“Talablari juda og‘ir, hukumat qiyinchiliklarga duch keladi” – Germaniyadagi ish tashlashlar haqida suhbat
Germaniyada aeroport xodimlari ish tashlashi oqibatida yarim milliondan ortiq yo‘lovchilarning parvozlari bekor qilinib, ularning rejalari ham barbod bo‘ldi. Frankfurt va Myunxen osmonida havo harakati deyarli to‘xtab qolgan. Mehnat birlashmasi «Ver.di» 2,5 million ishchilar nomidan ish haqini 8 foizga oshirish talabini qo‘ygan. Federal hukumat talablarga rozi emas, lekin hafta oxirigacha masala hal qilinishi kerak.
Yangi haftani nemislar ish tashlash bilan boshladi. Ma’lum bo‘lishicha, bu galgi aksiya «Ver.di» mehnat birlashmasining hukumat bilan muvaffaqiyatsiz o‘tgan muzokaralaridan so‘ng start olgan. Germaniyaning 13 ta aeroportidagi xodimlar ogohlantirmasdan ish tashlagan va aniq natija bo‘lishi uchun shu qarorga kelganliklari aytilgan.
Mahalliy yetakchi nashrlardan DW xabariga ko‘ra, Frankfurt va Myunxen osmonida deyarli harakat butunlay to‘xtagan. Ish tashlaganlarning maqsadi – ish haqini oshirish, qo‘shimcha dam olish kunlari va yaxshiroq mehnat huquqlari talabi. O‘tgan yili ham jamoat transporti tizimi xodimlari ish tashlab, ma’lum natijalarga erishgan, xususan, ularning maoshi oshirilgan. Mehnat tashkiloti «Ver.di» federal hukumatdan bu gal ishchilarning ish haqini 8 foizga oshirish, 350 yevrodan bir martalik yordam pullarini berish hamda 3 kunlik dam olishga o‘tishni talab qilmoqda.
Bugun Germaniyada yashovchi Frankfurt universiteti magistranti Saidislomxon O‘zbekxonovga ko‘ra, hukumat uchun birgina maoshni oshirish talabi 15 mlrd yevroga tushadi. Budjetda taqchillik va energetik inqiroz, davlat xarajatlarini ko‘paytirishga Merkel qo‘yib ketgan qonuniy taqiq ortidan bu imkonsiz. Hukumatga bu qimmatga tushadi, shuning uchun rozi emas, deydi vaziyatni kuzatib kelayotgan o‘zbek talabasi.
“2024 yil Ver.di qo‘ygan talablarning hammasi amalga oshmagach, 2025 yil uchun yangi takliflarini berdi. Aslida yil oxirida maoshlar oshirildi, ishchilar esa yana norozi. Aeroportdan boshlangan ish tashlash ta’lim tashkilotlari, jamoat transporti tizimi va chiqindi, uni qayta ishlash tashkilotlari xodimlarini ham qamrab oldi. Ish tashlash 1 hafta davom etadi, hafta oxirida esa hukumat bilan Potsdamda muzokaralar o‘tkaziladi. Ayni vaqtdagi talablar juda og‘ir, bu federal va hududiy boshqaruvda o‘tirganlarga moliyaviy qiyinchiliklar tug‘diradi. 8 foiz emas-u, 3-4 foiz maosh oshirilishi mumkin” – Saidislomxon O‘zbekxonov, talaba
Ish tashlash fonida Frankfurt aeroporti 1116 ta parvozlarni bekor qilishga majbur bo‘lgan, 1 kunda 1054 ta reyslarni qabul qila olmagan. Xodimlarning noroziligi eng avvalo Gamburg aeroportiga ta’sir qilgan. Ishchilar avvaldan ogohlantirmay ish tashlaganidan ma’muriyat noroziligini aytgan. «Ver.di» matbuot kotibiga ko‘ra, aksiya yaxshiroq natija berishi uchun shunday qarorga kelingan. Shtutgart, Kyoln, Bonn, Dyusseldorf aeroportlarida ham harakat to‘xtab qolgan, deb yozadi mahalliy nashrlar.
Xo‘sh, ish tashlashlar foyda beradimi o‘zi?
“Ish tashlashlar foyda beradi, lekin barcha talablar qondirilmasligi mumkin. Oxir-oqibat mehnat birlashmasi va hukumat muzokaralardan so‘ng biror xulosaga keladi. Masalan, chiqindilarni qayta ishlash tashkilotlarining xodimlari ish tashlaganda 2-raunddayoq masala hal bo‘ldi. Ularning maoshlari 5,5 foizga ko‘tarildi. Pochta xizmatida esa ish haqi 3 foizga oshirilgan. Agar federal hukumat bu safar ham maosh oshirishga rozi bo‘lsa, bu davlat xarajatlarini ko‘paytirishni talab etadi. Angela Merkel davrida bunga qarshi norma konstitutsiyaga kiritilgan edi. Demak, avvalo bosh qonunni o‘zgartirishga to‘g‘ri keladi. Lekin Germaniya qonunchiligiga ko‘ra, konstitutsiyani o‘zgartirish uchun Bundestagning 2/3 qismi buni yoqlab, ovoz berishi kerak. Hukumat tuzish uchun koalitsiyaga harakat qilinayotgan bir vaqtda bu imkonsiz. Yangi kansler sifatida Mers ish boshlagan taqdirda ham uning partiyasi GSDP bilan hukumat tuzadi. Konstitutsiyani o‘zgartirish uchun esa yana bir partiya yordami kerak. O‘ta o‘nglar, so‘llar bunga qarshi. «GuM» va «Yashillar» partiyalari bosh qonun o‘zgarishiga qarshi ekanini e’lon qilib bo‘ldi” – Saidislomxon O‘zbekxonov, talaba
Suhbatdoshimizning ta’kidlashicha, sotsial himoya darajasi yuqori bo‘lgan Germaniyada ham bugun tizimli muammolar jamiyatni qiynamoqda. Infratuzilma bilan bog‘liq shikoyatlar ko‘paygan: maktab-bog‘chalarda xodimlar yetishmaydi, shifokor qabuliga kirish uchun bir necha oy avvaldan navbat olish kerak. Davlat tashkilotlarida esa 100 mingdan ortiq vakansiyalar bor. Ukraina urushi va energetik inqiroz fonida narx-navolar ham oshgan. Ayniqsa, energiya manbalariga talab oshgan sari narx ham yuqoriladi. Yangi kansler esa konservatorcha qarash bilan AESlarni qaytarmoqchi.
Suhbatning to‘liq formatini Kun.uz’ning YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.
Shohrux Majidzoda suhbatlashdi.
Tavsiya etamiz
Muddat qo‘yuvchi Tramp: buning oxiri bormi?
Jahon | 22:09 / 24.04.2025
Toshkentda avtomobilni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun onlayn ariza berish mumkin bo‘ldi
O‘zbekiston | 20:34 / 24.04.2025
Stomatologiya poliklinikalari xususiylashtiriladi
O‘zbekiston | 10:56 / 24.04.2025
Bojxonadagi cheklovlar: fuqaro bojni to‘lay olmasa, nima bo‘ladi?
O‘zbekiston | 22:43 / 23.04.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Bahorgi attestatsiyadan boshlab ayrim pedagoglarga 70 foizlik ustama to‘lanadi
O‘zbekiston | 15:41
-
O‘zbekistonda Boshqirdiston kompaniyalarini joylashtirish uchun qo‘shma texnopark tashkil etiladi
Iqtisodiyot | 15:10
-
Toshkentda gullar festivali munosabati bilan ayrim ko‘chalarda transport harakati cheklanadi
Jamiyat | 14:59
-
SCMP: Xitoy kompaniyalari ishlab chiqarishni AQShga ko‘chirishni boshladi
Jahon | 14:45
Mavzuga oid

11:41 / 17.04.2025
138 nafar Afg‘oniston fuqarosi bo‘lgan yana bir reys Germaniyaga yetib keldi

21:45 / 16.04.2025
Germaniyada shifokor 15 nafar bemorni o‘ldirganlikda gumonlanmoqda

15:51 / 16.04.2025
Germaniyadan Sirdaryodagi tibbiyot muassasalariga insonparvarlik yordami jo‘natildi

13:43 / 15.04.2025