Jahon | 22:32 / 27.02.2025
2499
2 daqiqa o‘qiladi

Tailand hukumati mamlakatga keluvchi barcha sayyohlar uchun soliq joriy etadi

Soliq miqdori katta bo‘lmagani bois u sayyohlar oqimiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi aytilmoqda.

Foto: Getty images

Tailandda 2025 yil oxiridan boshlab mamlakatga tashrif buyuradigan chet ellik sayyohlardan 300 bat (8,8 AQSh dollari) miqdorida soliq undiriladi. Bu haqda Tailand turizm va sport vaziri Soravong Tentxong ma’lum qildi.

Uning aytishicha, soliq mamlakatga havo yo‘li orqali keladigan barcha sayyohlardan undiriladi. Quruqlik yoki suv yo‘li orqali tashrif buyuradigan sayyohlar ham soliq to‘laydi, ammo bir marta to‘lovni amalga oshirganlaridan so‘ng mamlakatga bir necha bor kirishlari mumkin bo‘ladi.

Vazir soliqning joriy etilishi chet ellik sayyohlar oqimiga ta’sir ko‘rsatmaydi deb hisoblamoqda, chunki belgilangan summa u qadar katta emas. Uning so‘zlariga ko‘ra, soliqdan tushgan mablag‘lar sayyohlar hayoti va sog‘lig‘ini sug‘urta qilishga yo‘naltiriladi — shu orqali ular mamlakatda yanada xavfsiz hordiq chiqarishlari mumkin bo‘ladi.

Tailand hukumati mamlakatga keluvchi sayyohlarni soliqqa tortish imkoniyatini koronavirus pandemiyasidan oldin muhokama qilishni boshlagan edi, ammo COVID rejalarga xalaqit berdi. Xususiy sayyohlik bizneslar yangi soliqqa qarshi chiqmoqda, ularning hisoblashicha, soliqning joriy etilishi sayyohlik oqimining o‘sishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Mavzuga oid