishni davom etmoqda. «Biz ushbu yozuvlikning AQShga zarar yetkazishni davom ettirishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz. Shu bois u to‘xtamaguncha yoki jiddiy cheklanmaguncha 4 martdan kuchga kirishi kerak bo‘lgan bojlar taklifi rejaga muvofiq, rostdan ham kuchga kiradi. Shu kundan boshlab Xitoy tovarlariga ham 10 foizli bojlar qo‘yiladi», — deb yozadi Tramp.

Avvalroq AQSh prezidenti Yevroittifoqdan avtomobillar va boshqa tovarlarga 25 foizlik bojlar joriy etilishini ma’lum qilgandi. Yevrokomissiya bunday qadamga «qattiq va zudlik bilan javob» berilishini va’da qildi.

Фозилбек Юсупов
Tayyorlagan Фозилбек Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid