Jahon | 00:22 / 18.06.2025
3201
2 daqiqa o‘qiladi

Ispaniya va Portugaliyada aprel oyida yuz bergan blekaut sabablari aniqlandi

Elektr energiyasi ta’minotidagi ommaviy uzilish (blekaut) kiberhujum bilan bog‘liq emas.

Foto: Reuters

Elektr tarmog‘idagi kuchlanishni nazorat qilish uchun quvvatning yetishmasligi 28 aprel kuni Ispaniya va Portugaliyada elektr ta’minotidagi ommaviy uzilishga olib kelgan zanjirli reaksiyaga sabab bo‘ldi. Bu haqda Ispaniya energetika vaziri Sara Aagesen ma’lum qildi.

17 iyun kuni e’lon qilingan tergov hisobotiga ko‘ra, ba’zi elektr stansiyalari elektr ta’minoti uzilishidan oldingi daqiqalarda tarmoqdagi kuchlanishni nazorat qilolmagan. 

Aagesen so‘zlariga ko‘ra, «tizim dinamik kuchlanishni nazorat qilish uchun yetarli imkoniyatlarga ega emas edi».

Uning ta’kidlashicha, elektrostansiyalar «kuchlanishni nazorat qilishi kerak edi va bundan tashqari, ularning ko‘pchiligi buning uchun iqtisodiy jihatdan mukofot ham oladi». Oqibatda ular g‘ayritabiiy yuqori kuchlanish sharoitida kutilgan barcha reaktiv quvvatni o‘zlashtira olmadi. Tergov kiberhujumga oid hech qanday dalil topmadi, dedi Aagesen.

Aprel oyi oxirida Ispaniya Oliy sudi elektr ta’minotining ommaviy o‘chirilishi kiberhujum oqibatimi yoki yo‘qligini aniqlash uchun tergov boshlanganini e’lon qildi. Sudya milliy kiberxavfsizlik agentligi va elektr tarmoqlari operatoriga uzilish sabablari bo‘yicha hisobot taqdim etishni buyurdi va «kiberterrorizm ko‘rib chiqilayotgan versiyalardan biri» ekanini ta’kidladi. Shu sababli, ish maxfiylashtirildi.

Elektr ta’minotidagi keng ko‘lamli uzilish Pireney yarimorolining katta qismi va Fransiyaning bir qismiga ta’sir ko‘rsatdi. Uzilish vaqtida Ispaniya atom elektr stansiyalari to‘xtab qoldi, butun temiryo‘l infratuzilmasi falaj bo‘ldi. Uzilishdan ko‘rilgan iqtisodiy zarar 2,25 milliard yevrodan 4,5 milliard yevrogacha bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid