JCh vaqtida siyosiy mavzularni kuzatishga vaqtingiz bo‘lmayotgandir. Bunaqa noqulay taqvim sabab futbol ko‘rayotganlar amallab uxlab olayotgani ham katta gap. Lekin biz barcha voqealarni futboldan ortib kuzatib boryapmiz. Turli manbalardan kuzatganlarimizni saralab, tekshirib, sizga yetkazamiz. Quyida haftaning ba’zi muhim voqealarini birgalikda eslaymiz.
AQSh–Eron kelishuvi
Haftaning eng muhim voqeasi Amerika va Eron o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishgani bo‘ldi. Bu sulh yoki Eronning kapitulyatsiyasi haqida hujjat emas, shunchaki anglashuv memorandumi. Unga ko‘ra, endi tomonlar 60 kun davomida muzokara o‘tkazadi. Tramp «Eron yadro quroli yaratmaslikka rozi bo‘ldi, boyitilgan uranni bizga beradi», degandi. Ammo forslar 14 banddan iborat ekanini aytayotgan memorandumda yadroviy kelishuv haqida hech gap yo‘q.
Eron nashrlariga ko‘ra, Amerika Eronga 27 milliard muzlatilgan aktivlarni qaytaradi, shuningdek, mamlakatni tiklash uchun yana pul beradi. Endilikda Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tuvchi kemalar uchun to‘lov joriy qilishi mumkinligi, turli sektorlar, xususan, energetika sohasiga umumiy hisobda 300 milliard dollar investitsiya kiritilishi aytilmoqda. Tramp saylovda yutganidan keyin soyada qolayotgan demokratlar bu kelishuvdan keyin respublikachini faol tanqid qilyapti.
Eronda kelishuvni «Amerika ustidan g‘alaba» deb talqin qilishmoqda. Chunki kelishuvda Eron yadro quroli g‘oyasidan voz kechadi degan gap yo‘q, boyitilgan uran ham mamlakatda qoladigan ko‘rinadi, yana tiklanish uchun pul. Xullas, Tramp xohlaganidek Eron kapitulyatsiya bo‘lmadi.
JCh davom etmoqda
Shimoliy Amerikada futbol bo‘yicha 23-jahon chempionati davom etmoqda. Hozircha birinchi tur o‘yinlari yakunlandi, ikkinchi turda ham ba’zi o‘yinlar o‘tdi. Allaqachon guruhdan chiqqan va pley-offga chiqolmaydigan jamoalar nomi aniq. Ikki mezbon AQSh va Meksika dastlabki ikki o‘yinni yengib, muddatidan avval pley-offga chiqdi. Ikki turda 4 ochko olgan Kanada ham guruhda qolib ketmasligi deyarli aniq. Turkiya esa ikki o‘yinda 65 ta zarba yo‘llagan bo‘lsa-da, birorta gol urolmay musobaqani tark etdi. Turklar birinchi turda Avstraliyaga, ikkinchi turda bir kishi kam o‘ynagan Paragvayga yengildi.
Birinchi turda Messi, Mbappe, Holand, Keyn kabi futbolchilar yorqin futbol ko‘rsatishdi. Vinisius Junior esa har ikki turda jahon darajasidagi super o‘yin ko‘rsatib, Braziliya uchun pley-offni kafolatladi.










