Jahon | 23:45 / 07.03.2025
19844
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda qo‘lga olingan shaxs «Krokus»dagi teraktga aloqador ekanini tan oldi

U 2024 yilda Moskva yaqinidagi «Krokus Siti Xoll»da terakt uyushtirgan shaxslarga Kalashnikov avtomati va boshqa qurollardan qanday foydalanish to‘g‘risida ko‘rsatma berib kelgan.

Foto: FBI

AQSh hukumati IShID terrorchilik tashkiloti a’zosi Muhammad Sharifullohni qo‘lga oldi. Moliya vazirligining ma’lum qilishicha, u «Krokus Siti Xoll»da sodir etilgan terakt ijrochilariga ko‘rsatma berib kelganini tan olgan.

Muhammad Sharifulloh 2021 yil 2 mart kuni Kobuldagi teraktni tashkillashtirgani uchun ushlangan. So‘roq davomida u «IShID-Xuroson» terrorchilik guruhi nomidan teraktga aloqador shaxslarga Kalashnikov avtomati va boshqa qurollardan qanday foydalanish bo‘yicha ko‘rsatmalar berganini tan olgan. Shuningdek, Sharifulloh hibsga olingan ikki jangarini tanib, ularga o‘zi ko‘rsatmalar berganini bildirdi.

3 mart kuni Rossiya Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastirkin «Krokus Siti Xoll»dagi teraktga aloqador jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari yakunlanganini ma’lum qildi. Tergov salkam bir yil davom etdi.

Moskva yaqinidagi «Krokus Siti Xoll»da 2024 yil 22 mart kuni kechqurun terakt sodir etilgandi. Hodisa oqibatida 145 kishi halok bo‘lgan, 500 dan ortiq tashrif buyuruvchi jarohatlangan. Terakt ishi doirasida 11 kishi hibsga olingan.

Fevral oxirlarida «Krokus»dagi terakt ishi bo‘yicha ayblanuvchilarning uch nafari Dog‘istonning Kaspiysk shahrida yana bir hujumni rejalashtirgani ma’lum bo‘lgan edi.

Mavzuga oid