Dushmani o‘zgargan Rossiya, «mashina bozorga aylangan» Oq uy – hafta dayjesti
Assalomu alaykum. Bugun 16 mart, yakshanba. Bir hafta davomida dunyomizda qiziq ishlar bo‘ldi. Ruslar quvur orqali ukrainlarni aylanib o‘tib hujum qildi, Ukraina Kurskdan chekina boshladi, Putin sulhga roziligini aytdi, lekin yana shart qo‘ydi. Bir necha daqiqa vaqtingizni ayamasangiz, hafta davomida dunyoda nimalar bo‘lganini birgalikda eslaymiz. Iltimos, YouTube-kanalimizda yuklangan videoga like bosing, izohlarda fikringizni qoldiring.
«Quvur operatsiyasi»
Hafta boshida Rossiya Sudjadagi ukrain qo‘shinini aylanib o‘tish uchun gaz quvuridan foydalangani ma’lum bo‘ldi. Ukraina o‘tgan yil 6 avgust kuni Rossiyaning Kursk oblastiga bostirib kirib, 1200 kilometr kvadrat hududini egallab olgandi. Xususan, Sudja shahrini ham. 8 mart kuni o‘tkazilgan operatsiyada Rossiya nashrlariga ko‘ra, 800 nafargacha harbiy qatnashgan. Ular ikki kun davomida 15 km masofani bosib o‘tib, yana to‘rt kun quvur ichidan chiqishni kutgan.
Rossiya tomoni operatsiya muvaffaqiyatli o‘tgani, quvurdan chiqqan harbiylar Ukraina pozitsiyalariga ortdan zarba berganini ma’lum qildi. Kiyev esa ruslar quvur orqali aylanib o‘tayotgani sezilgani, ularning aksar qismi yo‘q qilinganini bildirgan. Har ikki tomon o‘z bayonotiga aytarli isbot keltirmadi, urush holatida ularning axborotlarini tekshirish imkonsiz.
Anig‘i shuki, Rossiya telekanallarida «quvur operatsiyasi» afsonaviy, darsliklarga kiradigan amaliyot deb talqin qilinmoqda. Bu operatsiyadan ko‘p o‘tmay frontning ushbu qismida jiddiy o‘zgarishlar sodir bo‘ldi.
Ukraina Kurskdan chekinmoqda
O‘tgan hafta davomida Kursk fronti axborot makonida asosiy voqea bo‘ldi. Rossiya deyarli qarshiliksiz Sudja shahrini qaytib oldi. Ukraina Kurskdan o‘z harbiylarini olib chiqishni boshladi. Bu voqealar fonida Rossiya prezidenti Putin Ukraina hujum qilganidan keyin ilk marta Kurskka bordi. Harbiy kiyimda yig‘ilish o‘tkazgan Putin Kurskda asir tushgan ukrainlarga terrorchilardek munosabatda bo‘linishini aytdi.
Keyinroq Tramp Putindan Kurskdagi ukrainlarga shafqat qilishni so‘ragani haqida gapirdi. Putin esa «AQSh iltimosini yerda qoldirmay», ukrainlarga tirik qolish imkoni berilishini ma’lum qilib, bu uchun Kurskdagi ukrainlarni qurolini tashlab taslim bo‘lishga chaqirdi.
Biroq Kiyev ukrain harbiylari Kurskda qurshovda qolganini rad etdi. Harbiylar Kurskdan Ukraina chegarasi orqali ortga qaytayotgani aks etgan videolar joyladi. Shu tariqa Ukraina ortiq Kursk oblastini ushlab qololmasligi aniq bo‘ldi. Hozir shahar chekkasida janglar davom etmoqda, lekin ruslar Kurskni qaytarishi vaqt masalasi xolos. Zelenskiy ukrain harbiylari Kurskda oldiga qo‘yilgan vazifasini bajargani, ruslar Donbassdagi kuchlarini Kurskka tashlashga majbur bo‘lganini aytdi.
Putin sulhga rozi, lekin o‘z shartlarida
Hafta davomida AQSh va Ukraina delegatsiyasi Arabistonda uchrashdi-da, Kiyev 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga roziligi e’lon qilindi. Putin sulhga faqat Rossiya qo‘yadigan shartlardagina roziligini aytdi. Rossiya prezidenti bu borada bayonot bergan kuni AQSh prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff bilan uchrashib, Trampga sulh bo‘yicha pozitsiyasini yetkazdi. Hozircha Putin va Uitkoff uchrashuvi tafsiloti aniq emas, 30 kunlik sulh qachondan boshlanishi ham.
Rossiyaning «bosh dushmani» o‘zgardi
Sezgan bo‘lsangiz, oxirgi vaqtlarda Rossiya va AQSh ancha qalin bo‘lib qolishdi. Donald Tramp kelganidan keyin ikki davlat munosabatlari keskin o‘zgardi. Axir Tramp Rossiyaga qarshi hech narsa demayapti.
Yaqindagina Rossiya telekanallarida harbiylardan Vashingtonga atom bombasi tashlashni talab qilishayotgan, rus propagandasi Rossiya aslida Ukraina bilan emas, AQSh bilan urushayotganini baralla aytayotgandi. Zamona zayli bilan AQSh endi Rossiyaning dushmani bo‘lmay qoldi.
Reutersʼning yozishicha, Rossiya birinchi raqamli dushmanini o‘zgartirdi – Britaniya. Reuters bilan suhbatlashgan uch nafar rossiyalik mulozim aynan Britaniya Ukrainadagi urushda xaos yuzaga keltirishga intilayotganini aytgan. Yana bir rossiyalik mulozim G‘arbdagi Rossiyaga qarshi kuchlar yetakchisi Britaniya ekani haqida gapirgan.
«Kanada hech qachon AQSh tarkibiga kirmaydi»
Donald Tramp prezidentlikka kirishganidan beri Kanadani bosib olishni orzu qilmoqda. Tramp va do‘sti Mask diplomatiyaning har qanday chegaralarini bosib o‘tib, Kanadani ochiqchasiga haqoratladi, butun boshli davlatga tahdid qilishdi. Ilon Mask Kanada bosh vaziri Jastin Tryudoni qizaloq deyishgacha bordi. Tramp va Maskning agressiv chiqishlari qaytaga Kanada jamiyati jipslashishiga olib keldi. So‘rovlarga ko‘ra, hozir liberallarga ishonch yanada ortgan.
Kuni kecha o‘z vaqtida Kanada va Britaniya markaziy banklarini boshqargan iqtisodchi Mark Karni Jastin Tryudoning o‘rnini egallab, Kanada bosh vaziri lavozimiga kirishdi. Karni birinchi chiqishidayoq Kanada hech qachon AQShning bir qismi bo‘lmasligini aytdi. Shuningdek, bosh vazir Karni Trampning tahdidlariga jiddiy qarash kerakligini aytdi.
«Biz hech qachon, hech qanday ko‘rinishda AQShning bir qismi bo‘lmaymiz. Biz butunlay boshqacha davlatmiz», dedi bosh vazir. U Amerika va Trampdan Kanadaga hurmat ko‘rsatishni talab qildi.
Tramp Tesla sotib oldi
Haftaning eng muhim voqealaridan biri Donald Tramp ittifoqchisi Ilon Maskdan Tesla mashinasi sotib olgani bo‘ldi. Yo‘q, Tramp mashinani Tesla saloniga borib sotib olmadi, «shapka» uchun 3-4 tanga to‘lab, oylab navbat kutgani ham yo‘q. Ilon Maskning o‘zi bir necha xil mashinalarini Oq uyning ichigacha olib kelib taqdimot qilib berdi. Oxir-oqibat Tramp 80 ming dollar turadigan S modeldagi qizil Teslaʼni sotib oldi.
Tramp mashinani haydolmasligi, uni Oq uy xodimlariga qoldirishini aytgan. «Mashina haydashni yaxshi ko‘raman, lekin anchadan beri bu ishni qilganim yo‘q. Menga mumkin emas, ishonasizmi?» degan Tramp.
Aslida noodatiy hech narsa emas, prezidentlar ham odam, mashina olib shahar ko‘chalarida aylangisi, yo‘l-yo‘lakay makdonalds olib, tungi shahar manzarasidan zavqlangisi keladi. Lekin AQSh prezidenti Oq uyda biror brendni maqtab, uni ramziy ma’noda sotib olsa, endi bu oddiy ish emas. Bu «ko‘rgazma» Tesla aksiyalari narxi 15 foizga qulagani fonida ro‘y berdi.
Amerikaliklar Ilon Mask turli davlatlarga nisbatan agressiv chiqishlar qilayotgani uchun Teslaʼga boykot qilib, hatto avtosalonlarini yoqishyapti. Shu sabab Mask bir kunning o‘zida 23 milliard dollarga yaqin pul yo‘qotdi.
Bu hali hammasi emas. Mask ichki ishlariga ochiqchasiga aralashgan Germaniyada Tesla savdosi 71 foizga, Fransiyada 44 foiz, elektromobillar eng katta bozori Xitoyda 49 foizga qulagan. Yetmaganiga BYD turli yangiliklar qilib, Teslaʼni ortda qoldirishda davom etmoqda.
Tramp Ilon Maskni qo‘llash uchun shunday qilganini aytdi. Lekin AQShda bu ishda manfaatlar to‘qnashuvi alomatini ko‘rib, prezidentning xatti-harakatlarini tergov qilishga chaqirishdi.
Iroqda IShID liderlaridan biri o‘ldirildi
Iroqda IShID liderlaridan biri Abdulla Maki Muslixa ar-Rufi o‘ldirildi. Iroq bosh vaziri Muhammad Shia as-Sudanining aytishicha, operatsiyani Iroq razvedkasi amalga oshirgan. Ar-Rufaini harakat xalifasining o‘rinbosari deb atashgan. U Iroq va Suriyadagi kuchlarni boshqargan. Rufaini ikki yil davomida kuzatib, nihoyat Anbar cho‘lidagi operatsiya doirasida o‘ldirishgan.
Donald Tramp o‘ziga tegishli Truth ijtimoiy tarmog‘ida IShID liderlaridan biri o‘ldirilgani, uni amerikalik harbiylar uzoq vaqt kuzatganini yozdi.
Saakashvilining jazosi uzaytirildi
Gurjistonning islohotchi prezidenti Mixail Saakashvili 2021 yildan buyon qamoqda. O‘tgan haftada unga boshqa bir ish bo‘yicha yana 9 yil qamoq jazosi berildi. Shundog‘am 6 yillik qamalgan sobiq prezidentning muddati yana uch yilga uzaydi. Tbilisi sudi Saakashvilini budjet mablag‘larini talon-toroj qilgan deb topdi. Saakashvili umumiy hisobda 3 million dollardan ko‘proq pulni o‘z ehtiyoji uchun ishlatishda ayblangan. Siyosatchi o‘ziga qo‘yilayotgan ayblarni tan olmagan.
Futbolchilar futbolkani bo‘lishadi
Green Football kompaniyasinig aniqlashicha, Britaniyadagi chiqindi poligonlariga har yili 100 tonnalab sport kiyimlari tashlanadi. Shu sabab inglizlar futbolkalarni imkon qadar uzoq vaqt ishlatish bo‘yicha loyiha boshladi. Unda qatnashganlar o‘zida bo‘lgan formalarni xayriya do‘konlariga beradi, qayta ishlashga yuboradi yoki shunchaki kimgadir hadya qiladi.
Loyihani mashhur futbolchilar Jyeymi Karrager va Roy Kin qo‘llab-quvvatlab o‘zlarida bo‘lgan imzolangan futbolkalarni xayriya do‘konlariga bergan. Britaniyadagi 100 dan ortiq futbol klublari bu loyihada qatnashishga rozi bo‘lgan. Loyihada qatnashgan klublar futbolchilar va muxlislarni ishlatilmayotgan formalarini boshqalarga ulashishga chaqirgan.
Daryolarni tiklash uchun 11 million funt
Britaniyada sud tovuq go‘ngini sanoat chiqindisi deb topdi. Bu tabiat muhofazachilari uchun yaxshi, tovuqchilik bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlar uchun yomon xabar bo‘ldi. Barchasi bir qarashda kichik muammodan boshlandi. Uay daryosi bo‘yida 23 milliondan ortiq tovuq boqiladi. Tovuq fermalardan chiqayotgan go‘ng daryo yaqinidagi yerlarga olib chiqib tashlanadi. Chiqindi esa daryoga tushadi. Oqibatda daryoda zararli moddalar ko‘payib ketgan.
O‘rtada mojaro avj olib, ish sudgacha bordi. Tovuq go‘ngi sanoat chiqindisimi yoki yo‘q – asosiy masala mana shuni aniqlash edi. Sud tovuq go‘ngini sanoat chiqindisi deb topdi. Qonunchilikka ko‘ra, sanoat chiqindisi tadbirkor tomonidan utilizatsiya qilinishi kerak. Shu tariqa ekologiya faollari go‘ng daryoga oqizilishi uchun qonuniy taqiq qo‘yilishiga erishdi.
Darvoqe, Uay daryosi uchun yana bir yaxshi yangilik. Hukumat suv ta’minoti bilan shug‘ullanadigan kompaniyalardan undirilgan 11 million funt jarimani daryo o‘zanini mustahkamlash, uni tozalashga sarflaydigan bo‘ldi.
Bizda hozircha shular. Bu sizlarga yetkazmoqchi bo‘lgan xabarlarimizning oxirgisi edi. Haftalik dayjest ko‘rsatuvi bilan keyingi yakshanbada ko‘rishguncha.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.
Tavsiya etamiz
O‘qituvchilarni ovoz yig‘ishga majburlagan maktab direktori ishdan olindi
O‘zbekiston | 11:20 / 14.03.2025
Putin AQSh va Ukrainaning 30 kunlik otashkesim taklifiga rozi bo‘ldi
Jahon | 23:00 / 13.03.2025
“Xitoy bilan oramiz buzilishini istovchi davlatlar bor” – tarmoqdagi dolzarb mavzu haqida suhbat
O‘zbekiston | 15:17 / 13.03.2025
«Credit House» ishi: Minglab odamlar uysiz va pulsiz qolyapti
O‘zbekiston | 12:30 / 13.03.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Zelenskiy tinchlik bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etadigan Ukraina delegatsiyasi tarkibini tasdiqladi
Jahon | 03:50
-
Finlandiya AQShga tuxum yetkazib berishdan bosh tortdi
Jahon | 00:25
-
Tramp Lotin Amerikasiga giyohvand moddalarga qarshi kurashda yordam ko‘rsatishni to‘xtatdi
Jahon | 00:00
-
Latviya Belarus bilan chegaradagi yagona nazorat-o‘tkazish punktini yopdi
Jahon | 23:05 / 16.03.2025
Mavzuga oid

16:13 / 09.03.2025
Pokistonda «bosh terrorchi» ushlandi, Suriya yana notinch – hafta dayjesti

17:40 / 23.02.2025
Urushning uch yilligi, Trampning tahdidlari va arra ko‘targan Ilon – hafta dayjesti

13:30 / 16.02.2025
Tramp urushni tugatishga kirishdi, yahudiylarni AQShga ko‘chirish taklif qilindi – hafta dayjesti

16:04 / 09.02.2025