Ishg‘ol davomida Sudja aholisi o‘z yaqinlari bilan aloqadan mahrum bo‘ldi, ko‘pchilik bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatiga kiritildi. Rossiya qo‘shinlari mudofaasi va Ukraina armiyasi hujumi davomida ko‘p odamlar halok bo‘ldi, ayrimlari esa tibbiy yordam yo‘qligi tufayli hayotdan ko‘z yumdi.

Mustaqil jurnalistlar kooperativi «Bereg» Sudjadagi ishg‘ol davrini boshidan kechirgan mahalliy aholi vakillari — Aleksey va uning qizi Yelena bilan suhbatlashdi. Ular Ukraina qo‘shinlari shaharni tark etgandan keyin Kurskka evakuatsiya qilingan.

«Ilk ukrain shturmchilari orasida bizni „Putin rejimi“dan himoya qilishini aytgan yigit ham bor edi»

Yelena, 49 yoshda: Men bu yerda do‘konda sotuvchi bo‘lib ishlardim. Oltinchi avgust kuni Goncharovka hududiga o‘q uzilgani haqida eshitdik, ammo baribir ishga chiqib, vaziyatni bilishga harakat qildim. Yo‘lda ketarkanman, qaltirab turgandim. Do‘konga yetib borganimda rahbariyat: «Yelena, hamma o‘z transportida Kursk oblast markaziga — chegaradan uzoqroqqa ketib qolgan. Hamma narsa yopiq, uyingga bor», dedi. Ortga qaytar ekanman, raketalar uylar ustida uchib o‘tayotganini ko‘rdim — bu juda qo‘rqinchli edi.

Aleksey, 77 yoshda: Dastlabki kuni ketishni xohlamadik, chunki biz himoyaga umid qildik. Televizorda bu faqat bir necha kunlik holat ekanini aytishardi. Borish-kelish tashvishlarini o‘ylab, qolishga qaror qildik — buni boshqa shaharda yashaydigan o‘g‘limga ham aytdim. Ertasiga esa otishmalar boshlandi va ukrain askarlari paydo bo‘ldi. Men soat yettida tovuqlarni oziqlantirish uchun ko‘chada edim. Bizda o‘z xo‘jaligimiz bor. Shunda ko‘p qavatli uyimizning ayvon qismida askarlar turganini ko‘rdim. Ular mendan Rossiya askarlarini ko‘rgan-ko‘rmaganimni so‘rashdi. Men yo‘q deb javob berdim. Keyin uyga, kvartiraga kirib tekshirishdi, so‘ngra boshqa uylarni ham ko‘zdan kechirishdi. Ilk paytda e’tibor bermagandim, lekin keyin ularning yelkalarida moviy doiralar tushirilgan bog‘lamalarni ko‘rib, ukrain askarlari shaharda ekanini tushunib yetdim.

Yelena: Ilk shturmchilar orasida kvartiraga kirganlaridan biri bizga «Putin rejimi»dan himoya qilishini aytdi. U: «Hammasi yaxshi bo‘ladi, xavotir olmang. Biz tinch aholiga qarshi urushmayapmiz, ayollarni zo‘rlamaymiz, bolalarni o‘ldirmaymiz, sizlarning askarlaringizdek emasmiz», deb gapira turib, yig‘ladi. Bu dahshatli holat edi.