«Yiliga 50–100 ta uchoq ishdan chiqadi» - Rossiyada samolyotlar yetishmovchiligi oshib borayotgani ma’lum qilindi
Rossiyada fuqarolik samolyotlari tanqisligi yuzaga keldi. Hozirda mahalliy aviakompaniyalar parki taxminan 800 ta laynerdan iborat bo‘lib, bu miqdor turoperatorlarning parvoz dasturlarini tashkil etish uchun yetarli emas, deb xabar berdi Rossiya turizm industriyasi ittifoqi vitse-prezidenti Dmitriy Gorin.

Foto: RIA Novosti
Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniyalar qayerga va qanday samolyotda uchishni tanlashga majbur. Shuningdek, u vaziyat tobora yomonlashishda davom etishini oldindan aytib o‘tdi: «har yili 50–100 ta uchoq ishdan chiqadi», deb xabar berdi «Interfaks».
«Sanksiyalar hali bekor qilinmadi, ammo samolyotlardan chiqib ketish juda jiddiy — o‘tgan yili «betondek qotgan» samolyotlar soni 58 tani tashkil qildi. Keyingi yil hali bir navi o‘tadi, ammo 2027 yildan boshlab samolyotlar yetishmovchiligi sohaga qattiq zarba beradi», — dedi Gorin.
Uning fikricha, Ukrainadagi urush tufayli joriy etilgan cheklovlarning bekor qilinishiga umid bog‘lash noto‘g‘ri. Gorinning taxminiga ko‘ra, hozirgi yo‘qotish sur’atlari sharoitida Rossiya samolyot parki va reyslarini tiklash «yillarni talab etadi». Hozirning o‘zida 800 ta mavjud samolyotning faqat yarmi xalqaro reyslarni amalga oshirishga qodir. Uning qo‘shimcha qilishicha, yagona umid — Rossiya bozoridagi ulushi 40 foizni tashkil etadigan chet el aviakompaniyalari soni oshishidir.
«Rozoviy slon» kompaniyalar tarmog‘i bosh direktori Aleksan Mkrtchyan ham Gorinning fikriga qo‘shilib, hozirgi sharoitda turoperatorlar birinchi navbatda Osiyo, Afrika va Yaqin Sharq davlatlaridan keladigan aviakompaniyalar Rossiyaga reyslar soni va geografiyasini kengaytirishlariga umid qilishlarini tan oldi.
Avvalroq «Aeroprogress» ilmiy markazi mahalliy aviakompaniyalarda samolyotlar yetishmovchiligi ortib borayotgani tufayli 2025 yilda aviaparvozlar kamayishi haqida ogohlantirgan edi. Prognozga ko‘ra, ichki reyslarda yo‘lovchilar oqimi 79,5 mln kishi (yillik -6,1 foiz)ga tushadi, xalqaro reyslarda esa 25,2 mln kishi (yillik -6,7 foiz)ga kamayadi. Rosaviatsiya ham aviaharakatning pasayishini kutmoqda.
Rossiya aviakompaniyalari samolyot parklarini chet elda ishlab chiqarilgan havo kemalari bilan to‘ldira olmaydi — chunki Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Ukrainada urush boshlash haqidagi qarori ortidan G‘arb davlatlari mamlakatga tayyor samolyotlar va ehtiyot qismlar yetkazib berishni taqiqlashgan. Dunyodagi eng yirik aviasozlar — Boeing va Airbus — mavjud laynerlarga texnik xizmat ko‘rsatishni to‘xtatdi. Natijada Rossiya aviakompaniyalari ta’mirlash ishlarini mustaqil amalga oshirishga va «kannibalizatsiya» usulidan foydalanishga — ya’ni bir samolyotni ehtiyot qismlarga bo‘lib, boshqalarini ta’mirlashga majbur bo‘lishdi. Hozirgi paytda mahalliy aviaparkning uchdan ikki qismini chet elda ishlab chiqarilgan samolyotlar tashkil etadi, ular mamlakatdagi yo‘lovchi tashishning 90 foizini ta’minlaydi. Qolgan taxminan 150 ta samolyot — bu «Superjyet»lar (SSJ-100), biroq ular ham G‘arb texnologiyalariga qattiq bog‘langan.
19 mart kuni «Rostex» rahbari Sergey Chemezovning ma’lum qilishicha, aviakompaniyalarda qolgan 700 ta Boeing va Airbus samolyotlarining kamida 200 tasi 2030 yilgacha ekspluatatsiyadan chiqariladi. RFE/RL'ga ma’lum qilgan sohadagi insayderlarga ko‘ra, Rossiya fuqarolik aviatsiyasi amalda tanazzul nuqtasiga yaqinlashmoqda. Ism-sharifini oshkor qilmaslikni so‘ragan aviatsiya xavfsizligi bo‘yicha ekspert ta’kidlaganidek, «2025 yil — aviakompaniyalar parklaridagi ko‘pchilik samolyotlar uchun qonuniy ravishda oxirgi parvoz yili bo‘ladi».
Aviasanksiyalarga javoban hukumat muammoni hal qilish va 2030 yilgacha 1000 dan ortiq mahalliy laynerlar ishlab chiqarishni va’da qilgandi. Ammo voqelikda urush boshlanganidan beri o‘tgan uch yil ichida faqat besh dona samolyot ishlab chiqarilgan — uchta Tu-214 va ikkita Il-96-300. 2025 yil boshida hukumat samolyot ishlab chiqarish rejasini 1,5 barobarga qisqartirdi. Chemezovning ta’kidlashicha, ushbu dastur yanada qisqartirilishi mumkin.
Mavzuga oid

11:06
Seul: Shimoliy Koreya Rossiyaga yana 3000 askar yubordi

09:00
Rossiyada SSSRni ma’qullovchilar soni zamonaviy tarixda eng past darajaga tushdi

08:50
NATO bosh kotibi Putinga bosqinga qarshi «qaqshatkich javob» va’da qildi

08:35