Jahon | 22:14 / 06.03.2025
5302
8 daqiqa o‘qiladi

AQSh elchixonalarida o‘rnatilgan havo sifati stansiyalarining ma’lumotlarini e’lon qilish to‘xtatiladi

Bunga Tramp ma’muriyatining xarajatlarni qisqartirayotgani sabab bo‘lmoqda. Bu qaror olimlar va ekspertlar orasida global havo sifatini kuzatishda xavotir uyg‘otmoqda. Xususan, AQShning Toshkentdagi elchixonasida o‘rnatilgan havo sifati stansiyasi ham ifloslanib borayotgan poytaxt havosini kuzatishda muhim manba hisoblanadi.

Foto: AP

AQSh Atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi AirNow ilovasi va boshqa platformalar orqali havo sifatini monitoring qilish dasturi doirasida to‘plangan ma’lumotlarni tarqatishni to‘xtatadi. Bu haqda Davlat departamenti chorshanba kuni Assosiated Press so‘roviga javoban qildi.

Bu dastur turli mamlakatlardagi mahalliy aholi va butun dunyo bo‘ylab olimlar uchun shaharlardagi havo sifatini ko‘rib, tahlil qilish imkoniyatini berib kelayotgandi.

Rasmiy bayonotda aytilishicha, global havo sifatini monitoring qilish dasturining to‘xtatilishi moliyaviy cheklovlar bilan bog‘liq. Davlat departamenti bu monitoring tarmog‘ini o‘chirib qo‘yishga majbur bo‘lgan. Biroq elchixonalar va konsulliklarga o‘z monitoringlari bilan ishlashda davom etish topshirilgan va kelajakda mablag‘ ajratish tiklansa, ma’lumot tarqatish qayta yo‘lga qo‘yilishi mumkin.

Bu moliyaviy qisqartirish – Donald Tramp ma’muriyati tomonidan ekologiya va iqlim o‘zgarishiga oid tashabbuslarni kamaytirish harakatlarining bir qismi hisoblanadi.

Butun dunyo bo‘ylab AQSh elchixonalarida o‘rnatilgan uskunalar havo tarkibidagi PM2,5 mayda zarralarini o‘lchab boradi. Bu zarralar chuqur nafas yo‘llariga kirib, nafas olish kasalliklari, yurak xastaliklari va erta o‘limga olib kelishi mumkin. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, har yili 7 million kishi havo ifloslanishi tufayli vafot etadi.

Jahon havo sifati tadqiqotlariga katta zarba

Nyu Dehlidagi “Sustainable Futures Collaborative” tashkilotining havo ifloslanishi bo‘yicha eksperti Bhargav Krishna ma’lumotlar yo‘qotilishini “katta zarba” deb atadi.

Bu sensorlar ko‘plab rivojlanayotgan mamlakatlarda havo sifatini tushunish uchun muhim manba edi. Ular yaxshi kalibrlangan va mahalliy ma’lumotlarni sifat nuqtayi nazaridan solishtirish uchun ishonchli manba sifatida qabul qilingan”, – deydi Krishna.

Bogotadagi havo sifati bo‘yicha mustaqil konsultant Alexandro Piracoca Mayorga ham buni “katta yo‘qotish” deb baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Lima (Peru), San-Paulu (Braziliya) va Bogota (Kolumbiya) shaharlaridagi AQSh elchixonalari jamoatchilik uchun ochiq havo monitoringini olib borar edi.

Bu mahalliy monitoring tarmoqlaridan mustaqil ravishda, havo sifati haqidagi ma’lumotlarni olish imkonini berardi. Ular solishtirish uchun qo‘shimcha ma’lumot manbasi edi”, — dedi u.

Pokistonlik ekologiya eksperti Xolid Xon ham bu qarorni qoralab, uni “katta oqibatlarga olib keluvchi harakat” deb atadi.

Uning ta’kidlashicha, jahonning eng ifloslangan shaharlaridan biri bo‘lgan Peshovardagi AQSh monitoringi “muhim real vaqt ma’lumotlarini” taqdim etgan va tadqiqotchilar, siyosatchilar hamda oddiy fuqarolarga sog‘liqni saqlash bo‘yicha to‘g‘ri qaror qabul qilishga yordam bergan.

Bu monitorlarning olib tashlanishi atrof-muhit monitoringida jiddiy bo‘shliqni yuzaga keltiradi, fuqarolar zararli havo sharoitlari haqida aniq ma’lumotlarsiz qolib ketadi”, – deydi Xon. U, shuningdek, boshqa ishonchli ma’lumot manbalariga kirish imkoni bo‘lmagan zaif guruhlar bu qarordan eng ko‘p aziyat chekishini ta’kidladi.

Bundan tashqari, JSSTning havo sifati bo‘yicha global ma’lumotlar bazasi ham ushbu dastur yopilishi sababli zarar ko‘radi. Ko‘pgina kambag‘al davlatlar havo sifatini kuzatib borish imkoniga ega emas, chunki stansiyalar qimmat va murakkab bo‘lib, bir qator kambag‘al mamlakatlar AQSh elchixonalarining ma’lumotlariga to‘liq tayanib kelayotgan edi.

AQShning Toshkentda​​​​gi elchixonasida joylashgan havo sifatini kuzatib boruvchi stansiya

Toshkent havosi haqida alternativ ma’lumot olish imkoniyati yo‘qolishi mumkin

6 mart soat 21:20 holatiga, Toshkent havosi eng iflos dunyo shaharlari reytingida 8-o‘rinni egallab turibdi. Asosiy ifloslantiruvchi – PM2,5'ning konsentratsiyasi 1 metr kub havo tarkibida 57 mikrogrammni tashkil etmoqda. AQSh standartlari bo‘yicha, bu – qizil bilan belgilanadigan, “nosog‘lom” daraja hisoblanadi.

IQAir portalidagi bu ma’lumotlar shahar bo‘ylab o‘rnatilgan 38 ta havo sifati stansiyalaridan olingan. Bunday stansiyalarni birinchilardan bo‘lib AQShning Toshkentdagi elchixonasi o‘rnatgan. Biroq ayni paytda AQSh elchixonasining O‘zbekiston poytaxtidagi stansiyalari ma’lumotlari IQAir va AirNow saytlaridan yo‘qolib qolgan, ammo aqicn.org saytida hamon mavjud.

Keyinroq “O‘zgidromet” o‘rnatgan qurilmalar ham havo sifatini har soatda monitoring qilib boradi, ular AQSh elchixonasida joylashgani bilan deyarli o‘xshash. Lekin natijalarni taqqoslashda inobatga olinishi kerak bo‘lgan jihatlar bor.

Vashington universiteti professori Jyey Tyornerga ko‘ra, monitoring jarayonida muayyan protokollarga amal qilinishi talab etiladi. Agar shularga rioya qilinsa, beriladigan ma’lumotlarni bir xil deyish mumkin. “Elchixonadagi jihoz shu protokollarga rioya qiladi, uni o‘zim tekshirganman. Agar faraz qilaylik, “O‘zgidromet” ham shu protokollarga amal qilib, o‘z hisobotini taqdim etayotgan bo‘lsa, bizning ma’lumotlar bilan bir xil chiqadi deyish mumkin”, – deydi u.

AQSh havo sifati ma’lumotlarini tarqatish dasturini to‘xtatsa, buning O‘zbekistonga ta’sir qiladigan salbiy oqibatlari bor, birinchisi, havo sifati borasida shaffof va ishonchli ma’lumotlar kamayishi mumkin. Fuqarolar va mutaxassislar havo sifati bo‘yicha mahalliy hukumat ma’lumotlariga to‘liq tayanishga majbur bo‘ladi. Ba’zi hollarda esa bu ma’lumotlarning shaffofligi yoki aniqligi bo‘yicha shubhalar paydo bo‘lishi mumkin.

Tadqiqot va monitoring ishlari qiyinlashishi mumkin Ekologlar va olimlar havo sifatini baholash uchun turli manbalardan foydalanishadi. AQSh elchixonasi bergan ma’lumotlar xalqaro miqyosda kalibrlangan va mahalliy ma’lumotlar bilan solishtirish uchun muhim. Agar bu ma’lumot manbai yo‘qolsa, tadqiqotchilar ishonchli alternativalarni topish yoki mahalliy monitoring tizimlariga tayanish zaruriyatiga duch kelishadi.

Jamoatchilik xabardorligiga ta’sir qilishi mumkin

Toshkent ayniqsa qish mavsumida havoning ifloslanishi muammosiga duch keladi. Jahon banki hisobotiga ko‘ra, Toshkentda havo ifloslanishi har yili 3000 dan ortiq kishining bevaqt o‘limiga sabab bo‘lmoqda. Poytaxtda ifloslanishning o‘rtacha yillik darajasi JSST tavsiya etgan darajadan (6 mkg/m3) 6 baravar yuqori. AQSh monitorlari real vaqt rejimida PM2,5 zarrachalari va boshqa ifloslantiruvchi moddalar darajasini ko‘rsatib, odamlarning ehtiyot choralarini ko‘rishiga yordam berardi. Ularning to‘xtashi fuqarolarning havo sifati bo‘yicha xabardorligini kamaytirishi mumkin.

AQSh monitoring ma’lumotlari JSST va boshqa xalqaro ekologik tashkilotlar uchun muhim manba hisoblanadi. Agar ular O‘zbekistonda to‘xtatilsa, global tahlillar va xalqaro hisobotlarda mamlakat haqidagi ma’lumotlar kamayishiga olib keladi.

Mavzuga oid