Qirg‘izistonda qoidabuzar haydovchilardan to‘xtatilgan joyda imtihon olinadi
Yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha tezkor imtihondan o‘tolmaganlar haydovchilik guvohnomasidan ajraladi. Uni takror imtihon topshirgan holda qaytarib olish mumkin.

Foto: serep.kg
Qirg‘izistonda 2025 yil 1 sentabrdan boshlab qoida buzgan haydovchilardan to‘xtatilgan joyida yo‘l harakati qoidalarini bilishi bo‘yicha tezkor test olinadi. Bu haqda mamlakat prezidenti Sadir Japarov farmoyish berdi.
Haydovchi yo‘l harakati qoidalariga oid savollarga javob bera olmasa, uning haydovchilik guvohnomasi vaqtincha olib qo‘yiladi va «Unaa» davlat muassasasiga yuboriladi. Biroq, guvohnoma bekor qilinmaydi. Haydovchi istalgan qulay vaqtda qayta imtihon topshirishi va imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan taqdirda guvohnomasini qaytarib olishi mumkin bo‘ladi.
Qirg‘iziston prezidenti matbuot kotibi Asqat Alagozov so‘zlariga ko‘ra, ko‘pchilik haydovchilar guvohnomani yo‘l harakati qoidalarini o‘rganmay, shunchaki sotib olmoqda. 2020 yilgacha haydovchilik guvohnomalari ommaviy ravishda 15-20 ming qirg‘iz so‘miga (hozirgi kurs bo‘yicha 175-233 dollarga) sotilgan va haydovchilarning atigi 20-30 foizi imtihonlarni halol topshirgan. Yangi chora bunga qarshi kurashishni maqsad qilgan.
– Yo‘l harakati qoidalarini bilmaslik tufayli yuzlab baxtsiz hodisalar ro‘y bermoqda, odamlar halok bo‘lmoqda, bolalar yetim qolmoqda, oilalar boquvchisini yo‘qotmoqda. Ko‘pchilik nogiron bo‘lib qolyapti. Biz bu fojiani to‘xtatishimiz kerak, deyiladi bayonotda.
Qayd qilinishicha, har bir imtihon uchun to‘lov olinadi: birinchi urinish 500 qirg‘iz so‘mi (6 dollar), ikkinchisi 1000 qirg‘iz so‘mi (11,5 dollar), uchinchisi uchun 2000 qirg‘iz so‘mi (23 dollar), to‘rtinchisi uchun 4000 qirg‘iz so‘mi (46,5 dollar). Imtihon jarayoni videoga yozib olinadi.
«Ushbu mexanizm haydovchilarning test sinovlariga jiddiyroq tayyorlanishi uchun yaratilgan. 1 sentabrgacha hali besh oy bor. Yo‘l harakati qoidalarini yaxshi bilmaydiganlar uchun ularni o‘rganishni hozirdan boshlashingizni maslahat beramiz. Agar 1 sentabrdan keyin haydovchilik guvohnomangiz «Unaa»ga vaqtincha yuborilsa, g‘azablanmang», deb yozdi Alagozov.
Qirg‘iziston IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, prezidentning rasmiy topshirig‘i hali kelib tushmagan, biroq idoralararo ishchi guruh tuzish allaqachon rejalashtirilgan.
Mavzuga oid

11:42 / 21.03.2025
O‘zbekiston Qirg‘izistonni kichik hisobda yengib, mundial sari yana bir qadam tashlagan o‘yindan fotojamlanma

17:49 / 17.03.2025
Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida aviaqatnovlar tiklandi

17:12 / 14.03.2025
Qirg‘iziston prezidenti Markaziy Osiyoda yagona vizani joriy etishni taklif qildi

16:40 / 13.03.2025