Jahon | 23:47 / 07.04.2025
2990
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda tornado va suv toshqinlari oqibatida 20 kishi halok bo‘ldi

O‘tgan hafta o‘rtalarida boshlangan bo‘ronlar Qo‘shma Shtatlarning markaziy qismlarida halokatli suv toshqinlarini yuzaga keltirdi.

Foto: Reuters

AQShning bir qator hududlarida kuzatilgan ekstremal ob-havo sharoiti 20 kishining o‘limiga olib keldi. To‘qqizta shtatda 90 dan ortiq tornado kuzatildi, deb xabar beradi ABC News. Kuchli yog‘ingarchilik AQSh markaziy qismida halokatli suv toshqinlarini yuzaga keltirdi.

CBS News ma’lumotlariga ko‘ra, Tennessi shtatida to‘qqiz kishi halok bo‘lgan. Kentukkida esa suv toshqinlari kamida ikki kishining o‘limiga olib kelgan. Ulardan biri — to‘qqiz yoshli bola: 4 aprel kuni maktab avtobusi bekati tomon harakatlanayotgan o‘quvchini suv oqizib ketgan.

Arkanzas politsiyasi shtatda besh yoshli bola halok bo‘lganini ma’lum qildi. Associated Press’ning yozishicha, ichida bola bo‘lgan uyga daraxt qulagan. Missurida esa 16 yoshli volontyor to‘fon domida qolgan odamlarni qutqarish vaqtida avariyaga uchrab, halok bo‘lgan. Mazkur shtatdadi Uaytuoter okrugi o‘t o‘chirish xizmati boshlig‘i Garri Mur avtomobil haydovchisiga yordam ko‘rsatish vaqtida halok bo‘lgan. Shuningdek, boshqa qurbonlar va o‘nlab yaradorlar haqida xabar berilgan.

Suv toshqinlari natijasida o‘n minglab amerikaliklar elektr energiyasisiz qolgan. Birgina Missisipida 14 mingga yaqin odam elektr ta’minotidan uzilgan. O‘tgan hafta o‘rtalarida boshlangan bo‘ronlar 7 aprelga kelib sekinlashishni boshlagan.

Mavzuga oid