Jamiyat | 22:14 / 05.05.2025
15717
3 daqiqa o‘qiladi

Qo‘yliqdan reportaj: bozor tashqarisidagi noqonuniy deb topilgan do‘konlar buzilmoqda

5 may kuni Qo‘yliq dehqon bozorida savdo nuqtalari buzilayotgani haqida xabar tarqaldi. Voqea joyida bo‘lgan Kun.uz muxbirining aniqlashicha, bozor tashqarisida savdo qiluvchilarning joylari sud qarori asosida noqonuniy deb topilib, ularning joylarini buzish boshlangan. Savdogarlarga ichkaridagi rastalardan joy taklif qilinyapti. Kun.uz muxbiri bozor ma’muriyati vakili va sotuvchilarga mikrofon tutdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Ma’lum bo‘lishicha, Bektemir tumani hokimligi “Qo‘yliq dehqon bozori” AJga nisbatan bozor tashqarisida, yo‘l bo‘yida joylashgan yer uchastkasidagi o‘zboshimchalik bilan egallangan va ruxsatsiz qurilgan 3 441 kv.m dan iborat qurilmalarni buzib tashlash va yer uchastkasini bo‘shatish bo‘yicha Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritgan.

Sudning 2024 yil 24 iyuldagi hal qiluv qarori bilan, da’vo qanoatlantirilgan.

Shu qaror asosida, 2025 yil 5 may kuni 60 dan ortiq do‘konni buzish boshlangan.

Bozor ma’muriyati vakili Mahmud Husanov Kun.uz bilan suhbatda sud qarorining ijrosi ta’minlanayotgani, buzishdan oldin savdogarlar ogohlantirilgani, joyi buzilayotgan sotuvchilarga bozor ichkarisidan joy berilayotganini aytdi.

Joyi buzilishga tushgan savdogarlarning hammasi ham faoliyat yuritgan savdo nuqtasini noqonuniy deb hisoblamaydi. Chunki ular yillar davomida elektr energiyasi, ijara haqi, YaTTlar uchun belgilangan soliqni to‘lab kelishgan, ayrimlari qonuniy ishlash uchun terminal ham olgan.

Shu bilan birga, savdogarlar ularga bozor ma’muriyati tomonidan bozor ichkarisida faoliyatini davom ettirish taklif etilayotgani, buning uchun joy ajratib berilayotganini tasdiqladi. Sotuvchilarning ayrimlari ichkarida savdo yaxshi bo‘lmasligidan xavotirda.

“Faqat noqonuniy joylar buzilmoqda. Tadbirkorlar ko‘chada qolgani yo‘q. Bozor faoliyat ko‘rsatib turibdi. Asosan oldi tomondagi do‘konlar va To‘ytepaga ketish tomonda yo‘l bo‘yidagi kartoshka-piyoz, pomidor-bodring sotadigan joylar bor edi – ularning hammasi sud noqonuniy deb qaror chiqardi”, – deydi ma’muriyatdan Mahmud Husanov.

Mavzuga oid