Bu hafta okean ortida futbol bo‘yicha 23-jahon chempionati boshlandi. Bir asr avval asos solingan bu ajoyib musobaqa hozirgacha eng ko‘p odamlarni o‘ziga qaratadigan turnir bo‘lib kelmoqda. Dunyoda turli xil tomoshalar bor, ular orasida odamlar navbat kutib, katta pul sarflab ko‘radiganlari juda ko‘p. Lekin hech bir san’at tomoshasi, hech bir sport futbolchalik ommaviy bo‘lolmaydi.
Futbol shunchalik katta bo‘lib ketganki, sport va futbol alohida tushunchadek qaraladi. Endi futbol shunchaki sport emas, unda futbolchilar o‘z vatani, millati sha’nini himoya qiladi, gol urgach, ko‘zida yosh bilan bayrog‘ini o‘padi, ko‘pchiligingiz tanimaydigan mening davlatimda ana shunday atletlar bor, demoqchi bo‘ladi bu harakati bilan.
Jahon chempionati ana shu futbolning eng zo‘rlari qatnashadigan musobaqa. Bu yerda his-tuyg‘ular taktikadan ustun bo‘ladi. JCh shunaqa adolatli turnirki, Senegal ularni mustamlaka qilgan Fransiyani yer tishlatadi. Bu shunaqa insonga kuch beradigan musobaqaki, 42 yoshli Rojye Millalar o‘g‘li tengi raqiblarga qarshi o‘ynab gol uradi.
Bu musobaqa finalida g‘alaba golini urgan «Barselona» futbolchisi uni sal avval vafot etgan jamoasining prinsipial raqibi «Espaniol» futbolchisiga bag‘ishlaydi. Bu turnirda Zidanlar, Ronaldolar futbol taxtiga ko‘tariladi. Hujumdagilar hech nima qilolmayotganda Tyuram kabi himoyachilar qahramonga aylanadi. Bu Zidan futbol bilan mag‘rur xayrlashgan, Turkiya osiyoliklar ham futbol o‘ynay olishini isbotlagan, Badjo kabi daholar hayajondan penaltini tepaga tepib yuboradigan katta turnir. Va nihoyat, bu futbol qiroli Pelening musobaqasi!
Bu yil eng zo‘rlar musobaqasida ilk marta O‘zbekiston ham qatnashadi. Bu juda yoqimli. Qanday natija bo‘lishidan qat’i nazar, biz eng yaxshilar qatoridamiz. Shu sabab bu ajoyib lahzalardan faxrlanaylik. Biz doimgidek haftaning shu va boshqa muhim voqealarini birgalikda yodga olamiz.
JCh boshlandi
Demak haftaning eng muhim voqeasi futbol bo‘yicha jahon chempionati boshlangani bo‘ldi. Ochilish o‘yini Meksikada o‘tkazildi. Mezbon jamoa JARni ishonchli tarzda mag‘lub etdi. Guruhning ikkinchi o‘yinida Janubiy Koreya Chexiyani yengdi. Juma kuni «B» va «D» guruhidagi o‘yinlar bilan Kanada va Amerikada ham mundial start oldi.
Katta jamoalar asta-sekin musobaqaga kirishmoqda. Braziliya birinchi turdayoq jiddiy raqib Marokashga to‘qnash kelib durang o‘ynadi. Aytgancha, bu yil ham Fransiya birinchi turda Senegal bilan o‘ynaydi. 2002 yil bu jamoalar mundiallar tarixidagi eng esda qolarli o‘yinlardan birini o‘tkazgandi. Shuningdek, birinchi turda Angliya – Xorvatiya, Niderlandiya – Yaponiya, Belgiya – Misr kabi qiziqali uchrashuvlar ham bor. O‘zbekiston mundialni 18 iyun kuni Kolumbiyaga qarshi o‘yin bilan boshlaydi.










