Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Turkiyada O‘zbekiston fuqarolariga AQShga yuborishni va’da qilayotgan firibgarlar ko‘paydi - Bosh konsulxona
Shu kabi firibgarlar tuzog‘iga tushgan o‘zbekistonlik ayol farzandi bilan Afrika va Lotin Amerikasi davlatlarida og‘ir ahvolda qolgani ma’lum qilindi.
So‘nggi vaqtlarda Turkiya hududida ayrim toifadagi jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan O‘zbekiston fuqarolariga yirik pul mablag‘lari evaziga AQShga doimiy yashashga yuborish, shuningdek, Yevropa mamlakatlarining vizalarini rasmiylashtirib berishni va’da qilish orqali firibgarlik jinoyatlarining sodir etilishi holatlari ko‘paymoqda, deb xabar beradi Istanbuldagi Bosh konsulxona.
Qayd etilishicha, bu toifadagi shaxslarga ishongan fuqarolar jiddiy muammolarga duch kelib, ularning ko‘rsatmasi bilan turli xorijiy davlatlarga, asosan Osiyo va Afrika davlatlariga borib, u yerda sarson-sargardon bo‘lmoqda.
«Kuni-kecha AQShga ketish ilinjida firibgarlar tuzog‘iga tushib, Afrika va Lotin Amerikasi davlatlarida farzandi bilan og‘ir ahvolda qolgan yana bir ayol vatandoshimiz Bosh konsulxona yordamida O‘zbekistonga yuborildi», — deyiladi xabarda.
Bosh konsulxona noqonuniy migratsiyaning jiddiy oqibatlarini eslatib o‘tdi:
- pul mablag‘laringizni firibgarlar o‘zlashtirib yuborishi;
- hujjatlarning noqonuniy yo‘l bilan olib qo‘yilishi;
- chet elda hujjatsiz qolib, huquqiy muammolarga duch kelish;
- jinoiy javobgarlikka tortilish;
- deportatsiya yoki uzoq muddatli taqiqlarga uchrash.
«AQShga yoki Yevropa mamlakatlariga qonuniy yo‘l bilan chiqish uchun faqat rasmiy vakolatli idoralarga murojaat qiling. Hech kimga vizani yoki AQShga noqonuniy o‘tishni va’da qilib, pul talab qilayotgan shaxslarga ishonmang. Shaxsiy hujjatlaringizni begona odamlarga topshirmang», — deya ta’kidlanadi ogohlantirishda.
Avvalroq Turkiyadagi o‘zbekistonliklar katta pul va’da qilayotgan jinoiy guruhlar haqida ogohlantirilgan edi.
Mavzuga oid
13:14
Olti yildan buyon qidiruvda bo‘lgan o‘zbekistonlik ayol Turkiyada ushlandi
16:20 / 26.05.2026
O‘lim to‘shagida ochilgan sir: turk tadbirkorining Shveytsariya bankiga qarshi moliyaviy urushi
13:52 / 26.05.2026
Buvisi muntazam tazyiq o‘tkazib kelgan 3 nafar bola Turkiyadan vatanga qaytarildi
18:34 / 25.05.2026