Jahon | 23:50 / 26.03.2025
4766
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropa diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas O‘zbekistonga keladi

Tashrif davomida uning prezident Shavkat Mirziyoyev hamda tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan uchrashuvi rejalashtirilgan.

Foto: ERR

Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida 27 mart kuni O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Qozog‘iston ishtirokida 20-Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo vazirlar yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Unga YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili, Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Kaya Kallas raislik qiladi. Bu haqda Yevroittifoqning O‘zbekistondagi delegatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, yig‘ilishda 3−4 aprel kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tadigan «Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo» birinchi sammitiga tayyorgarlik ko‘rish masalalari muhokama qilinadi.

Bundan tashqari, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushining mintaqaga ta’siri, transport va raqamli o‘zaro bog‘liqlik, muhim minerallar, energiya va suv resurslari, savdo, xalqlar o‘rtasidagi aloqalar, ta’lim va tadqiqot bo‘yicha muhokamalar ham o‘rin olgan.

Vazirlar uchrashuvi oldidan Kaya Kallas Turkmaniston va Tojikiston tashqi ishlar vazirlari Rashid Meredov hamda Sirojiddin Muhriddin, shuningdek, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi.

Yevropa diplomatiyasi rahbari so‘ng Toshkentga keladi va O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashadi.

Keyin Kaya Kallas Olmaotaga boradi va u yerda 28 mart, juma kuni Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu bilan uchrashadi. Bundan tashqari, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazadi.

Mavzuga oid