Jahon | 13:20 / 29.03.2025
4023
9 daqiqa o‘qiladi

Mayanma va Tailanddagi kuchli zilzila, Isroilda qaytadan avj olgan namoyishlar va Trampdan o‘ch olmoqchi bo‘layotgan ittifoqchilar - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Myanmada kuchli zilzila ro‘y berdi

Myanmada 7,7 magnitudali kuchli zilzila ro‘y berdi. Zilzila o‘chog‘i Sagayn shahri yaqinida qayd etildi. Silkinishlar Tailand va Xitoyning Myanma bilan chegaradosh hududlarida ham sezildi. Kuchli zilziladan so‘ng aftershoklar ham kuzatilgan.

Tailand poytaxti Bangkokdagi osmono‘par binolar tomidagi basseynlardan suv tashqariga toshib chiqdi. Shuningdek, qurilayotgan baland bino chayqalishga dosh berolmay, qulab tushgan. Bu bino vayronalari ostida o‘nlab ishchilar qolib ketgani aytilmoqda.

Hukumat binolaridan biri ham qulab tushgan. Tailand poytaxtida favqulodda holat e’lon qilindi va binolardan evakuatsiya qilingan odamlar sarosimada ko‘chalarda zilzila tinishini kutishga majbur bo‘lishdi.

Myanma poytaxtida ba’zi ibodatxonalar vayron bo‘ldi.

1,5 mln kishi istiqomat qiladigan Mandalay shahridagi qulagan masjid ostida o‘n kishi qolib ketgan.

Xitoyning Juyli shahrida osmono‘par bino tomidan toshib chiqqan suv odamlar ustiga yopirilgan.

Zilzila oqibatlari hozircha rasman to‘liq ma’lum emas. Faqat 150 dan oshiq odam halok bo‘lgani haqida tasdiqlanmagan xabarlar berilmoqda.

Isroil Rafahni bombalamoqda

Isroil harbiy aviatsiyasi G‘azo sektori janubidagi Rafah shahriga havo hujumi uyushtirdi. WAFA agentligi xabariga ko‘ra, zarba shahar sharqidagi «Al-Mashru» halqa yo‘l aylanmasiga yetgan. Hujum natijasida bir falastinlik halok bo‘lib, yana bir necha kishi yaralangan.

Shuningdek, Xon Yunus shahri sharqida joylashgan Abesan al-Kabira qishlog‘iga Isroil armiyasi tomonidan kuchli o‘q yog‘dirilgan. G‘azo shahrining At-Tuffah tumani esa artilleriya zarbasiga uchragan.

Isroil va «HAMAS» 18 martda tugagan so‘nggi sulhning buzilishida bir-birini ayblashda davom etmoqda. Isroil ma’lumotiga ko‘ra, «HAMAS» 2023 yil 7 oktyabrda olib ketilgan 250 nafardan ortiq odamdan 59 tasini hamon garovda asirlikda ushlab turibdi.

Isroil faqat garovdagilar ozod etilishi davom etsa, vaqtinchalik sulhni uzaytirishga tayyor ekanini aytmoqda. Bu taklifni AQSh maxsus vakili Stiv Uitkoff ham qo‘llab-quvvatlamoqda.

Isroilda namoyishlar yana avj oldi

Isroilda hukumatga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari qayta boshlandi. 27 mart kuni minglab fuqarolar sud islohoti doirasida qabul qilingan ziddiyatli qonunga qarshi ko‘chalarga chiqdi. Ular sudyalarni tayinlashda hukumat vakolatlarini kengaytirishga qarshi chiqishmoqda.

Namoyishchilar shuningdek, garovga olinganlarni ozod etish maqsadida HAMAS bilan kelishuvga erishishni talab qilmoqda. Ular Isroil hukumati G‘azoda harbiy harakatlarni to‘xtatib, muzokaraga o‘tishi kerakligini ta’kidlashmoqda.

Qonunni Knessetda 67 deputat qo‘llab-quvvatlagan. Muxolifat esa ovoz berishni boykot qilgan. Bu hujjat Netanyahuga 2023 yilda bahslarga sabab bo‘lgan sud islohotlarini davom ettirish imkonini beradi.

Mazkur noroziliklar mamlakatda siyosiy inqiroz kuchayib borayotganini ko‘rsatmoqda.

Turkiyada 1900 ga yaqin namoyishchi qo‘lga olindi

Turkiyada keng ko‘lamli norozilik namoyishlari davom etmoqda. Akram Imomo‘g‘lining hibsga olinishi ortidan boshlangan noroziliklar olti kundirki to‘xtamayapti. Mamlakat Ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoyaning ma’lum qilishicha, 19–25 mart kunlari 1879 kishi politsiyaga qarshilik ko‘rsatganlik aybi bilan ushlangan.

Hozirga kelib 260 kishi hibsda qolmoqda, 662 nafarining ishi sudda ko‘rib chiqilyapti, 489 kishi ozod etilgan. Vaziyat davomida 150 politsiyachi yaralangani ham qayd etildi.

Turkiya hukumati ommaviy yig‘ilishlarni 1 aprelga qadar taqiqlagan. Ammo namoyishlar davom etmoqda. 27 mart kuni Anqaradagi Yaqin Sharq texnika universitetida politsiya talabalarni tarqatish uchun suv to‘plari va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘lladi. Muxolifat talabalar matbuotga bayonot bermoqchi bo‘lganini, ammo ularga ruxsat berilmaganini ma’lum qildi.

AQSh Putin taklifiga rad javobi berdi

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati vakillari Putinning Ukrainada BMT shafeligi ostida tashqi boshqaruv joriy etish taklifiga javob qaytardi. Milliy xavfsizlik kengashi vakili Reuters agentligiga bergan bayonotida Ukrainadagi boshqaruv tizimi faqat uning Konstitutsiyasi va xalq xohishiga asoslanishi kerakligini bildirdi.

Vashington bu pozitsiyani rasmiy deb tan oladimi-yo‘qmi — hozircha noaniq. Avvalroq Tramp Zelenskiyni diktator, deb atagan va Kreml ritorikasini takrorlagan edi.

Financial Times muxbiriga ko‘ra, Putin Tramp bilan muzokaralarda jiddiy yon berishlarga erishganini his qilmoqda. Rossiya rahbari dengizchilar bilan uchrashuvda «Ukrainada urushni faqat tinch yo‘l bilan hal qilish tarafdorimiz, ammo bu bizning hisobimizdan bo‘lmasligi kerak», deb ta’kidladi.

AQSh: «Rossiya yuqori darajada muzokaraga tayyor emas»

AQSh davlat kotibi Marko Rubioga ko‘ra, Rossiya bilan yuqori darajadagi muzokaralarni boshlashga hali erta. Unga ko‘ra, avval texnik darajada yetarli ildamlashuvga erishish kerak.

«Hozircha barcha jihatlarni aniqlab olishimiz kerak. Keyin prezidentga taqdim etamiz va keyingi qadamni belgilaymiz», — dedi u.

Rubio Saudiya Arabistonida Rossiya va Ukraina bilan o‘tkazilgan muzokaralar haqida o‘z delegatsiyasidan hisobot olishini ta’kidladi. Uning aytishicha, Amerika tomoni tinchlikka erishish uchun harakatni davom ettiradi, ammo kelishuv muddati noma’lum.

Eslatib o‘tamiz, Ar-Riyoddagi muzokaralardan so‘ng Qora dengizda xavfsizlik choralari va kuch ishlatmaslik bo‘yicha kelishuvga erishilgan edi. Rossiya esa sanksiyalar yumshatilishini talab qilmoqda.

Yevrokomissiya esa Rossiya Ukrainaga bosqinni to‘xtatib, o‘z harbiylarini olib chiqmaguncha, sanksiyalar qayta ko‘rib chiqilmasligini ma’lum qildi.

AQSh Ukraina resurslarini nazorat qilmoqchi

AQSh Ukrainadan foydali qazilmalar, neft, gaz, portlar, zavodlar va yo‘llar kabi barcha tabiiy resurslar ustidan nazoratni talab qilmoqda. Bloomberg va Financial Times manbalariga ko‘ra, 58 sahifalik kelishuv loyihasi Kiyevga 23 mart kuni taqdim etilgan.

Loyiha Amerika sarmoyalarini himoya qilish uchun Ukrainadagi mineral va infratuzilma loyihalari ustida Vashingtonga keng vakolatlar berishni nazarda tutadi. Ammo hujjat Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarini qamrab olmagan.

Loyihaga ko‘ra, AQSh Ukraina tiklanish fondini boshqaradi va barcha daromadlarga ustuvor huquqni oladi. Amerika shu paytgacha ko‘rsatgan yordam majburiy «investitsiya» sifatida hisoblanib, Kiyev avval bu xarajatlarni qoplashi kerak bo‘ladi.

Fondni AQShning xalqaro moliya korporatsiyasi boshqaradi. U besh direktorning uchtasini tayinlab, muhim qarorlarga veto qo‘ya oladi. Ukraina faqat ikki vakil taklif etadi, lekin boshqaruvda ishtirok etolmaydi.

Yangi loyihalar daromadining 50 foizi majburiy ravishda fondga o‘tkaziladi. Amerika o‘z sarmoyasini qaytarmaguncha 100 foiz foydaga ega bo‘ladi. Ukraina undan keyin ham daromadlarning faqat 50 foizini talab qila oladi.

AQSh moliya vaziri Skott Bessent kelishuv 31 mart — 6 aprel oralig‘ida imzolanishi mumkinligini aytdi. Ammo Financial Times bilan suhbatlashgan ukrainalik rasmiylar bu muddat real emasligini bildirgan. Ulardan biri hujjatni «adolatsiz», boshqasi esa «talonchilik» deb atagan.

Ukraina kelishuvni qayta ko‘rib chiqish uchun yuristlar guruhini jalb etgan.

Butun dunyo Trampdan o‘ch olmoqchi

AQSh prezidenti Donald Tramp import avtomobili va yuk mashinalariga 25 foizlik boj joriy etdi. Bu qaror butun dunyoda shov-shuvga sabab bo‘ldi.

Kanada bosh vaziri Mark Karni bu bojlarga javob tarifi joriy etilishini ma’lum qildi. «Biz AQShga katta iqtisodiy zarar, o‘zimizga esa kam xatar keltiradigan choralar ko‘ramiz», — dedi u.

Yevropa davlatlari ham shoshilinch harakatga o‘tdi. Germaniyaning ketayotgan kansleri Olaf Shols bu qarorni «hammaga zarar yetkazuvchi» deb atadi. Fransiya va Britaniya YeI orqali javob tarifi va Tesla uchun imtiyozlarni qayta ko‘rib chiqmoqchi.

Yaponiya va Janubiy Koreya ham o‘z choralarini tayyorlayapti. Ferrari allaqachon narxlarni 10 foizga oshirdi.

Tramp esa bu javob choralariga qarata: «Agar Yevropa Ittifoqi va Kanada savdo urushida birlashadigan bo‘lsa, ularga nisbatan yanada qattiq sanksiyalar bo‘ladi», – deya yangi tahdid qilmoqda.

Mavzuga oid