Jahon | 16:53 / 08.04.2025
2389
3 daqiqa o‘qiladi

Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shar’aning akasi prezident ma’muriyati bosh kotibiga aylandi

Jurnalistlar Mohir ash-Shar’a 2014-2021 yillarda «Rossiya temiryo‘llari»ga qarashli Voronejdagi shifoxonada ishlaganini aniqladi.

Foto: AP

Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shar’aning akasi Mohir ash-Shar’a prezident ma’muriyati bosh kotibiga aylandi. Uning tayinlangani haqida aprel boshlarida bir qator arab nashrlari xabar bergandi.

Londonda joylashgan Al-Araby Al-Jadeed nashri ma’lumotlariga ko‘ra, tayinlovga qadar Mohir ash-Shar’a 2024 yil dekabrda Bashar Asad rejimi qulaganidan keyin shakllantirilgan o‘tish davri hukumati tarkibida sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi lavozimida faoliyat yuritgan.

Rossiya OAVga ko‘ra, Mohir ash-Shar’a oldin «Rossiya temiryo‘llari»ning Voronejdagi shifoxonasida ishlagan. Gazeta.ru nashrining yozishicha, ash-Shar’a 2014 yildan 2021 yilga qadar Voronejdagi Yo‘l klinik shifoxonasida ginekolog bo‘lgan. Ta’kidlanishicha, ash-Shar’a Burdenko nomidagi Voronej tibbiyot universitetini tamomlagan va 2018-2022 yillarda 1-sonli poliklinikaning ayollar konsultatsiyasi bo‘limiga rahbarlik qilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma’lumotlarni o‘rganib chiqqan «Agenstvo» nashri Mohir ash-Shar’a «Rossiya temiryo‘llari» muassasalarida ishlaganini tasdiqlagan. Chegara xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil iyulda ash-Shar’a Izmirga uchib ketgan va shundan keyin Rossiyaga qaytmagan. Shuningdek, aniqlanishicha, ash-Shar’a 2020 yilga qadar biznes bilan shug‘ullangan Tatyana Zakirova ismli Rossiya fuqarosiga uylangan. Ularning uch nafar farzandi bor, to‘ng‘ich o‘g‘li 23 yoshda va u Voronej davlat universitetiga o‘qishga kirgan.

Arab OAVga ma’lumotlariga ko‘ra, Mohir ash-Shar’a 1973 yilda Damashqda tug‘ilgan. Tibbiyot fanlari sohasida doktorlik darajasini olgan, mutaxassisligi — ginekologik jarrohlik, shuningdek, bepushtlikni davolash. Bundan tashqari, uning sog‘liqni saqlash tizimlarini boshqarish bo‘yicha ham diplomi bor. 2022-2023 yillardan ash-Shar’a Suriya shimolidagi shifoxonalarda tibbiyot maslahatchisi sifatida ishlagan.

Eslatib o‘tamiz, yanvar oxirida Suriyaning vaqtincha hukumati ma’muriyati rahbari Ahmad ash-Shar’a mamlakatning o‘tish davridagi prezidentiga aylangan edi. O‘shanda yangi hukumat mamlakat konstitutsiyasi bekor qilinishi, shuningdek, barcha xavfsizlik kuchlari va qurolli tuzilmalar tarqatib yuborilishini e’lon qilgandi.

Фозилбек Юсупов
Tayyorlagan Фозилбек Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid