Jahon | 17:09 / 26.03.2025
1275
2 daqiqa o‘qiladi

Armaniston parlamenti YeIga qo‘shilishni boshlash to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi

Qonun loyihasi parlamentga kirmagan to‘rtta partiya va bir qator fuqarolik tashabbuslarini birlashtirgan «Demokratik kuchlar platformasi» tomonidan ilgari surilgan.

Foto: Global Look Press

Armaniston parlamenti 26 mart kuni ikkinchi o‘qishda «Armaniston Respublikasining Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish jarayonini boshlash to‘g‘risida»gi qonunni ma’qulladi.

Qonun loyihasi parlamentga kirmagan to‘rtta partiya va bir qator fuqarolik tashabbuslarini birlashtirgan «Demokratik kuchlar platformasi» tomonidan ilgari surilgan. Ular mazkur tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan 50 mingdan ortiq fuqaroning imzosini to‘plashga muvaffaq bo‘lgan.

2025 yil yanvarida ushbu hujjat hukumat tomonidan ma’qullangan va parlamentga ko‘rib chiqish uchun yuborilgandi. O‘shanda Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan qonun loyihasi «Armanistonning to‘g‘ridan to‘g‘ri Yevroittifoqqa a’zoligini bildirmasligi»ni ma’lum qilib, bu masala bo‘yicha qaror «faqat referendum orqali qabul qilinishi mumkin»ligini aytgandi. «Qonun qabul qilinganidan keyin biz YeI bilan ular o‘zlari va biz o‘zimiz tasavvur qilgan yo‘l xaritasini muhokama qilishimiz kerak», — degan edi Pashinyan.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil sentabr oyida Armaniston va Yevropa Ittifoqi vizasiz rejim bo‘yicha muzokaralarni boshlagan edi. YeIga qisqa muddatli safarlar uchun Armaniston fuqarolariga vizasiz rejim joriy etilishini mamlakat hukumati «muhim sohalardagi sezilarli islohot» deb atagan.

Oktyabrda esa Yevroparlamentda chiqish qilgan Nikol Pashinyan Yevropa Ittifoqini «so‘nggi yillarda Armaniston hukumatining tub islohotlarini qo‘llab-quvvatlayotgan asosiy sherik» deb atab, mamlakat «YeIga yaqinlashishga tayyorligini» bildirgan.

Mavzuga oid