Jahon | 13:30 / 01.07.2025
1688
3 daqiqa o‘qiladi

Ukrainada bir yilda Rossiya tomonidan yollangan 175 nafar o‘smir ushlandi

2024 yil bahoridan beri Ukraina Xavfsizlik xizmati josuslik, o‘t qo‘yish yoki portlash tayyorlaganlik uchun 700 dan ortiq odamni hibsga oldi, ulardan 175 nafari 18 yoshgacha bo‘lganlar, dedi SBU matbuot kotibi FT'ga.

Foto: Ukraina Xavfsizlik xizmati

Britaniyaning Financial Times gazetasi 30 iyun, dushanba kuni Kiyevdagi yuqori martabali amaldorlarga tayanib yozishicha, Rossiya maxsus xizmatlari ukrainalik o‘smirlarni, jumladan, yetim bolalar va ichki ko‘chirilganlarni tizimli ravishda yollamoqda. 2024 yil bahoridan beri Ukraina Xavfsizlik xizmati (SBU) josuslik, o‘t qo‘yish va rus razvedka agentlari tomonidan masofadan tashkil etilgan portlashlarni tayyorlash bilan shug‘ullangan 700 dan ortiq odamni hibsga oldi, ularning 175 nafari yoki qariyb 25 foizi 18 yoshgacha bo‘lganlar, dedi Ukraina xavfsizlik xizmati rasmiy vakili Artem Dextyarenko.

FT ma’lumotlariga ko‘ra, ukrainalik yoshlar Telegram, Discord, WhatsApp yoki Viber messenjerlari orqali yollanadi va ularga murakkabligiga qarab vazifalarni bajarish uchun 100 dollardan 1000 dollargacha taklif qilinadi. Ular orasida harbiy obektlar yoki havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlarini suratga olish, portlovchi moddalarni joylashtirish, energetika infratuzilmasi obektlariga yoki chaqiruv markazlariga o‘t qo‘yish bor. Shunday qilib, o‘tgan hafta Xarkivda 19 yoshli qiz hibsga olindi: u «Ukraina Qurolli kuchlariga» sovg‘a qilingan elektrosamokatga qo‘lbola bomba o‘rnatganlikda gumon qilinmoqda. Ukraina rasmiylarining xabar berishicha, portlash oqibatida bir harbiy halok bo‘lgan, yana biri yaralangan.

Rossiya maxsus xizmatlari tomonidan yollanganlarning aksariyati ongli ravishda harakat qilgan, biroq ba’zilari aldash yo‘li bilan jalb etilgan, dedi Dextyarenko. «Voyaga yetmaganlar o‘z xatti-harakatlarining oqibatlarini oldindan ko‘ra olmaydi, bu ularni Rossiya tomonidan yollanish qarshisida ayniqsa zaif qiladi», dedi u.

SBU ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi bir yil ichida yollovchilar o‘z vazifalarini sezilarli darajada kuchaytirdi. Ular avtomashinalar va temiryo‘l transformatorlaridan tortib, harbiy ro‘yxatga olish bo‘linmalariga o‘t qo‘yishga, 2025 yil boshida esa «ukrainaliklarni xudkush-terrorchi sifatida ishlatishga» o‘tdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid