Jahon | 21:04 / 05.03.2025
15672
21 daqiqa o‘qiladi

Merkelning azaliy raqibi. Shols o‘rniga Germaniya kansleri bo‘ladigan Fridrix Mers haqida nimalar ma’lum?

Uning boshqaruvi davrida Ukrainaga harbiy yordam masalasi nima bo‘ladi? Germaniyadagi qochqinlar va migrantlar taqdiri qanday kechadi?

Daniel Vogl / dpa / picture-alliance / Scanpix / LETA

23 fevral kuni bundestag uchun o‘tkazilgan saylovlarda Fridrix Mers yetakchiligidagi Xristian-demokratik ittifoqi / Xristian-sotsial ittifoq (XDI/XSI) bloki g‘alaba qozondi — bu kutilgan g‘alaba edi, saylovoldi so‘rovlarida saylovchilarning 30 foizga yaqini ushbu siyosiy kuchni qo‘llab-quvvatlashini bildirayotgandi. Endi aynan Mers Germaniyaning yangi hukumatini shakllantiradi.

Quyida ko‘p yillar davomida partiya ichida Angela Merkel bilan raqobatlashgan ushbu siyosatchi qanday qilib kanslerlik kreslosigacha yetib kelgani va uning boshqaruvi davrida Germaniya siyosati qanday o‘zgarishlarga uchrashi mumkinligi haqida.

Fridrix Mers suhbatdoshlariga juda yuqoridan qaraydi (tom ma’noda: uning bo‘yi — qariyb ikki metr), xususiy samolyotda parvoz qiladi, tanqidlarga esa uning «mitti samolyoti federal hukumat a’zolariga tegishli istalgan mashinadan kamroq yonilg‘i sarflashi»ni aytib javob beradi. U hashamatni xush ko‘radi, ammo shu bilan birga o‘rta sinfning yuqori qatlamiga mansub ekanini aytadi — hech bo‘lmaganda «hayotiy prinsiplari» bo‘yicha.

Fridrix Ebert nomidagi fondning Rossiya dasturi rahbari va nemis siyosatiga bag‘ishlangan «yusupovskiy» telegram-kanali muallifi Aleksey Yusupov «Meduza» bilan suhbatda qayd etishicha, Mersning familiyasi xalqaro auditoriya uchun notanish bo‘lishi mumkin, ammo «nemis saylovchisi uchun bu naftalin bilan assotsiatsiyalanuvchi o‘tmishga havola». Nemis politologi Kay Arhaymer esa Mers — katolik va namunali oilaparvar (u qirq yildan ortiq vaqtdan buyon sudya Sharlotta Mers bilan nikohda bo‘lib, ularning uch farzandi bor) — «XXI asrga moslashish uchun qo‘lidan kelganicha harakat qilayotgan juda eskicha odam» ekanini aytadi.

Chindan ham, Mers 1972 yildan buyon siyosatda, faqat 2009 yilda partiya ichidagi kurashda yengilganidan keyin o‘zini biznesga urgan va qariyb o‘n yil davomida siyosatga qaytmagan. Harakatchan, maqsadga intiluvchan va bayonotlari keskin bo‘lgan Mers kanslerlikdan ketayotgan, quruqligi va aloqalar o‘rnatishda no‘noq bo‘lgani tufayli nemis matbuoti tomonidan «sholsomat» laqabi berilgan Olaf Sholsga umuman o‘xshamaydi.

Mers uzoq vaqt davomida ichki partiyaviy kurashda Angela Merkelni yenga olmadi. Hatto o‘n yilga yaqin siyosatdan ketishiga to‘g‘ri keldi

20 yildan ko‘proq vaqt oldin Fridrix Mers va Angela Merkel safdoshlar bo‘lishgan va keyin partiya yetakchiligi raqiblarga aylanishgan. Bu raqobatda Merkel ustun kelgan. Foto: Reuters

Fridrix Mers 1955 yilda G‘arbiy Germaniyaning Shimoliy Reyn—Vestfaliya o‘lkasidagi kichik Brilon shahrida tug‘ilgan. Oila badavlat bo‘lgan va bo‘lajak siyosatchiga yaxshi ta’lim bera olgan, ammo uning bolaligi baxtli kechmagan. Masalan, u sil kasalligi bilan og‘rigan, shuning uchun u yarim yilni monastir klinikasida o‘tkazishga majbur bo‘lgan — keyinchalik Mers bu tajribada «hech qanday yoqimli narsa bo‘lmagani»ni eslaydi.

Fridrixning otasi Yoaxim 1941 yilda vermaxtga qo‘shiladi va to‘rt yil sovetlar asirligida bo‘ladi, urushdan keyin esa sudya sifatida ish boshlab, Xristian-demokratik ittifoqi (XDI) safiga qo‘shiladi. Onasi Paula Sovini mahalliy patritsiylar oilasidan (ya’ni yuqori burjuaziyaga mansub) bo‘lgan. Uning ona tomondan bobosi Brilon shahri meri edi va katoliklarning Markaz partiyasida bo‘lgan, ammo 1933 yilda natsistlar hokimiyatga kelganidan keyin SA shturmoviklari safiga yozilgan hamda shaharning asosiy ko‘chasini Adolf Hitler ko‘chasi deb o‘zgartirgan.

Fridrix Mers 17 yoshida XDI Yoshlar ittifoqiga a’zo bo‘lib kiradi va sakkiz yildan so‘ng uning rahbariga aylanadi. 1989 yilda, 35 yoshida Yevropa parlamentiga saylangan — bu Germaniyada yosh siyosatchi uchun tushunarsiz tanlov bo‘lib, u yerda Strasburgga faqat siyosiy «pensionerlar» boradi deb hisoblashardi. Besh yil o‘tgach, Mers o‘z vataniga qaytib, Bundestag deputati etib saylandi va partiyada siyosiy karerasini boshladi. Bu ancha muvaffaqiyatli kechdi: 1998 yil oktyabr oyida u XDI vitse-raisi lavozimini egallaydi. 2000 yil fevralida, kanslerlikni «Putinning do‘sti», sotsialist Gerxard Shryoder egallab turgan, muxolifatdagi XDIni Edmund Shtoyber boshqargan vaqtda, Mersni bundestagdagi fraksiya raisi etib tanlashadi.

Mers uchun partiya ichidagi martaba o‘sishi cho‘qqisi raislik lavozimi bo‘lishi kerak edi, u Shtoyberning eng ehtimoliy vorislaridan biri sifatida ko‘rilardi, ammo bu yerda u jiddiy raqibga duch keldi — 2000 yil aprelida Ittifoqqa rahbar bo‘lgan Angela Merkel.

1990-yillar oxirida ularning ikkisi ham Helmut Kol va uning safdoshlari saylovoldi kampaniyasida foydalangan «qora» moliyalashtirish mojarosidan keyin partiyada yetakchi o‘rinlarga kelib qolgandi. Mojaro Kolning obro‘siga katta zarar yetkazdi va 1998 yilgi saylovlarda XDI mag‘lubiyatga uchragach, u siyosatni tark etadi. Ammo Mers va Merkel o‘z vaqtida undan uzoqlashishga muvaffaq bo‘lishgandi.

Partiyada ikki siyosatchi o‘rtasida hokimiyat uchun kurash boshlanadi. 2002 yilda Merkel Mersni partiyaning parlamentdagi fraksiyasi rahbari lavozimidan chetlatishga va uning o‘rniga o‘z odamini qo‘yishga muvaffaq bo‘ladi. Merkelning Mersnikidan ko‘ra so‘lroq bo‘lgan mafkurasi oxir-oqibat partiyaga muvaffaqiyat keltirdi: 2005 yilgi saylovlarda XDI/XSI bloki g‘alaba qozonib, hokimiyatga qaytdi.

Mers darhol taslim bo‘lmaydi. Germaniya nashrlari ma’lumotiga ko‘ra, u And pakti deb ataladigan — XDI ichidagi Merkelga qarshi birlashgan maxfiy guruh a’zosi bo‘lgan, ammo yakunda baribir yutqazgan. 2009 yilda 55 yoshda bo‘lgan Mers navbatdagi parlament saylovlarida o‘z nomzodini ilgari surmadi va siyosatni tark etdi. Ammo faqat vaqtincha: keyinroq ma’lum bo‘lishicha, u shunchaki Merkel faoliyatini yakunlashini kutgan.

Mers vaqtni behuda ketkazmaydi. U Dyusseldorfdagi advokatlik firmasiga kiradi va o‘ndan ortiq kompaniyalarning maslahat va kuzatuv kengashlari a’zosi bo‘lishga muvaffaq bo‘ladi, jumladan, Germaniyadagi uchinchi bank konserni Commerzbank va dunyodagi eng yirik investitsiya kompaniyalaridan biri BlackRock’ning Germaniyadagi filialida. Shu tufayli 2010-yillar boshida uning yillik daromadi taxminan bir million yevroga yetadi.

2018 yil 29 oktyabrda Merkel kutilmaganda XDI rahbari lavozimidan ketishini va 2019 yilgi parlament saylovlarida ishtirok etmasligini e’lon qilganida, Mers siyosatga qaytish vaqti kelganini tushundi. U XDIning eng nufuzli siyosatchisi va o‘sha paytdagi bundestag raisi Volfgang Shoyble qo‘llab-quvvatlashiga tayanib, partiya raisi lavozimiga o‘z nomzodini qo‘ydi — ammo siyosiy uslubi o‘xshashligi uchun OAV tomonidan «mini-Merkel» deb atalgan Annegret Kramp-Karrenbauerga yutqazadi.

Ammo Mers yana o‘zini panaga olmoqchi emasdi. Ikkinchi imkoniyat Kramp-Karrenbauer Tyuringiyadagi siyosiy mojaro uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olib, iste’foga chiqqanidan so‘ng paydo bo‘ldi. O‘shanda u yerda XDIning mahalliy bo‘limi «Germaniya uchun muqobil» bilan yagona front bo‘lib, ushbu federal yerning yangi rahbari nomzodini qo‘llab-quvvatlagandi. Nemis siyosiy kuchlari uchun esa o‘ng radikallar bilan har qanday hamkorlik tabu hisoblanardi. XDI rahbarligi uchun 2021 yil yanvarida bo‘lib o‘tgan yangi saylovlar ham Mersga g‘alaba keltirmaydi: bu safar uni Merkelning yana bir safdoshi Armin Lashet ortda qoldiradi.

Lekin Lashetning ham ishlari yurishmaydi: o‘sha 2021 yilning sentabridagi parlament saylovlarida XDI saylovchilarning faqat 24,1 foiz ovozi bilan cheklanib, bundestagdagi 736 deputatlik mandatidan atigi 197 tasini qo‘lga kiritadi — bu partiyaning 76 yillik tarixidagi eng yomon natija edi. Hokimiyatdagi 16 yildan keyin XDI muxolifatga o‘tishga majbur bo‘ladi, Lashet esa — partiya rahbarligini tark etadi.

2022 yil yanvarida Mers uchinchi urinishda merkelchilarning qarshiligini shunchaki yengib o‘tmasdan, balki haqiqiy triumfga erishadi: xristian demokratlar rahbarligi uchun saylovda uni delegatlarning 94,6 foizi qo‘llab-quvvatlaydi. «Saylov natijalaridan hayratga tushdim va chuqur ta’sirlandim», — dedi u o‘shanda va XDI undan «kuchli yetakchilik va aniq yo‘nalish» kutayotganini ta’kidladi.

XDI raisi Fridrix Mers XDI/XSI blokidan kanslerlikka asosiy nomzod, ammo blokning umumiy saylovdagi muvaffaqiyatida Markus Zyoder boshchiligidagi Bavariya Xristian-ijtimoiy ittifoqi ham sezilarli rol o‘ynadi.

Sotsial-demokrat Shols koviddan keyingi inqirozni ham, Rossiya-Ukraina urushida «tinchlik kansleri» rolini ham uddalay olmadi. Bu XDIning pozitsiyalarini kuchaytirish uchun zamin hozirladi

Ayni paytda, XDI uchun muvaffaqiyatsiz bo‘lgan 2021 yilgi saylovlardan so‘ng Germaniyada hukumat koalitsiyasi tuzildi, u o‘z tarkibiga kiruvchi kuchlar — Sotsial-demokratlar, Yashillar va Erkin demokratik partiya kabi kuchlarning xos ranglariga mos ravishda «svetofor» deb nomlandi.

Kansler Olaf Shols va uning kabineti qiyin davrda hokimiyatga keldi. Tashqi siyosatda asosiy mavzu Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini bo‘ldi: Germaniya darhol Kiyevning harbiy yordam hajmi bo‘yicha AQShdan keyingi ikkinchi sherigi rolini o‘z zimmasiga oldi, ammo Shols doimiy ravishda qat’iyatsizlik ko‘rsatdi va muhim qarorlarni qabul qilishni bir necha bor kechiktirdi, chunki u Moskvaning keskin reaksiyasidan qo‘rqardi.

Iqtisodiyotda allaqachon mavjud bo‘lgan inqirozga Rossiya-Ukraina urushi oqibatlari ta’sir qildi. Masalan, 2022 yil fevralidan keyin Germaniya Rossiya gazini yetkazib berishni keskin qisqartirish yo‘lini tutdi, holbuki ilgari mamlakatdagi umumiy gaz importining 55 foizi Rossiya ulushiga to‘g‘ri kelgan. Bu pandemiya shokidan bazo‘r o‘ziga kelgan Germaniya iqtisodiyotiga qattiq zarba bo‘ldi. 2023 yilda Germaniya yalpi ichki mahsuloti 0,3 foizga kamaydi, 2024 yil oxirida esa yana 0,1—0,2 foizga pasayadi. Jahon matbuotida Germaniyani yana chorak asr avvalgidek «Yevropaning bemor odami» deb atay boshlashdi.

Qolaversa, «svetofor» bo‘yicha ittifoqchilar o‘rtasidagi munosabatlar ham oson kechmadi. Ayniqsa, budjet intizomi masalalari keskin bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi, liberallar unga rioya etishni talab qildi, yashillar va sotsial-demokratlar esa qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tishni tezlashtirish uchun davlat investitsiyalarini ko‘paytirishni talab qildi.

Natijada, budjet bo‘yicha kelishmovchiliklar koalitsiya parchalanishiga olib keldi. 2024 yil noyabr oyida Shols o‘zining iqtisodiy siyosatini tanqid qilgan moliya vaziri va sotsial-demokratlar yetakchisi Kristian Lindnerni iste’foga chiqardi. Liberallarning ketishi Sholsni parlamentdagi ko‘pchilikdan mahrum qildi va uning kabinetining taqdiri 16 dekabrda, bundestag unga ishonchsizlik votumi chiqarganida uzil-kesil hal bo‘ldi.

«Nemislar Trampi» deb ham ataladigan Fridrix Mers qanaqa kansler bo‘lishi mumkin?

Mersning kanslerligi — uning azaliy raqibi Angela Merkelning 16 yillik hukmronligidan katta farq qilishi mumkin. Avvalo, Mersning qarashlari Merkelnikidan ancha o‘ngroq. Aleksey Yusupov tushuntirishicha, Merkel ko‘p yillar davomida raislik lavozimida «XDIni ko‘p jihatdan zamonaviylashtirdi, uni markazga yaqinlashtirdi va mo‘’tadillashtirdi», Mers esa bunday yondashuv partiyani zaiflashtirdi deb hisoblaydi va uni yana o‘ngga, konservativ pozitsiyalarga, ayniqsa, Germaniya uchun nozik bo‘lgan migratsiya masalasiga qaytarmoqchi.

XDI rahbarini achchiq tili uchun «nemis Trampi» deb ham atashadi, ammo bunday so‘zamolligi har doim ham qo‘l kelavermaydi. Xususan, uning musulmon muhojirlarning farzandlari (u ularni «kichik posholar» deb atagan) va uning fikricha, Germaniyaga «ijtimoiy sayyohlar» sifatida – saxiy davlat nafaqalarini olish va ishlamaslik uchun kelgan ukrainalik qochqinlar haqidagi so‘zlari jamiyatda norozilik uyg‘otgan. Bu so‘zlar shunchalik salbiy rezonansga sabab bo‘lganki, Mers buning uchun uzr so‘rashiga to‘g‘ri kelgan.

Ukraina uchun raketalar

Dekabr oyi boshida Mers urush davrida ikkinchi bor Kiyevga kelgandi

Mers va Merkelning qarashlari xalqaro siyosatda ham bir-biridan keskin farq qiladi. Agar sobiq kansler Moskva bilan munosabatlarni yo‘lga qo‘yishga zo‘r bergan bo‘lsa, Mers nemis tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishi atlantizm va yevropeizm bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi. O‘z vaqtida u «Shimoliy oqim-2» qurilishiga qarshi chiqqan, chunki uni Moskva qo‘lidagi ehtimoliy bosim vositasi deb hisoblagan va Rossiya bosqini boshlanganidan keyin Ukrainani so‘zsiz qo‘llab-quvvatlagan. Sholsning «tinchlik kansleri» vazifasini bajarishga urinishlariga Mers ishonchsizlik bilan qaragan: «Tinchlikni har qanday qabristondan topish mumkin, biz esa o‘z erkinligimizni himoya qilishimiz kerak».

Ukrainani harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash masalasi saylovoldi kampaniyalarining asosiy nuqtalaridan biriga aylandi. Sotsial-demokratlar va liberallar kabi «ehtiyotkorlik bilan» harakat qilish kerakligi haqida gapiradigan yoki AfD va so‘l populist «Sara Vagenknext ittifoqi» (SSV) kabi Kiyevga qurol yetkazib berishni butunlay to‘xtatishni talab qiladigan boshqa partiyalar rahbarlaridan farqli o‘laroq, Mers uzoq vaqtdan beri va izchil ravishda Ukrainaga yordam berish kerakligini ta’kidlab keladi.

Oktyabr oyida u televideniyega bergan intervyusida yana bir bor Sholsning o‘rnida u ukrainlarga bu raketalarni bergan bo‘lishini aytdi — «lekin shunchaki emas», balki avval Britaniya va Fransiya bilan raketalar bo‘yicha yagona siyosat haqida kelishib, Putindan Ukraina infratuzilmasiga zarba berishni to‘xtatishni talab qilgan holda.

«Men shunday degan bo‘lardim: agar zarbalar to‘xtatilmasa, birinchi qadam [Rossiya hududi ichkarisiga] zarbalar uzoqligi bo‘yicha cheklovni bekor qilish bo‘ladi. Ikkinchi qadam esa Taurus yetkazib berish bo‘ladi. Va shundan keyin Putin bu urushda qanchalik chuqurlashishni xohlashini o‘zi hal qilsin», — dedi Mers.

Britaniya va Fransiya Ukrainaga harakatlanish masofasi 250 kilometrgacha bo‘lgan Storm Shadow/SCALP qanotli raketalarini yetkazib bermoqda, Germaniyaning Taurus qanotli raketalari 500 kilometrgacha bo‘lgan masofani bosib o‘tadi.

9 dekabr kuni Mers urush davomida ikkinchi marta Kiyevga keldi, prezident Zelenskiyni Ukrainani har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda davom etishiga ishontirdi, shuningdek, Ukrainada kelajakdagi tinchlik haqida umumiy qarashni ishlab chiqish uchun Ukrainaning Yevropadagi eng yirik ittifoqchilarining yangi ittifoqini yoki hech bo‘lmaganda dastlabki kontakt guruhini tuzishni taklif qilayotganini aytdi.

U bunday guruhga Germaniya, Fransiya, Polsha va Britaniya kirishini mo‘ljal qilgan.

Shu bilan birga, Mers tinchlikka chaqirar ekan, Ukrainaning Putin Rossiyasi talablariga bo‘ysunishini aslo istamasligini ko‘rsatishga harakat qildi.

«Ukrainadagi urush imkon qadar tezroq tugashi kerak. Putin Ukraina mudofaaga qodir bo‘lgandagina muzokaralarga boradi», — degandi Mers Kiyevda.

Mudofaaga 130 milliard

Fridrix Mers, ko‘plab yevropalik siyosatchilar singari, Yevropa Donald Trampning izolyatsion siyosatiga tayyor bo‘lishi va umuman o‘zini Rossiya tahdididan himoya qila olishi kerakligini aytadi. Ammo u ko‘pchilikdan farqli o‘laroq, harbiy xarajatlarni tezda oshirishga va’da bermoqda.

XDI yetakchisi fikricha, harbiy xarajatlar uchun yalpi ichki mahsulotning 2 foizi (bu NATOda azaldan o‘rnatilgan me’yor bo‘lib, Germaniya bu yilgina bu ko‘rsatkichga erishdi) — bu juda kam, kamida uch foiz bo‘lishi kerak, buning ustiga yaqin kelajakda.

Germaniya yalpi ichki mahsulotining uch foizi hozirda taxminan 134 milliard dollar yoki 127 milliard yevroni tashkil etadi.

«Rossiya shunday tezlik bilan qurollanmoqdaki, u besh-sakkiz yildan so‘ng NATOga a’zo mamlakatga hujum qilishi mumkin. Germaniya va G‘arb Rossiya Ukrainaga hujum qilmaydi, deb noto‘g‘ri o‘ylagan. Navbatdagi bunday xato ancha qimmatga tushadi», — degandi Mers oktyabr oyidagi intervyusida.

Chegarani noqonuniy muhojirlar uchun yopish

Immigratsiya masalasida Fridrix Mers asosiy raqibi, muhojirlarga qarshi kayfiyatdagi «Germaniya uchun muqobil» partiyasidan ovozlarni tortib olishga umid qilgan: u XDIning o‘zidan oldingi yetakchisi Angela Merkel boshlagan va hozirgi hukumat davom ettirgan ochiq eshiklar siyosatidan qat’iyan voz kechishga chaqirmoqda.

«Germaniya chegaralarida nimadir qilish kerak va bizning taklifimiz — zudlik bilan, kechiktirmasdan chegaradagi odamlarni qaytarishni boshlash. Biz 2015 yildan beri bu qonuniy ravishda mumkinligini bilamiz va hozir, 2024 yilda, biz nihoyat qaror qilishimiz va buni amalga oshirishimiz kerak», — deydi Mers.

2015 yilda Merkel boshchiligidagi kabinet fuqarolar urushi avj olgan Suriyadan bir millionga yaqin qochqinga yashil chiroq yoqqandi. O‘shanda Mers muhojirlar Germaniyada boshpana olishi mumkin bo‘lgan qoidalarni kuchaytirishni talab qilgan bo‘lsa, bugun noqonuniy muhojirlarni Ruandaga ularning arizalarini ko‘rib chiqish davrida yuboradigan Buyuk Britaniya tajribasini o‘rganishni taklif qilmoqda.

Shu bilan birga, saylovlarda XDI/XSIdan keyin ikkinchi o‘rinni egallagan «Germaniya uchun muqobil» bilan hamkorlik qilish va ayniqsa, hukumat koalitsiyasini tuzishdan Mers qat’iyan bosh tortadi.

Saylov natijalariga ko‘ra, Mers Shols boshchiligidagi sotsialistlar bilan koalitsiya tuzishiga to‘g‘ri kelishi mumkin.

Nolinchi yillarda Fridrix Mers «Leitkultur» — «yetakchi madaniyat» konsepsiyasining asosiy tarafdorlaridan biri edi. Ushbu konsepsiya multikulturalizm siyosatidan farqli o‘laroq, Germaniyada an’anaviy qadriyatlarga (shu jumladan liberal) ega bo‘lgan yetakchi nemis madaniyati mavjudligi va u muhojir jamoalar madaniyatidan ustun bo‘lishi kerakligini nazarda tutadi.

Mers siyosatdan ketganidan bir yil o‘tib, Angela Merkel Germaniyada multikulturalizm siyosati muvaffaqiyatsizlikka uchraganini tan olgandi.

Iqtisodiyotda Mers o‘ng liberal qarashlarga ega va kapitalizm foydasiga qattiq ishonadi. 2008 yilda, jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi boshlanganda, u davlatning iqtisodiyotga aralashuvini kamaytirish, xususiy tashabbusni rag‘batlantirish va tartibga solishni bekor qilish kabi neoliberal retseptlarning samaradorligi haqida «Kapitalizmga jur’at eting» kitobini nashr etdi. Bugungi kunda ular XDIning Germaniya iqtisodiyoti inqiroziga qarshi kurashish dasturiga kiritilgan — davlat xarajatlariga konstitutsiyaviy cheklov joriy etish va kompaniyalar daromadiga soliqlarni kamaytirish takliflari bilan bir qatorda.

Mavzuga oid