Jahon | 21:10 / 01.03.2025
7221
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil Suriyadagi Rossiya bazalarining saqlab qolinishini istamoqda

Isroilliklar Turkiyaning mintaqadagi ta’siri kuchayishini istamayapti.

Foto: Reuters

Isroil Turkiyaning ta’siri kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun Suriyada Rossiya harbiy bazalari saqlab qolinishini istamoqda. Bu haqda Reuters manbalarga tayanib xabar berdi.

Nashrning yozishicha, Isroil rasmiylari Vashingtonga Anqara tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan Suriyaning yangi rasmiylari Isroil chegaralariga tahdid solishi mumkinligini aytgan.

«Isroilning eng katta qo‘rquvi shundaki, Turkiya Suriyaning yangi rahbariyatini himoya qiladi va u oxir-oqibat HAMAS va boshqa jangarilar uchun bazaga aylanishi mumkin», dedi AQSh Century International tadqiqot markazi xodimi Aron Lund.

Masalan, avvalroq, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Suriya janubida «Hay’at Tahrir ash-Shom» (Xsh) kuchlarining joylashishiga toqat qilmasligini aytdi. Shuningdek, hududni demilitarizatsiya qilishni talab etdi.

Agentlik manbalariga ko‘ra, Isroil Suriyani «zaif va markazsiz» holatda saqlamoqchi. Shuningdek, Rossiyaga Suriyadagi harbiy bazalarini saqlab qolishga ruxsat berish g‘oyasi ham bor. Moskva Bashar Asad rejimi qulagandan keyin bazalari ustidan nazoratni yo‘qotgan. Suriyada Rossiyaning ikkita bazasi bor: Tartusdagi dengiz porti va Xmeymim aviabazasi.

AQSh Isroil taklifini qabul qiladimi yoki yo‘qmi noma’lum. Ta’kidlanishicha, Isroilda Oq uy qaroriga ta’sir o‘tkazish imkoniyati bor, chunki Tramp ma’muriyati «Isroilning ashaddiy tarafdori» hisoblanadi.

Mavzuga oid

E`lonlar