Jahon | 20:08 / 25.03.2025
1358
2 daqiqa o‘qiladi

Hindiston Samsungʼdan 601 mln dollarlik soliq qarzini to‘lashni talab qildi

Janubiy Koreya kompaniyasi Hindistonga elektron uskunalar yetkazib berishda bojxona to‘lovlaridan bo‘yin tovlaganlikda ayblanmoqda.

Foto: Reuters

Hindiston hukumati Janubiy Koreyaning Samsung kompaniyasidan elektron uskunalar yetkazib berishda solinadigan bojxona to‘lovlaridan qochgani uchun 601 million dollar miqdoridagi soliq qarzi va jarimalarni to‘lashni talab qildi.

Bu so‘nggi yillarda Hindiston hukumati tomonidan eksportchi kompaniyalarga solingan eng yirik soliq va jarimalardir. Soliq da’vosi Samsungʼning Hindistonga maishiy elektronika, smartfonlar va boshqa tovarlarni yetkazib berishdan 2024 yilda olgan 955 million dollarlik sof foydasining katta qismini qamrab oladi.

2023 yilda Hindiston rasmiylari importni noto‘g‘ri tasniflash orqali boj to‘lovlaridan qochishga uringani sabab Samsung kompaniyasiga ogohlantirish bergandi. Gap Hindistonning Reliance Jio kompaniyasiga mobil aloqa minoralarida ishlatiladigan muhim komponentlarni yetkazib berishda 10 foizdan 20 foizgacha bo‘lgan boj to‘lovlarini to‘lashdan bo‘yin tovlash haqida ketmoqda. Biroq o‘shanda Janubiy Koreya yetkazib beruvchisi Hindiston soliq idoralarini boshlagan tekshiruvni to‘xtatishga ishontirishga muvaffaq bo‘lgan.

Joriy yilda tergov qayta tiklangan va soliq idoralarining ma’lum qilishicha, Samsung kompaniyasi «Hindiston davlatini aldash hisobiga maksimal foyda olish uchun barcha biznes axloq normalarini buzgani bo‘yicha inkor etib bo‘lmaydigan dalillar mavjud».

Mavzuga oid