AQShda odamlar tilini tushunadigan mashhur shimpanze vafot etdi
Kanzi laqabli shimpanze imo-ishoralar va maxsus klaviatura yordamida odamlar bilan muloqot qilar, hatto videoo‘yin o‘ynay olardi.

Foto: Ape Initiative
AQShda pakana shimpanze (bonobo) Kanzi 44 yoshida vafot etdi. Bu haqda Ape Initiative tabiatni muhofaza qilish tadqiqot markazi ma’lum qildi.
Kanzi maymunlar olamida daho sanalar edi. U insonlar tilini o‘zlashtirib, 300 dan ortiq so‘zni bilgan hamda imo-ishoralar va maxsus moslamalar yordamida muloqot qila olgan. Bundan tashqari, u Pacman va Minecraft o‘yinlarini ham o‘ynay olardi.
“Kanzi ko‘pchilik uchun juda muhim edi. Tadqiqotchi jamoamiz uning vafotidan chuqur qayg‘uga botdi. Kanzi shimpanzelar oilasining sevimli a’zosi va hamma uchun do‘st edi”, — deya ta’kidlanadi markaz xabarida.
Shimpanze 18 mart kuni vafot etdi.
Xodimlarning so‘zlariga ko‘ra, Kanzi o‘sha kuni o‘zini odatdagidek tutgan: nonushta qilgan, boshqa maymunlar bilan o‘ynagan va gruming seansiga borgan. Ko‘p o‘tmay markaz xodimlari jonivor hech narsaga e’tibor bermayotganini payqagan. Uning yuragi urmas, nafas olmasdi. Hozirda mutaxassislar o‘lim sababini aniqlash uchun murdani yorib ko‘rish natijalarini kutmoqda.
“Natijalarini olmagunimizcha o‘limning aniq sababini bilmasak-da, Kanzi yurak kasalligidan davolanganini eslatib o‘tishimiz lozim, ammo u muntazam ravishda EKG tekshiruvi va qon bosimi nazoratidan o‘tib turgan”, — deya aniqlik kiritdi tadqiqotchilar.
Kanzi 1980 yilda tug‘ilgan. U go‘dakligidanoq odamlar tilini o‘zlashtirishni boshlagan. Kanzi leksikogrammalar (so‘zlarni anglatuvchi ramzlar) va imo-ishoralar tili yordamida klaviatura orqali muloqot qila olardi. Olimlarning baholashicha, shimpanze 300 dan ortiq ramzni tushungan va ulardan muloqot vositasi sifatida foydalangan. Shuningdek, u amerikaliklarga xos imo-ishoralarni ham biroz o‘rgangan.
Mavzuga oid

17:29
Tramp Rossiya sulhga erishishni cho‘zayotgani haqida gapirdi

22:00 / 25.03.2025
AQSh Mehnat vazirligi 38 million dollarlik xorijiy yordamni to‘xtatdi

21:56 / 25.03.2025
AQSh Suriyaga sanksiyalarni yumshatish uchun shartlar qo‘ydi

20:48 / 25.03.2025