Jahon | 07:30 / 01.07.2025
1311
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil G‘azoga zarba berishda davom etmoqda: Bir sutkada 11 falastinlik halok bo‘ldi

Nishonlar orasida maktablar, qochqinlar lagerlari va ichki ko‘chirilganlar uchun boshpana bo‘lgan hududlar bor.

Foto: Anadolu Agency

Isroilning G‘azo turli hududlariga uyushtirgan yangi hujumlarida kamida 11 falastinlik halok bo‘ldi. Isroil armiyasi shaharning janubiy va sharqiy mavzelarini, jumladan Zaytun, Shujayya va Tuffahni ham havodan, ham artilleriya yordamida nishonga olishda davom etmoqda.

Ichki ko‘chirilganlar uchun boshpana bo‘lgan maktablar yana nishonlardan biriga aylandi. Isroil armiyasi G‘azodagi kamida to‘rtta shunday obektga hujum qilib, jangarilarni ulardan foydalanganlikda aybladi.

Deyr-al-Balahdagi "Shuheda al-Aqso" kasalxonasidagi manbaning ma’lum qilishicha, Isroilning uchuvchisiz uchoqlari G‘azo g‘arbidagi Shati qochqinlar lageriga zarba berganidan so‘ng kasalxonaga besh jasad olib kelingan.

G‘azo shimolidagi Jabaliya hududida o‘qqa tutish oqibatida yana to‘rt falastinlik halok bo‘ldi, ko‘plab yaradorlar borligi xabar qilindi.

"Al-Auda" kasalxonasi gumanitar yordam kutayotgan falastinliklarga uyushtirilgan hujumda 1 kishining halok bo‘lganini va 23 kishining yaralanganini tasdiqladi.

Shuningdek, tibbiyot xodimlari isroillik kuchlar G‘azo janubidagi Xon-Yunusning Mevasi hududiga hujum qilgani, u yerda ko‘chirilganlar lager qurgani, bir kishi halok bo‘lgani va bir necha kishi yaralanganini bildirdi.

Mahalliy manbalarga ko‘ra, Isroil G‘azo blokadasini kuchaytirishda va gumanitar yordam olish imkoniyatini cheklashda davom etmoqda, ayni paytda, mahalliy manbalarga ko‘ra, falastinliklar oziq-ovqat izlab kelgan gumanitar nuqtalarga tez-tez hujum qilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid