Jahon | 20:10 / 16.03.2025
4390
2 daqiqa o‘qiladi

Hindistonda kamyob sherlar ikki haftada uch kishining o‘limiga sababchi bo‘ldi

Gujorat shtatida Osiyo sherlari mahalliy aholi vakillariga hujum qilish holatlari ko‘paydi. Oxirgi ikki haftada uch kishi yirtqichlar hujumi oqibatida halok bo‘ldi.

Foto: Pixabay

Hindistonning Amreli okrugida (Gujorat shtati) kamyob Osiyo sherlari ikki hafta ichida uch kishiga hujum qildi, deb xabar beradi The Indian Express.

Qayd etilishicha, birinchi fojia fevral oxirlarida sodir bo‘lgan — yetti yoshli bola suv olgani daryoga borgan va qaytib kelmagan. Bolaning qarindoshlari uni qidirishga kirishgan va tez orada uning jasadini topgan. Mahalliy qishloq xo‘jaligi departamenti xodimlari zudlik bilan hujum uyushtirilgan joy yaqinida ikkita sherni tutishga muvaffaq bo‘lgan. Yirtqichlar «tadqiqot uchun» maxsus markazga yuborilgan, ammo ko‘p o‘tmay ular aholi punktidan uzoqroq joyga qo‘yib yuborilgan.

4 mart kuni ushbu okrugda sher 35 yoshli fermerga hujum qilgan. Urg‘ochi sher o‘z «o‘lja»sini o‘rmon xo‘jaligi xodimlari kelganida ham qo‘yib yubormagan. Natijada, uni buldozer yordamida quvib yuborishga to‘g‘ri kelgan.

Shuningdek, 6 mart kuni ham sherlar uyushtirgan hujum oqibatida bir fuqaro halok bo‘lgan. Qurbonning jasadi qoldiqlarini departament xodimlari topgan. Aniqlanishicha, ushbu jasad 34 yoshli Nozim Kureshi ismli fuqaroga tegishli bo‘lgan — yirtqichlar uning tanasining pastki qismini yeb qo‘ygan. Tergov hozircha sodir bo‘lgan voqeaning to‘liq kartinasi shakllantirilmagani, ammo Kurashining yaqinidan sherlar izi topilganini bildirgan.

Ma’lumot uchun, Osiyo sheri bugungi kunda faqat Hindistonda omon qolgan. XX asrning boshidan beri uning diapazoni Gir milliy bog‘i va Hindistonning Gujorat shtati atrofidagi hududlar bilan cheklangan. Tarixiy jihatdan Osiyo sheri Yaqin Sharqdan Hindiston shimoliga qadar hududlarda keng tarqalgan.

Mavzuga oid

E`lonlar