O‘zbekiston | 17:53
2437
5 daqiqa o‘qiladi

Kutilmagan tuhfa, oliy mukofot, o‘zbekcha gapirgan Makron - O‘zbekiston–Fransiya munosabatlarida yangi sahifa

O‘zbekiston va Fransiya aloqalari yangi bosqichga ko‘tarildi – strategik sheriklik davri boshlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning dunyodagi kuchli iqtisodiyotlardan biriga ega Fransiyaga davlat tashrifi qator muhim voqealarga boy bo‘ldi.

Faxriy legion ordeni

O‘zbekiston rahbariga Fransiyaning eng oliy davlat mukofoti – Faxriy legion ordeni topshirildi.

Faxriy legion ordeni 1802 yilda ta’sis etilgan. Fransiyada ushbu orden alohida xizmatlarning davlat darajasida e’tirof etilishi va shon-sharafning eng yuqori belgisi hisoblanadi.

Imperator Akihito, Franklin Ruzvelt, Uinston Cherchill, Nelson Mandela, Angela Merkel, Sindzo Abe, Jastin Tryudo kabi nomdor siyosatchilar ham ushbu mukofot bilan taqdirlanishgan.

Strategik sheriklik

Parij shahrida o‘tgan muzokaralar natijasida O‘zbekiston va Fransiya strategik sheriklikka qadam qo‘ydi. Shavkat Mirziyoyev va Emmanuel Makron tomonidan qabul qilingan qo‘shma deklaratsiya o‘zaro kelgusi hamkorlikning poydevoriga aylanadi.

Tomonlar 6,5 milliard yevrolik loyihalar bo‘yicha kelishib oldi. Bu – O‘zbekistonda yangi ish o‘rinlari, sanoat taraqqiyoti, texnologiya va innovatsiyalar rivojiga qo‘shimcha turtki beradi.

Tashkil etilajak O‘zbekiston-Fransiya universiteti – o‘zbekistonlik yoshlarga jahon ta’lim standartlari asosida bilim olish va xalqaro mutaxassis bo‘lish imkoniyatini beradi. Universitetga Fransiyadan tajribali mutaxassislar jalb qilinadi.

Parijda Savitskiy muzeyi to‘plamidagi avangard asarlar ko‘rgazmasi tashkil etiladi, O‘zbekistonda Fransiya merosi institutining vakolatxonasini ochiladi.

Diplomatik pasport egalari uchun vizasiz tartib, readmissiya bitimi, madaniyat va san’at sohasidagi hamkorlik – ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlaydi.

Yirik iqtisodiy bitimlar

Fransiyaning Voltalia kompaniyasi O‘zbekistonda quyosh, shamol stansiyalari va energiya saqlash tizimlaridan iborat gibrid klaster uchun elektr energiyasi sotish bo‘yicha 25 yillik shartnoma imzolandi.

«Navoiyuran» davlat korxonasi bilan Fransiyaning Orano kompaniyasi o‘rtasida Janubiy Jonkeldi konini o‘zlashtirish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha bitim tuzildi. Loyihaning sarmoya qiymati birinchi bosqichda 214 mln dollarni tashkil etadi.

Fransiya bilan hamkorlikda Toshkentga tramvay tizimi qaytarilishi mumkin. Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar sonini oshirish masalasi ham muhokama qilindi.

Do‘stona ruhdagi muloqotlar

Yelisey saroyida O‘zbekiston prezidenti sharafiga qabul marosimi uyushtirildi. Marosimga nufuzli, Fransiya faxri bo‘lgan insonlar tashrif buyurishdi. Ularning orasida dunyoning eng boy 5-odami, milliarder Bernar Arnoni ham uchratish mumkin edi.

Qabul marosimida Emmanuel Makron o‘z chiqishini o‘zbek tilida: «Yashasin O‘zbekiston! Yashasin Fransiya! Yashasin Fransiya-O‘zbekiston do‘stligi!» deya yakunladi.

Fransiya rahbari ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ham o‘zbek tilida «Fransiyaga xush kelibsiz» deya Shavkat Mirziyoyevni olqishlab xabar qoldirdi va postini «Yashasin O‘zbekiston, yashasin Fransiya!» deya xotimaladi.

Kutilmagan tuhfa

Yelisey saroyidagi uchrashuv chog‘ida prezident Shavkat Mirziyoyev Emmanuel Makronga buyuk fransuz yozuvchisi Viktor Hyugoning o‘zbek tiliga tarjima qilingan «Kulayotgan odam» romanining ilk nusxasini sovg‘a qildi.

Ushbu kitob ommaviy nashrdan chiqishi va tez orada kitobxonlar e’tiboriga havola etilishi kutilmoqda.

Makron esa Shavkat Mirziyoyevga XIX asrda fransuz suratkashi tomonidan Jizzaxda olingan fotosuratni sovg‘a qildi.

Fransuz suratkashi Pol Nadar tomonidan 1890 yilda suratga olingan ushbu surat «Amir Temur darvozasi. Sangzor daryosi bo‘sag‘asida» deb nomlanadi.

«Bu mening Vatanim... Bu juda qimmatli sovg‘a» — dedi mamnuniyat bilan O‘zbekiston rahbari.

Bugungi global geosiyosiy va iqtisodiy muammolar avj olayotgan, barqaror rivojlanish yo‘lida xavf va tahdidlar kuchayib borayotgan davrda ikki mamlakatning samimiy, do‘stona munosabatlarini faqat olqishlash mumkin.

Mavzuga oid