Jahon | 13:55 / 12.03.2025
5347
10 daqiqa o‘qiladi

Jiddadagi muzokaralar, Pokistonda garovga olingan poyezd va Trampdan Kanadaga yangi tahdidlar - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Isroil Suriyaga aviahujum uyushtirdi

Isroil harbiy-havo kuchlari Suriyaning Dar’a viloyatidagi harbiy pozitsiyalarga havo zarbalari berdi. Hujum 12-brigada joylashgan Izra shahri va 89-polkning artilleriya batalyoni joylashgan Jabab mahallasida amalga oshirilgan.

Isroil telekanali Channel 14 havo zarbalarini tasdiqlab, hujumda qurol-aslaha omborlari, radiolokatsiya tizimlari, tanklar va artilleriya nishonga olinganini ma’lum qildi.

Suriyada Bashar Asad rejimi qulaganidan so‘ng, Isroil Jo‘lan tepaliklaridagi bufer hududni egallab, 1974 yilgi kelishuvni buzgan. Oxirgi oylarda Isroil aviatsiyasi Suriyadagi harbiy obektlarga bir necha yuzlab zarbalar bergan.

Kuni kecha mamlakat shimoliy sharqida kurdlar bilan kelishuv imzolagan Suriyaning yangi hukumati druzlar istiqomat qiladigan as-Suvayda viloyatida mahalliy yetakchilar va aholi bilan mintaqani davlat institutlariga qo‘shish borasida kelishuvga erishgan.

Hujjatga ko‘ra, Suvaydaning kuchishlatar tizimi Suriya ichki ishlar vazirligi tuzilmasiga integratsiya qilinadi.

Kelishuv imzolangach, Suriya druzlari viloyat ma’muriyati binosi ustida Suriyaning yangi bayrog‘ini ko‘tarib, mamlakat birligini qo‘llab-quvvatlashdi.

Pokistonda jangarilar 450 yo‘lovchini garovga oldi

Pokistonning Balujiston viloyatida «Balujiston ozodlik armiyasi» jangarilari yo‘lovchi poyezdini o‘qqa tutib, uni to‘xtatib qoldi.

Hujum natijasida poyezd mashinisti yaralangan, 450 dan ortiq yo‘lovchi esa garovga olingan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, jangarilar temiryo‘lni portlatib, poyezdni Sibi tumanida to‘xtatib, nazoratga olgan. Otishma sodir bo‘lgan joyda politsiya kuchlari to‘plangan, yaqin atrofdagi shifoxonalarda favqulodda holat e’lon qilingan.

«Balujiston ozodlik armiyasi» 1970-yillarda tashkil topgan va Pokiston, AQSh, Buyuk Britaniya, Yevroittifoq hamda Xitoyda terrorchi guruh sifatida tan olingan. Jangari guruh tomonidan mintaqada bunday hujumlar avval ham bir necha bor marta amalga oshirilgan.

Jiddada AQSh va Ukraina muzokaralari o‘tkazildi

AQSh va Ukraina delegatsiyalari Donald Tramp va Volodimir Zelenskiy o‘rtasidagi dahanakai jangdan so‘ng ilk bor muzokara o‘tkazdi. Ukraina unda AQShning tinchlik o‘rnatilishiga doir taklifini qabul qilishga tayyor ekanini ma’lum qilgan.

Zelenskiy AQSh bilan munosabatlarni tiklashni va havo hamda dengizda vaqtinchalik otishkesimni taklif qilib, Rossiyaning tinchlikka tayyorligini sinovdan o‘tkazishni istamoqda. Vashington esa Kiyevga bosim o‘tkazib, harbiy va razvedka yordamini tiklash uchun ma’lum bir yon berishlar talab qilgan.

AQSh va Ukraina delegatsiyalarining muzokaralarida quyidagi asosiy natijalarga erishilgan:

AQSh razvedka ma’lumotlari almashishdagi tanaffusni zudlik bilan bekor qiladi va Ukrainaning xavfsizligi bo‘yicha yordamni qayta tiklaydi.

Tomonlar Ukrainadagi nodir mineral resurslarni o‘zlashtirish bo‘yicha keng qamrovli bitimni imkon qadar tezroq tuzishga kelishib oldi.

Ikkala delegatsiya barqaror tinchlikka erishish maqsadida muzokaralarni zudlik bilan boshlashga kelishdi.

Ukraina, AQShning zudlik bilan vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish tartibini 30 kun muddatga joriy etish taklifini qabul qilishga tayyor ekanini bildirdi. Ushbu muddat ikki tomonning roziligi bilan uzaytirilishi mumkin. AQSh Rossiyaga tinchlikka erishishda uning tomonidan o‘zaro harakatlar hal qiluvchi omil ekanini yetkazib qo‘yishni rejalashtirmoqda.

«Ukrainada tinchlik masalasi bo‘yicha to‘p endi Rossiya tomonida. Yaqin vaqt ichida biz ular bilan bu haqda gaplashamiz», — dedi AQSh davlat kotibi Rubio. Bu orada Tramp Zelenskiyni yana Oq uyga taklif qilishini bildirdi.

Endi AQSh tomoni bugun Jiddada Rossiya vakillari bilan muzokara o‘tkazishadi.

Qayd etib o‘tish kerakki, Yevropa Ittifoqi va Xitoy Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda o‘rtaga tashlangan Ukrainada tinchlik o‘rnatish taklifini qo‘llab-quvvatlagan.

Ukraina sulh uchun uch shart qo‘ydi

Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak tinchlik uchun Yevropa va AQShdan uch muhim shart talab qildi. Uning ta’kidlashicha, bu shartlar bajarilsagina Ukrainada uzoq muddatli tinchlikka erishish mumkin.

Birinchi navbatda, Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari berilishi lozim. Bu kelishuvga ishonchni ta’minlaydi. Ikkinchidan, Yevropa Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirishi va kengaytirishi kerak. Uchinchidan, Yevropa Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini nazoratga olib, Ukrainani moliyaviy qo‘llab-quvvatlashi zarur.

Yermakning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqi Moskva agressiyasini jiddiy qabul qilishi kerak va Bryusselda o‘tgan muzokaralar bu masalada katta natija berishi mumkin.

Ilon Mask kiberhujumda Ukrainani aybladi

Ilon Maskning aytishicha, X ijtimoiy tarmog‘iga qilingan so‘nggi kiberatakaning IP-manzillari Ukrainada ro‘yxatdan o‘tgan. U bu haqda Fox News’ga bergan intervyusida ma’lum qildi.

«Biz nima ro‘y berganini aniq bilmaymiz. Biroq X tizimini ishdan chiqarishga qaratilgan keng ko‘lamli kiberhujum uyushtirildi va hujumchilarning IP manzillari Ukraina hududiga tegishli», – degan Mask.

10 mart kuni X platformasi keng ko‘lamli DDoS-hujumga uchragan. Maskning so‘zlariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoq har kuni hujumlarga duch keladi, lekin bu gal resurslar miqyosi juda katta bo‘lgan. U buning ortida yirik guruh yoki davlat turgan bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.

Shu bilan birga, Dark Storm Team falastinparast hakerlar guruhi ushbu hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olganini e’lon qildi. Ular buni G‘azoda davom etayotgan nizoga javob sifatida amalga oshirganini ma’lum qildi.

Trampdan Kanadaga yana tahdid

AQSh prezidenti Donald Tramp Kanadaga nisbatan yangi tariflar joriy qilish bilan tahdid qildi. Uning ta’kidlashicha, agar Kanada 2 aprelga qadar AQShga qarshi bojxona to‘lovlarini bekor qilmasa, u Kanadada ishlab chiqarilgan avtomobillarga to‘lovlarni keskin oshiradi va Kanadada avtosanoatni to‘xtatadi.

Trampning bu bayonoti Ontario provinsiyasining AQShga eksport qilinadigan elektr energiyasiga 25 foizlik boj joriy qilish qaroriga javob sifatida bildirilgan.

«Biz Kanadani yiliga 200 mlrd dollardan ziyodroqqa subsidiyalaymiz. Nega? Bu ortiq davom etishi mumkin emas. Bunga yagona mantiqiy tushuntirish Kanada bizning 51-shtatimiz ekanligidir», degan Tramp.

Tramp, shuningdek, Kanadaning metall va sut mahsulotlariga joriy qilgan tariflarini bekor qilishni talab qildi. U, agar talablari bajarilmasa, Kanadaga eksport qilinadigan metallarga tarifni 50 foizga oshirishini va Milliy favqulodda holat e’lon qilishini bildirdi.

 

 

AQShda nolegal migrantlar uchun yangi ilova

AQSh bojxona va chegara xizmati (CBP) «CBP Home» nomli yangi mobil ilovani ishga tushirdi. Bu ilova noqonuniy migrantlarga hibsga olinmasdan, «o‘z-o‘zini deportatsiya qilish» imkonini beradi.

Milliy xavfsizlik vaziri Kristi Noemning ta’kidlashicha, migrantlar agar ushbu xizmatdan foydalansa, kelajakda qonuniy ravishda AQShga kirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. «Agar ular buni qilmasalar, biz ularni topamiz, deportatsiya qilamiz va ular hech qachon AQShga qaytib kelolmaydi», — dedi u.

«CBP Home» ilgari Jo Bayden ma’muriyati tomonidan joriy qilingan «CBP One» ilovasining o‘rniga ish boshlaydi. Bayden davridagi ilova migrantlarga Meksikadan rasmiy suhbatga yozilish imkonini bergan edi. Tramp prezidentlikka qaytganidan so‘ng u ilovani yopib, barcha rejalashtirilgan suhbatlarni bekor qildi.

 

 

Germaniyada kuchli migratsiya cheklovlari

Germaniyada yangi kansler bo‘lishga tayyorlanayotgan Fridrix Mers ham migratsiya siyosatida qat’iy choralar ko‘rishni rejalashtirmoqda.

Germaniya OAV ma’lumotlariga ko‘ra, u noqonuniy migrantlarni ommaviy qaytarish va chegara nazoratini kuchaytirishni maqsad qilgan.

Bild gazetasi manbalariga ko‘ra, Mers Polsha va Avstriya bilan kelishib, «domino effekti» strategiyasini amalga oshirmoqchi. Bu Yevropa Ittifoqi davlatlarini migrantlarni qabul qilishni cheklashga majbur qiladi. Berlin esa bu masalada boshqa davlatlar bilan kelishuvga erishmasa ham, mustaqil ravishda harakat qilishga tayyor.

Yangi siyosatga ko‘ra, boshpana berish takliflari qisqartiriladi, noqonuniy migrantlarni ushlash vakolatlari kengaytiriladi va Afg‘onistonga deportatsiya qayta tiklanadi. «Germaniya uchun muqobil» partiyasining saylovda 19 foiz ovoz olishi hukumatni migratsiya siyosatida qat’iyroq qadamlar qo‘yishga majbur qilgan.

Шуҳрат Шокиржонов
Muallif Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid