Jahon | 00:29 / 10.03.2025
3913
3 daqiqa o‘qiladi

Yevrokomissiya rahbari birinchi marta xavfsizlik masalalari bo‘yicha kollegiya yig‘ilishini chaqiradi

Ursula fon der Lyayyen Yevropa qadriyatlari xavf ostida ekanini aytib, bunga favqulodda choralar ko‘rish kerakligini ta’kidladi.

Foto: AP

Yevropa qadriyatlari — demokratiya, erkinlik va qonun ustuvorligi xavf ostida, suverenitet esa shubha ostiga qo‘yilmoqda — bularning barchasi favqulodda choralar ko‘rishni talab etadi, deydi Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen.

«Mana nima uchun yaqin haftada men tarixda birinchi marta xavfsizlik bo‘yicha kollegiyani chaqiraman. Bu kollegiya a’zolariga xavfsizlik sohasidagi voqealarga aloqador ma’lumotlarni muntazam yangilab borish imkonini beradi. Ichki va tashqi xavfsizlikdan tortib, energetika, mudofaa va ilmiy tadqiqotlarga, kibermakondan savdo va chet el davlatlarining aralashuviga qadar», — deydi YeK rahbari Bryusselda o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Ursula fon der Lyayyen 11 mart kuni Yevrokomissiya a’zolari lavozimga tayinlanganiga 100 kun to‘lishi munosabati bilan matbuot anjumani o‘tkazdi.

«Agar biz tahdidlarni, jumladan, gibrid tahdidlarni aniq va chuqur tushunadigan bo‘lsak, kollektiv xavfsizlikni samarali ta’minlay olamiz», — deydi YeK raisi.

«Biz tarixda birinchi marta mudofaa bo‘yicha komissarni tayinladik… Chunki biz shiddatli geostrategik raqobatning yangi davriga aniq qadam qo‘ydik», — deydi Ursula fon der Lyayyen.

U «jasur va qat’iy qarorlar qabul qilishga» chaqirdi.

«Bu hafta REARM Europe dasturi — mudofaa uchun 800 milliard yevrolik paket bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi. Bu tarixiy voqea. Bu Yevropaning mudofaa ittifoqi asosiga aylanishi mumkin. Biz REARM Europe rejasini zarur barcha kuch bilan oldinga siljitishni davom etamiz. Uning asosida yotadigan g‘oya shunday: biz aniq tahdidlar qarshisida bor potensialimizni ko‘rsatishimiz kerak», — deya ta’kidlaydi Yevrokomissiya raisi.

Avvalroq Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyen AQSh Ukrainaga harbiy yordamni to‘xtatib qo‘yayotgan bir paytda Yevropa va Ukraina xavfsizligi «burilish nuqtasida» ekanini aytgandi

Mavzuga oid