Parkentdagi tog‘da adashib qolgan ikki kishi qutqarildi
Toshkent viloyatidagi Oqsoq ota tog‘ tepaligida adashib qolgan ikki kishi 11 soatlik qidiruvdan so‘ng topildi.

Foto: FVV
Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari tomonidan Parkent tumanidagi tog‘da adashib qolgan fuqarolarga amaliy yordam ko‘rsatildi, deb xabar beradi FVV matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, besh nafar fuqaro dam olish maqsadida Parkent tumani Oltinbel hududida joylashgan Oqsoq ota tog‘ tepaligiga borgan. Ortga qaytishda fuqarolarning ikki nafari yo‘ldan adashib yo‘qolib qolgan va ularni topishda amaliy yordam kerakligi bo‘yicha 112 tizimi orqali FVBga xabar kelib tushgan.
Xabarga asosan, zudlik bilan Parkent tumani FVB xodimlari qidiruv-qutqaruv ishlariga jalb qilingan. Qutqaruvchilar tomonidan 11 soat mobaynida qidiruv-qutqaruv ishlari olib borilib, yo‘ldan adashgan ikki nafar fuqaro topilgan va xavfsiz hududga olib tushilgan.
Avvalroq Toshkent viloyati FVB qutqaruvchilari Bo‘stonliq tumani hududidagi Katta Chimyon tog‘iga sayr qilish maqsadida borib, yo‘ldan adashib qolgan uch kishiga yordam ko‘rsatgani to‘g‘risida xabar berilgandi.