Jahon | 22:17 / 10.03.2025
6427
2 daqiqa o‘qiladi

KXDR Yaponiyadan 1945 yilda o‘ldirilgan koreyslarning qarindoshlaridan kechirim so‘rashni talab qildi

Bundan 80 yil oldin 10 mart kuni AQSh tomonidan Tokioga uyushtirilgan hujum oqibatida qariyb 10 ming koreys halok bo‘lgan edi.

Foto: Anadolu Agency

Shimoliy Koreya 1945 yil 10 mart kuni Amerika qo‘shinlari tomonidan Tokioning bombardimon qilinishi oqibatida halok bo‘lgan minglab koreyaliklarning qarindoshlaridan kechirim so‘rashni, ularga tovon puli to‘lash va mazkur voqea yuzasidan tergov o‘tkazishni talab qildi.

Koreya Markaziy telegraf agentligi xabariga ko‘ra, «Tokio bombardimoni» to‘g‘risidagi bayonot bilan Koreya yarimorolida yapon mustamlakachiligi davrida ishlashga majbur bo‘lgan koreyalik ishchilar hamda ularning oila a’zolari tomonidan tuzilgan Shimoliy Koreya assotsiatsiyasi chiqish qilgan.

Hujjatda qayd etilishicha, 1945 yil 10 mart kuni AQSh 275 ta «B-29» bombardimonchisi yordamida Tokioga aviazarbalar bergan. Hujum vaqtida yapon hukumati ko‘plab koreyslarni lagerlarda majburan saqlab kelgan. Oqibatda ko‘plab koreyaliklar aviahujumdan qochishga ulgurmagan.

Ma’lum qilinishicha, o‘shanda hujum vaqtida halok bo‘lgan 100 ming kishining qariyb 10 foizini koreyslar tashkil etgan.

Qurbonlar shaxsi aniqlanmagan, ularning jasadlari esa tegishli tergovlar o‘tkazilmasdan, ko‘mib yuborilgan. Bundan tashqari, assotsiatsiyaning qayd etishicha, keyinchalik koreyslarning jasadlaridan «dahshatli tajribalarda» foydalanilgan.

Shu bois Shimoliy Koreya Yaponiyadan halok bo‘lgan koreyaliklarning qarindoshlaridan rasman kechirim so‘rash va ularga tovon puli to‘lashni talab qilmoqda.

Shuningdek, KXDR tomoni qurbonlar shaxsini aniqlash maqsadida to‘liq tergov o‘tkazishni va uning natijasini e’lon qilishni talab qildi.

«Koreyslar hatto o‘lganidan keyin ham vataniga qayta olmagan. Ularning ayanchli taqdiri yapon mustamlakachiligi va koreyslarning majburiy deportatsiyasining bevosita oqibatida edi», — deyiladi bayonotda.

Фозилбек Юсупов
Tayyorlagan Фозилбек Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid