Jahon | 14:45 / 28.03.2025
13934
7 daqiqa o‘qiladi

AQSh Ukrainaning barcha resurslari ustidan nazoratni qo‘lga kiritmoqchi

AQSh foydali qazilmalar bo‘yicha yangi kelishuvda Ukrainadan barcha tabiiy resurslar, neft, gaz, shuningdek, yo‘llar, portlar, quvurlar va zavodlar qurilishi ustidan nazoratni talab qilgan. Kiyevdagilar buni «talonchilik» deb atashdi.

Foto: Kostiantyn Liberov / Libkos / Getty Images

Bloomberg agentligi va Financial Times gazetasi 27 mart kuni Ukraina va AQSh o‘rtasidagi foydali qazilmalar bo‘yicha yangi kelishuv loyihasi tafsilotlarini e’lon qildi, Amerika rasmiylari uni 23 mart kuni Kiyevga yetkazgan. OAVning AQSh tomonidan tayyorlangan yangi loyiha haqidagi ma’lumotlari ko‘p jihatdan Oliy Rada deputati Yaroslav Jyeleznyakning ma’lumotlariga mos keladi, u 27 mart kuni 58 sahifali loyiha haqida ba’zi tafsilotlarni ma’lum qilgandi.

Resurslar bo‘yicha yangi kelishuv loyihasi AQShga Ukrainadagi infratuzilma va mineral loyihalarga sarmoya kiritishni nazorat qilish uchun keng vakolatlar beradi, deb yozadi FT va Bloomberg.

FT va Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, AQSh loyihasi quyidagilarni ko‘zda tutadi

 

  • Kelishuv Ukrainaning butun hududidagi barcha tabiiy resurslarga, jumladan, neft va gazga ham taalluqli bo‘ladi.
  • AQSh tabiiy resurslardan foydalanish bilan bog‘liq infratuzilma, jumladan, avtomobil va temiryo‘llar, portlar, konlar, qayta ishlash zavodlariga investitsiyalarni nazorat qilish vakolatiga ega bo‘ladi.
  • AQSh ikki mamlakat o‘rtasida daromadlarni taqsimlaydigan maxsus investitsiya fondiga o‘tkaziladigan foydani birinchi bo‘lib talab qilish huquqiga ega bo‘ladi.
  • AQSh 2022 yil fevralida Rossiya qo‘shinlarining keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan keyin Ukrainaga berilgan «moddiy va moliyaviy imtiyozlar»ni fondga qo‘shgan hissasi sifatida ko‘radi.
  • Ukraina tabiiy resurslar va infratuzilma sohasidagi barcha yangi loyihalardan tushgan daromadlarning 50 foizini jamg‘armaga o‘tkazishi kerak bo‘ladi. Amerika investitsiyalari o‘zini oqlamaguncha, AQSh barcha foydani va yiliga 4 foizlik ulush olish huquqiga ega bo‘ladi. Tegishli loyihalardan olingan barcha mablag‘lar darhol valutaga konvertatsiya qilinishi va chet elga o‘tkazilishi kerak, kechikishlar yoki kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda kompensatsiya uchun Ukraina javobgar bo‘ladi.
  • Investitsiya jamg‘armasi AQSh Xalqaro moliya korporatsiyasi (DFC) tomonidan nazorat qilinadi. Nazorat kuzatuv kengashi orqali amalga oshiriladi, uning besh a’zosidan uch nafarini DFC, qolgan ikki nafarini Ukraina tayinlashi mumkin. DFC qarorlarni bloklash huquqini oladi. Ukraina fond boshqaruviga aralasha olmaydi.
  • AQSh infratuzilma loyihalariga ustuvor huquqlarga ega bo‘ladi. Ukraina fond ko‘rib chiqishi uchun barcha loyihalarni «imkon qadar tezroq» taqdim etishi kerak, DFC esa barcha moliyalashtiriladigan dasturlarni kuzatib boradi. Ukraina boshqa tomonlar rad etgan loyihalarni kamida bir yil davomida «ancha yaxshi shartlarda» taklif qila olmaydi.
  • AQSh hukumati fond loyihani moliyalashtirish yoki moliyalashtirmasligidan qat’i nazar, Ukrainaning metallari, foydali qazilmalari, nefti va gazini boshqa tomonlardan oldinroq tijorat shartlarida sotib olish huquqiga ega bo‘ladi. AQShda resurslar boshqa mamlakatlarga sotilishiga veto qo‘yish bo‘ladi.
  • Vaqt bo‘yicha chegara ko‘rsatilmagan kelishuv Kiyevga eng muhim foydali qazilmalarni AQShning «strategik raqobatchilari» bo‘lgan mamlakatlarga sotishni taqiqlaydi.

Financial Times AQSh loyihada Kiyevga hech qanday xavfsizlik kafolatlari taklif etmaganiga e’tibor qaratgan.

Bloomberg AQSh va Ukraina o‘rtasidagi muhokamalar davom etayotgani va yakuniy loyiha o‘zgarishi mumkinligini qayd etgan. Ukraina shu hafta, ya’ni 30 martgacha tuzatishlarni taqdim etishi mumkin, degan agentlik manbasi.

AQSh kelishuv yaqin kunlarda imzolanishini kutmoqda. Kiyevda bunga shubha qilishmoqda

AQSh moliya vaziri Skott Bessent 26 mart kuni Ukraina kelishuvni keyingi haftadayoq, ya’ni 31 martdan 6 aprelgacha bo‘lgan davrda imzolashi mumkinligini aytgan. Financial Times bilan anonimlik shartida suhbatlashgan ukrainalik uch nafar rasmiy bu belgilangan vaqtda sodir bo‘lishi dargumonligini aytdi. Ulardan biri AQShning taklifini «adolatsiz», boshqasi esa – «talonchilik» deb atagan. Uchinchi manba Ukraina hujjatni o‘rganish uchun yuriskonsultlar guruhini jalb qilganini qayd etgan.

Ukrainaning yuqori martabali mulozimlari AQShning taklifi Ukraina suverenitetiga putur yetkazishi va mamlakatning Vashingtonga qaramligini kuchaytirishi mumkinligini ma’lum qilgan. Rasmiylar muhokama paytida AQSh kelishuvga atom elektr stansiyalari to‘g‘risidagi bandni ham qo‘shishi mumkinligidan xavotirda, ammo hozir loyihada bu haqda aytilmagan.

AQSh tomonidan tayyorlangan kelishuvning to‘liq matni «batafsil o‘rganish»ni talab qiladi va muzokaralar davomida shartlar «doimiy ravishda o‘zgarib turadi», dedi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 27 mart kuni Parijda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida. U «varianti ko‘p marta o‘zgargan kelishuv haqida gapirishga hali ertaligi»ni ta’kidlagan.

«Ammo men AQShda Ukraina umuman bunga qarshi ekanligi haqida hissiyot bo‘lishini istamasdim. Biz har doim o‘zimizning ijobiy signallarimizni, biz AQSh bilan hamkorlik tarafdori ekanimizni ko‘rsatganmiz, biz AQShni Ukrainaga yordam yoki razvedka ma’lumotlari almashishni to‘xtatishga undaydigan biror signal bermoqchi emasmiz», – degan Zelenskiy. Ukraina prezidenti hozircha AQShga bormoqchi emasligi, «kun tartibida bunday masala yo‘qligi»ni qo‘shimcha qildi.

AQSh Moliya vazirligi Bloomberg’ga ma’lum qilishicha, Qo‘shma Shtatlar hamon tezroq kelishuv tuzilishi va Ukraina hamda Rossiya uchun mustahkam tinchlikni ta’minlash tarafdori. AQSh Milliy xavfsizlik kengashi izoh bo‘yicha so‘rovga javob bermagan.

Ukraina va AQSh 28 fevral kuni mamlakatlar prezidentlarining Vashingtondagi uchrashuvida foydali qazilmalar bo‘yicha hadli bitimni imzolamoqchi edi, biroq Donald Tramp, uning vitse-prezidenti Jyey Di Vens va Volodimir Zelenskiy o‘rtasidagi tortishuv tufayli bu amalga oshmagan, Ukraina prezidenti Oq uyni muddatidan oldin tark etgandi.

Mavzuga oid