Jahon | 12:00 / 16.03.2025
5589
7 daqiqa o‘qiladi

Emmanuel Makron Yevropaga «yadroviy qalqon» taklif etdi

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Yevropani Rossiya tahdidlaridan himoya qilish maqsadida fransuz yadro qurollaridan foydalanish taklifini berdi.

Foto: AFP

Vashingtonning Yevropa ittifoqchilariga nisbatan munosabati sovuqlashgan bir paytda Parij o‘z yadro salohiyatini butun qit’a xavfsizligi uchun ishlatishga tayyorligini bildirmoqda. Ammo bu himoyadan qaysi mamlakatlar foydalana olishi noma’lum.

«Biz yadroviy tiyib turuvchi qurollarimiz bilan himoyalanamiz. U keng qamrovli, suveren va to‘liq fransuzcha, — dedi Makron. — Biroq men Yevropa qit’asidagi ittifoqchilarimizni yadroviy tiyib turuvchi vositalarimiz orqali himoya qilish borasida strategik muhokamalarni boshlashga qaror qildim».

Makron bu bayonotni XDI/XSI nomzodi bo‘lgan Fridrix Mersning AQShning NATO bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmasligiga tayyorlanish lozimligi haqidagi so‘zlariga javoban bildirgan. Mers Buyuk Britaniya va Fransiya bilan butun qit’ani qamrab oladigan yadroviy himoyani muhokama qilishni taklif qilgan edi. Ushbu mamlakatlar Yevropada Rossiyadan tashqari o‘z yadroviy qurollariga ega yagona davlatlardir.

Ukrainada keng ko‘lamli urush boshlanganidan so‘ng Yevropa murakkab vaziyatda qoldi, qit’adagi qurol-yarog‘ zaxiralari, harbiy-sanoat kompleksi va qurolli kuchlar Rossiya tomonidan kelayotgan tahdidlarga to‘la javob bera olmasligi ayon bo‘ldi.

Yevropa o‘z xavfsizlik tizimini qayta isloh qilishga AQShda Donald Tramp hokimiyatga kelishidan avvalroq kirishgandi. Biroq Tramp ma’muriyati va uning bayonotlari Yevropa davlatlarini tezroq harakat qilishga majbur qildi. Jumladan, AQSh ochiqchasiga Yevropani Rossiya tahdididan himoya qilishga kamroq jalb etilishi mumkinligi haqida gapira boshladi.

«Keskin strategik vaziyat AQShga birinchi navbatda Yevropaning xavfsizligiga e’tibor qaratishga yo‘l qo‘ymaydi. AQSh o‘z hududidagi bilvosita tahdidlarga duch kelmoqda. Biz o‘z chegaralarimizning xavfsizligiga e’tibor qaratishga majburmiz va aynan shunday qilyapmiz», — dedi AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset fevralning o‘rtasida.

«Yevropada yadroviy yetakchilikka da’vo»

Makronning bayonoti umumiy mazmunda bo‘lib, yadroviy tiyib turish yuridik tarzda qanday rasmiylashtirilishi va amalda qo‘llab-quvvatlanishi borasida hozircha biror aniqlik yo‘q.

Shuningdek, uning so‘zlari yadroviy himoya borasida xalqaro jamoatchilik qanchalik jiddiy yondashuvda ekanini ko‘rsatdi. Bu mavzudagi muhokamalarni boshlash va ilk munosabatlarni shakllantirish uchun umumiy bayonotning o‘zi yetarli bo‘ldi.

Litva prezidenti Gitanas Nauseda Makronning taklifini qo‘llab-quvvatlab, «Fransiya prezidenti Emmanuel Makron taklif etgan yadroviy himoya Rossiya uchun jiddiy tiyib turish vositasi bo‘lishi mumkin», — deya fikr bildirdi.

Moskvada esa Makronning tashabbusi ziddiyatli harakat sifatida baholandi.

«Fransiya aslida urushni davom ettirishga harakat qilayotgandek. Ushbu tashabbus yadroviy qurollarni xavfsizlik yuzasidan qo‘llashga tayyor ekanligini ko‘rsatmoqda. Bu shunday bir yadroviy ritorikaki, Yevropada yadroviy yetakchilikka da’vo qilishga o‘xshayapti. Bu juda va juda ziddiyatli tashabbus», — dedi Kreml vakili Dmitriy Peskov.

Fransiyaning yadroviy arsenali tarkibi

Nufuzli «Atomchi olimlar byulleteni» tahlillariga ko‘ra, 2023 yilga kelib Fransiyada 290 ta yadroviy kallak mavjud bo‘lgan.

Ularning 50 tasi aviatsiya qanotli raketalariga o‘rnatilgan bo‘lib, bu raketalarni Rafale maxsus jangovar samolyotlari olib yurishi mumkin. Fransiyada bunday samolyotlarning 40 tasi yerda joylashgan, yana 10 tasi aviatushuvchi kemalar palubasidan uchiriladigan turga mansub.

Fransiyaning yadroviy arsenali dunyoda to‘rtinchi o‘rinda turadi. Ulardan ko‘proq yadroviy qurol Rossiya, AQSh va Xitoyda mavjud. Ammo umumiy hisobda Fransiya va Buyuk Britaniyaning yadroviy kallaklari Xitoynikidan ko‘p.

Yevropada Fransiya yadroviy arsenalidan tashqari, AQShning taktik yadroviy aviabombalarini ham joylashtirgan. Ushbu bombalar Fransiyadan tashqari Italiya, Niderlandiya, Belgiya, Germaniya va Turkiya hududlarida saqlanadi.

Fransiyaning qolgan yadroviy kallaklari atom suvosti kemalariga o‘rnatilgan. Uning harbiy-dengiz kuchlari ixtiyorida 9 ta atom suvosti kemasi mavjud, shulardan 4 tasi 16 tadan yadroviy raketani olib yuradi.

Foto: Getty Images

Buyuk Britaniyaning dengizdagi yadroviy strategiyasiga o‘xshash tarzda, dunyo okeanida doimiy ravishda Fransiyaga tegishli bitta yadroviy suvosti kemasi navbatchilik qiladi.

Sovuq urush tugaganidan so‘ng Fransiya yadroviy tiyib turish kuchlarini birmuncha qisqartirdi. Fransuzlar «Sharl de Goll» aviatashuvchi kemasidan yadroviy raketalarni olib tashladi va strategik kuchlarni tezkor shay holatga keltirish muddatini bir necha kunga uzaytirdi.

Fransiyaning yadroviy doktrinasi haqida

Britaniya yadroviy doktrinasi NATO mamlakatlarini himoya qilish uchun ommaviy qirg‘in qurollarini qo‘llashni nazarda tutadi. Fransiyaning yadroviy strategiyasi esa faqat o‘z hududini himoya qilishga qaratilgan.

Fransiya doktrinasiga ko‘ra, yadroviy qurol faqat respublika o‘zini himoya qilish uchun mavjud va fransuz davlatining hayotiy muhim manfaatlariga tahdid yuzaga kelganda qo‘llanishi mumkin.

Biroq bu «hayotiy muhim manfaatlar» aniq nimalarni o‘z ichiga olishi hujjatlarda ochiq belgilanmagan.

Bunday noaniqlikka sabab — potensial hujumchilar Fransiyaning javob zarbasi ehtimolini aniq hisoblay olmasligi uchun maxsus shunday usul qo‘llangan. Bunday yondashuv Rossiyaning yadroviy doktrinasida ham uchraydi.

Shu bilan birga, Makron Fransiyaning «hayotiy muhim manfaatlari» Yevropacha o‘lchamga ham ega bo‘lishi haqida bir necha bor ishora qilgan, deb yozadi «Atomchi olimlar byulleteni». Bundan xulosa qilish mumkinki, aniq tahdid tushunchasi belgilab berilmagan fransuz doktrinasi zaruriyat tug‘ilganida kengroq doiradagi himoya maqsadlariga osongina moslashtirilishi mumkin.

Mavzuga oid

E`lonlar