Jahon | 11:40 / 06.03.2025
2110
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh va Kiyev yaqinda Ukrainadagi urushni tugatish masalasini muhokama qilishi mumkin

AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Uolts Kiyev bilan muzokaralar joyi, vaqti va mazmunini muhokama qildi. Uning ta’kidlashicha, Ukrainaga yordamning tiklanishi muzokaralar muvaffaqiyatiga bog‘liq bo‘ladi.

Foto: Mandel Nghan/AFP/Getty Images

5 mart, chorshanba kuni AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uolts AQSh va Kiyev yaqin orada Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini tugatish bo‘yicha muzokaralarning yangi bosqichini o‘tkazishi mumkinligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Ukraina milliy xavfsizlik maslahatchisi» bilan telefonda gaplashgan va bunday muzokaralarning mumkin bo‘lgan joyi va vaqti, shuningdek, ularning mazmuni va delegatsiyalar tarkibini muhokama qilgan.

Ukraina prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak bu ma’lumotni tasdiqlab, yaqin orada AQSh va Ukraina vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tishini yozdi.

Mayk Uoltsning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi 24 soat ichida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy tinchlik muzokaralariga «va keyingi suhbatlarga» tayyorligini e’lon qilganidan keyin keyingi o‘zgarishlarga umid bor.

AQShning Ukrainaga yordamini tiklash

Shu bilan birga, AQSh prezidenti maslahatchisi Amerikaning Ukrainaga harbiy yordami qayta tiklanishi bo‘lajak muzokaralar muvaffaqiyatiga bog‘liqligini ta’kidladi. 5 mart kuni esa AQSh Kiyevga HIMARS uzoq masofali raketa zarbalari uchun razvedka ma’lumotlari va koordinatalarini uzatishni to‘xtatgani, shuningdek, havo hujumlari haqida ogohlantirish uchun kanalni to‘sib qo‘ygani ma’lum bo‘ldi.

Mayk Uoltsning aytishicha, muzokaralarda ba’zi «ishonchni mustahkamlash choralari» bo‘yicha kelishib olinishi kerak va keyin prezident Tramp cheklovlarni olib tashlashni «yaqindan ko‘rib chiqadi». Avvalroq The Wall Street Journal AQShning Ukrainaga harbiy yordamini to‘xtatish Tramp Zelenskiy Rossiya bilan tinchlik muzokaralarini qo‘llab-quvvatlashga jiddiy qaror qilmaguncha davom etishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.

Uolts Ukraina bilan muzokaralar davomida AQSh Rossiya tomoniga taklif qilinadigan muayyan tashabbuslarni ishlab chiqishni kutayotganini aniq aytdi. Bu Fransiya prezidenti Emmanuel Makron tomonidan taklif etilgan qisman o‘t ochishni to‘xtatishga tegishlimi yoki yo‘qmi, hozircha noma’lum. Prezident Zelenskiy avvalroq bunga rozi bo‘lgandi – raketa va havo hujumlariga, shuningdek, dengizdagi harbiy harakatlarga moratoriyga.

Mavzuga oid